Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:42

Huquq faoli G‘anixon Mamatxonovning jazo muddati yana uzaytirildi


Qamoqdan 2014 yilda chiqarilishi kutilgan huquq faoli G‘anixon Mamatxonovning jazo muddati yana uzaytirildi. Mahbusning yaqinlariga hozircha sud hukmi taqdim etilmagani bois, jazo muddati qanchaga uzaytirilgani ma’lum emas. O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi rasmiysi esa Ozodlik radiosiga G‘anixon Mamatxonovning qamoq muddati yana uch yilga uzaytirilganini ma’lum qildi.

Huquq faoli G‘anixon Mamatxonovning o‘g‘li Jamolxon 28 iyun kuni Ozodlik radiosi muxbiri bilan suhbatda otasiga nisbatan hukm Navoiy viloyat Qiziltepa tuman sudi tomonidan 31 may kuni chiqarilganini aytdi.

- Kecha Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga kirgan edim. Ular:”Necha yil berilganini o‘zinglar borib, gaplashib bilib kelasizlar”, deb javob berishdi. Necha yil berilgani aniq emas. Navoiy sudidan menga xat keldi. O‘sha xatni o‘qib beray. “Ushbu orqali jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi qarindoshlaringiz G‘anixon Mamatxonovga nisbatan 2016 yilning 31 may kunida ajrimga asosan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganini ma’lum qiladi. Navoiy shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudьyasi”, deb yozilgan,- dedi Jamolxon Mamatxonov.

“Ozodlik”ning G‘anixon Mamatxonov taqdiri borasidagi savoliga izoh bergan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi navbatchilik qismi xodimi huquq faoliga nisbatan jazo muddati 3 yilga uzaytirilganini ma’lum qildi.

“O‘zbekiston jinoyat protsessual kodeksi talablariga muvofiq, siz Mamatxonov saqlanayotgan muassasa yoki sudga murojaat qilishingiz mumkin. O‘sha yerda sizga mahkumning jinoyat ishi tafsilotlari, nimada ayblangani va epizodlar haqida ma’lumot berishadi”, dedi O‘zbekiston IIVning JIEBB navbatchisi.

Qamoqxonada 63 yoshini qarshilagan G‘anixon Mamatxonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168- moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berish) bilan 2009 yilning 12 oktyabrida hibsga olingan va o‘sha yilning 25 noyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Oxunboboev tumani sudi hukmi bilan 5 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Navoiy viloyati Zarafshon tumanidagi 48-koloniyada saqlangan G‘anixon Mamatxonovning mazkur hukm bo‘yicha jazo muddati 2014 yil 10 mart kuni yakunlanishi lozim edi. Biroq 2014 yilning 17 martida jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi hukmi bilan G‘anixon Mamatxonovning jazo muddati 2,5 yilga uzaytirilgan va mahbus Navoiydagi Qiziltepa qamoqxonasiga ko‘chirilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda G‘anixon Mamatxonov Samarqand viloyat Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-sonli tergov izolyatorida saqlanmoqda.

Toshkentdagi “Ezgulik” inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti faoli Abdurahmon Tashanov G‘anixon Mamatxonovning jazo muddati yana uzaytirilganiga munosabat bildirar ekan, quyidagilarni aytdi:

- Keyingi paytlarda fuqarolik jamiyati faollari xalqaro munosabatlarning garovlaridan biriga aylanib qoldi. Toshkentga G‘arbdan birorta mulozim keladigan bo‘lsa, uning sharafiga biror bir mahbus ozod qilinadi va bu go‘yoki bir progressiv qadam sifatida ko‘riladi. Lekin O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati vakillariga nisbatan o‘zgacha munosabat saqlanib qolinmoqda. Masalan, G‘anixon Mamatxonov O‘zbekiston qonunlariga binoan allaqachon qamoqdan ozod qilinishi lozim edi. O‘zbekiston hukumati o‘tgan yilda keksalarni e’zozlash davlat dasturini e’lon qildi. Dasturga muvofiq qonunlarga kiritilgan o‘zgartishlar asosida oltmish yoshdan oshgan mahbuslar qamoqdan ozod qilinishi kerak edi. Lekin G‘anixon Mamatxonovga nisbatan bu qonunlar ishlamayapti, - dedi Abdurahmon Tashanov.

Farg‘onalik huquq faoli G‘anixon Mamatxonovning nomi bir necha yildan buyon mahalliy va xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari hisobotlarida O‘zbekistondagi siyosiy mahbuslar qatorida zikr etib kelinadi. G‘anixon Mamatxonovning himoyasi uchun jahon bo‘yicha 178 ta tashkilot a’zo bo‘lgan va qarorgohi Parijda joylashgan Inson huquqlari xalqaro federatsiyasi (FIDH) kurashib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG