Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:45

Qirg‘izistonda "Juma namozi to‘g‘risida"gi qonun muhokamaga qo‘yildi


Qirg‘izistonda hayit namozlari markaziy maydonlarda o‘qiladi.
Qirg‘izistonda hayit namozlari markaziy maydonlarda o‘qiladi.

Qirg‘iziston parlamenti deputatlari “Juma namozi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Mazkur qonun loyihasida juma kunlari namozxonlar namozga emin-erkin borib kelishlari uchun tushlik vaqtini bir soatga uzaytirish va 12.30-14.30 gacha bo‘lgan paytni tushlik tanaffusi, deb hisoblash taklif qilingan. Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga ham olib chiqiladi.

Qirg‘iziston parlamenti deputati Tazabek Ikramovning aytishicha, “Juma namozi to‘g‘risida” gi qonun loyihasi eng avvalo davlat tashkilot va idoralarida ishlovchi xizmatchilarning namoz o‘qishga bo‘lgan huquqini himoya qilishga qaratilgan.

- Ish beruvchi bilan ishchi o‘rtasida juma namoziga borish masalasida tushunmovchiliklar juda ko‘p yuz bermoqda. Masalan, juma namoziga borgan odam ishga bir soat kechikib keladi, buning ortidan namozxon ish tartibi to‘g‘risidagi qonunni buzgan bo‘lib chiqayapti. Shuning uchun bir haftada bir marta - juma kuni tushlik vaqtini bir soatga uzaytirish bo‘yicha qonun loyihasini taklif qilayapmiz. Tushlik vaqti juma kuni bir soatga uzaytirilsa, bir yilda ikki kunga to‘g‘ri kelar ekan. Savboli ish uchun mana shu ikki kundan voz kecha bo‘ladi,- dedi Tazabek Ikramov.

Qirg‘iz parlamentida ishlab chiqilgan qonun loyihasini musulmonlar diniy idorasi ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

- Bu qonun loyihasidan biz xabardormiz va uni qo‘llaymiz. Juma namoziga kelgan juda ko‘p odamlar ishga bir soat kech qolgani uchun tushuntirish xatlari yozishga, ba’zilari esa ishdan bo‘shashga majbur bo‘lmoqda. Qonunning qabul qilinishi mana shu kabi ko‘rinishlarga barham berar edi, - dedi muftiy o‘rinbosari Akimjan Ergeshov.

Ayni paytda mazkur qonun loyihasiga qarshi chiqayotganlar Qirg‘iziston dunyoviy davlat ekani va alohida bir dinga hukumat tomonidan imtiyozlar berilishi boshqa dindagilarning huquqlarini buzilishiga sabab bo‘lishini aytmoqdalar.

Qirg‘izistondagi hukumat idoralarida, jumladan, prezident ma’muriyati va parlamentda ham namozxonalar bor. Xususiy shirkatlar va suppermarketlarning har birida namoz o‘qish uchun alohida barcha sharoitlarga ega xonalar mavjud. Qonun loyihasiga qarshi chiqayotganlar fikricha, juma kuni namozxon xodimlar mana shu namozxonalarda jamoa bo‘lib ibodatni amalga oshirishi mumkin.

- Qirg‘iziston o‘zini dunyoviy davlat, deb e’lon qilgan. Bugun “Juma namozi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinsa, ertaga boshqa dindagilar ham o‘z ibodatlari uchun qonun ishlab chiqilishini talab qiladilar. Unda nima qilamiz? Axir Qirg‘izistonda musulmonlardan tashqari pravoslavlar, buddistlar, katoliklar, sektantlar ham yashaydi, -deb hisoblaydi taniqli advokat Nurdin Asanov.

Qirg‘izistonda juma namozi va davlat organlari xodimlariga namoz o‘qish uchun shart-sharoitlar yaratib berish masalasi bir necha yillardan beri parlamentda ko‘tarilib kelinadi.

Parlament muhokamalaridan keyin bir necha yillar oldin parlamentda va boshqa davlat idoralarida namozxonalar tashkil qilingan. Ayrim davlat idoralarida esa xodimlar tashkilot rahbari imomligida namoz o‘qishlari odat tusiga kirgani ham xalq orasida aytilib kelinadi.

Qirg‘iziston parlamentining bir qator deputatlari bir necha yillardan beri jumani dam olish kuni, deb e’lon qilish masalasini ko‘tarib keladi. Biroq bu tashabbus parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.

XS
SM
MD
LG