Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:38

Qozog‘istondagi o‘nta shaharda muhtojlarga har kuni bepul non tarqatilmoqda


Joriy yil boshida Olmaota tadbirkorlari boshlab bergan «Bepul non» aksiyasi bugungi kunda Qozog‘istonning o‘nta shahrida amal qilmoqda. Har kuni aholining kam ta’minlangan qatlami bu shaharlardagi do‘konlardan ikkitadan bepul non olishi mumkin. Bepul non olayotganlardan hujjat ko‘rsatish yoki haqiqatan ham kam ta’minlangan shaxs ekanini isbotlash talab qilinmaydi.

“Bepul non” aksiyasiga qo‘shilganlar orasida O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan Chimkent shahri tadbirkorlari ham bor. Chimkentlik jurnalist Abdumalik Sarmonovning aytishicha, shahardagi ikkita do‘konning har birida kuniga yuz-ikki yuztadan non bepul tarqatilmoqda.

- Bepul non tarqatayotgan do‘konlar gippermarket emas, katta firma ham emas. Bu reklama aksiyasi ham emas. Faqatgina savob istash. Do‘konlarga alohida stol qo‘yilgan va ana shu stolga bepul tarqatiladigan non qo‘yilgan. Faqat bitta cheklov bor: bitta odam ikkitadan ko‘p non olmasligi kerak. Non qo‘yilgan stol oldida sotuvchi ham yo‘q, kim qancha non olayotganini nazorat qiladigan odam ham yo‘q. Bepul non olayotganlardan hujjat ham talab qilinmaydi. Ammo bepul nonga ehtiyoji yo‘q odamlar bu nonni olmayapti, g‘ururlari yo‘l qo‘ymayapti, bunga, -deydi Abdumalik Sarmonov.

Olmaotadagi non zavodlaridan biri ham mazkur aksiyaga qo‘shilgan bo‘lib, u har kuni belgilangan miqdorda shaharning bir qator do‘konlariga bepul non tarqatmoqda. Zavod rasmiysi Erken Jumagulov bepul non tarqatishda inson qadr-kimmatini toptovchi usullardan foydalanilmayotganini aytdi:

- Biz do‘konlarga sotilmay qolib, peshtaxtalarda bir necha kun turib qolgan nonlarni "bepul tarqatinglar", deb bermayapmiz. Bepul tarqatiladigan non har kuni yangi yopiladi. Do‘konlarga mana shu yangi yopilgan nondan bepul tarqatish uchun 15tadan beramiz. Agar zavodimizning moliyaviy imkoniyatlari kengaysa, bepul tarqatiladigan nonlar sonini ko‘paytirmoqchimiz, - dedi Erken Jumagulov.

“Bepul non” aksiyasi joriy yilda Olmaotadagi oziq-ovqat do‘konlaridan boshlangan edi. Bugungi kunga kelib bu tashabbusga Qozog‘istondagi o‘ndan ortiq shaharlar qo‘shilgan. Har bir shaharda bir nechtadan bepul non tarqatayotgan duo‘onlar mavjud.

Chimkentlik jurnalist Abdumalik Sarmonov bepul non tarqatilayotgan do‘konlar oldida navbatlar va talmonlar kuzatilmayotganini bildirdi:

-Qozog‘istonda ijtimoiy himoya yaxshi o‘ylanib, yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, oilada 4ta farzandingiz bo‘lsa, albatta, davlat sizga qo‘shimcha nafaqa to‘laydi. Ishsiz qolsangiz bir yilgacha davlat qaramog‘ida bo‘lasiz va nafaqa puli olasiz. Nafaqa pullarining miqdori uncha katta emas, lekin bir oy tirikchilik qilishga bemalol yetadi. Shuning uchun ham bepul non tarqatayotgan do‘konlar oldida navbatlar va ur-yiqitlar yo‘q, -dedi Abdumalik Sarmonov.

O‘zbekistonda ham vaqti –vaqti bilan bepul non tarqatish aksiyasi o‘tkazilib turiladi. Masalan, 2015 yilning oktyabrida “Keksalarni e’zozlash yili” munosabati bilan Samarqanddagi Osiyo-uz supermarketi pensionerlarga bepul non tarqatgan.

Bepul non olish uchun nafaqaxo‘r pensiya daftarchasini sotuvchiga ko‘rsatishi lozim bo‘lgan va bir kishiga bir kunda bittadan ortiq non tekinga berilmagan.

O‘tgan yilning bahorida Toshkent shahridagi "Makro" savdo tarmog‘i ham "Bepul non" aksiyasini o‘tkazib, ma’lum muddat pensionerlarga tekinga non tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG