Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:24

Qodirjon Botirovning o‘g‘li Qirg‘iziston prezidentiga murojaat yo‘lladi


Bakievlar ega chiqayotgan uy.
Bakievlar ega chiqayotgan uy.

Qirg‘iziston hukumati tomonidan 2010 yilgi O‘sh voqealari uyushtiruvchisi deb hisoblanadigan Qodirjon Botirovning o‘g‘li Botirjon Botirov prezident Almazbek Atambaevga ochiq xat yo‘llab, o‘zining Konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishini iltimos qildi.

"2016 yilning 18 mayida ommaviy axborot vositalari orqali menga tegishli bo‘lgan Suzoq tumani Dmitrievka qishlog‘i Paxta ko‘chasida joylashgan 134-uy otamga tegishli, deb topilgani va sud ajrimi bilan Bakiev Sanjarga o‘tkazib berilganidan xabardor bo‘ldim. Mazkur uy bobom Botirov Odiljondan meros qolgan va 1998 yil 22 avgustdagi hadya qilish kelishuvi asosida otam tomonidan menga o‘tkazib berilgan. Ayni paytda mening qo‘limda Qirg‘iz Respublikasi Suzoq tuman davlat ro‘yxatga olish boshqarmasi tomonidan berilgan Xususiy mulkka egalik akti mavjud. Bu uy Qodirjon Botirovning davlat hisobiga musodara qilinishi shart bo‘lgan mulklari to‘g‘risidagi sud qarorida ham qayd etilmagan”, deb yozadi Botirjon Botirov. Qirg‘iziston prezidentiga yo‘llagan murojaatida.

Suzoq tumani Dmitrievka qishlog‘i Paxta ko‘chasida joylashgan Botirjon Botirov nomiga rasmiylashtirilgan uy 18 may kuni tuman sud ijrochilari tomonidan Qodirjon Botirovga tegishli mulk sifatida sobiq prezident Qurmonbek Bakievning jiyani Sanjar Bakievga o‘tkazib berilgan edi.

- Men prezidentga o‘z haqqimni himoya qilib berishi uchun murojaat qildim. Bu uyni mening nomimga 1998 yilda rasmiylashtirishgan. Men unda yosh edim, dadam uyni mening nomimga o‘tkazib qo‘ygan ekan o‘shanda. Bu uyga dadamning aloqasi yo‘q, - dedi bugungi kunda Turkiyadagi oliygohlardan birida tahsil olayotgan Botirjon Botirov Ozodlik bilan telefon orqali muloqotda.

Botirjonning otasi Qodirjon Botirov 2010 yil 7 aprel inqilobidan so‘ng Qirg‘iziston muvaqqat hukumati tarafdori bo‘lgan va muvaqqat hukumatga Bakievga qarshi kurashishda yordam bergan.

Qirg‘iziston sobiq prezidentining yaqinlari 2010 yil may oyida Suzoq tumani Teyit qishlog‘idagi Bakievlar uyi Qodirjon Botirov tarafdorlari tomonidan yondirib yuborilganini iddao qilib keladilar. Biroq Qodirjon Botirovning o‘zi Ozodlik radiosiga bergan suhbatlarida bu iddaoni inkor qilgan.

Bu voqeadan so‘ng Bakievning yaqinlari keltirilgan zararni undirish maqsadida Botirov ustidan sudga ariza bergan.

2011 yil aprelida Jalolobod shahar sudi Qodirjon Botirov ustidan berilgan 7,4 million so‘mlik da’vo arizasini ko‘rib chiqib, keltirilgan zararni undirib berish to‘g‘risida qaror chiqardi. So‘ngra mazkur hukmni viloyat sudi ham o‘z kuchida qoldirgan.

Sanjar Bakiev Qodirjon Botirovga tegishli bo‘lgan boshqa mulklarni ham olmoqchiligini aytgan.

- 2010 yil may oyida men turgan uyni, akamning va bobomning uyini Botirov boshchiligidagi separatistlar yondirib ketgan. O‘sha paytlarda xalqaro va parlament deputatlaridan iborat komissiya ham kelib, xulosa chiqargan. Yaqinlarim o‘sha paytlarda Botirov ustidan sudga murojaat qilib, keltirilgan zararni undirib berishlarini so‘ragan. Shahar sudi bizning foydamizga qaror chiqarib, uning mulkini olishni tavsiya qildi. Men rozi bo‘ldim. Hozir Davlat qaydga olish xizmati orqali uyga hujjat tayyorlanayapti. Bizga keltirilgan zarar shu bilangina qoplanmadi. Yaqin kunlarda Botirovga tegishli yer uchastkasini olish uchun ham sudga murojaat qilmoqchiman, - dedi Sanjar Bakiev.

Qodirjon Botirov o‘g‘lining uyiga ega chiqayotgan Sanjar Bakiev 2010 yili hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Qurmonbek Bakievning ukasi Jusup Bakievning o‘g‘lidir. U 2010 yil may oyida Jalolobodda tartibsizlik uyushtirgani, hukumat vakillariga qarshi qurol qo‘llaganlikda ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Biroq keyinchalik Oliy sud quyi instansiya sudining bu hukmini bekor qilgan va Sanjar Bakiev besh yilga qamalgan. Sanjar 2014 yil noyabrida jazo muddati tugaganidan so‘ng ozodlikka chiqqan.

Ayni paytda Botirjon Botirov qirg‘iz hukumati uning arzini inobatga olishiga ishonmasligini aytdi.

- Men o‘z murojaatim inobatga olinishiga ko‘p ham ishonavermayman, lekin shunga qaramay prezidentga murojaat yozdim. Prezident Konstitutsiya garanti sifatida mening huquqimni kafolatlashi kerak. Mening fikrimcha, bular yeb to‘ymayapti, o‘zlarining mulki o‘zlariga oz ko‘rinib, birovlarning mulklariga ko‘z olaytirishayapti. Agar prezident chora ko‘rmasa, men BMT yoki boshqa xalqaro tashkilotlarga murojaat qilib, bularga qarshi ish ochdiraman, - dedi Botirjon Botirov.

2010 yil iyun voqeasi bo‘yicha ayblanib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Qodirjon Botirovning mulki 2011 yilda sud hukmi bilan davlat tasarrufiga o‘tkazilgan. Hujjatlarga asosan o‘shanda Qodirjon Botirov va uning turmush o‘rtog‘i Karomat Botirovaga tegishli 28 ob’ekt hibs etilgan.

XS
SM
MD
LG