Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:00

O‘zbekistonda birinchi marta Shavkat Mirziyoevning tarjimai holi e’lon qilindi


O‘zbekistonda prezidentlik saylovi oldidan rasman targ‘ibot ishlarining boshlanishi munosabati bilan muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning tarjimai holi birinchi marta Liberal demokratik partiya saytida nashr qilindi. Mirziyoev mazkur partiya tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan edi. Shu vaqtgacha 13 yil davomida Bosh vazir, 8 sentabrdan esa muvaqqat prezident bo‘lgan Shavkat Mirziyoevning rasmiy tarjimai holi e’lon qilinmagan edi.

Liberal demokratik partiya saytida e’lon qilingan tarjimai holda 59 yoshli Shavkat Mirziyoev hayot yo‘lining tafsilotlari hamda rafiqasining to‘liq bo‘lmagan ismi –sharifi ham ilk bor jamoatchilikka e’lon qilindi.

Partiya saytida e’lon qilingan rasmiy tarjimai holda Mirziyoev oilali, ikki qiz, bir o‘g‘lning otasi, besh nafar nabiraning bobosi ekani aytiladi. Tarjimai holda qayd etilishicha, prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevning rafiqasi Z.M. Hoshimova ayni paytda uy bekasidir, biroq u muhandis-iqtisodchi mutaxasisligiga ega.

Mirziyoevning o‘zi esa 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgani, muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega ekani bildirilgan. Rasmiy tarjimai holda aytilishcha, Mirziyoev texnika fanlari nomzodi, dotsent unvoniga ega. Shuningdek, Mirziyoevning "Mehnat shuhrati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangani aytilgan.

O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi saytida Mirziyoevning saylovoldi dasturi ham e’lon qilingan. Dasturda aytilishicha, Shavkat Mirziyoev prezidentlikka saylansa Oliy Majlisning davlat hokimiyati tizimidagi ahamiyatini oshirmoqchi.

Mirziyoevning saylov oldi dasturida Oliy Majlisning muhim masalalarni, ichki va tashqi siyosat muammolarini hal qilishdagi vakolatlarini oshirish nazarda tutiladi.

“... shuningdek, ijroiya hokimiyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish muhim vazifalardan biri deb hisoblaymiz”, deyiladi Mirziyoevning saylovoldi dasturida.

Shu bilan bir qatorda Mirziyoev o‘z dasturida 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini deyarli ikki barobarga ko‘paytirish, jumladan, iqtisodiyotda sanoat ishlab chiqarishi ulushini 40 foizga yetkazishga va’da bergan.

Tashqi siyosat sohasida esa O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmasligi, o‘z hududida xorij davlatlari harbiy bazalarini joylashtirilishiga va O‘zbekiston harbiylarining mamlakat tashqarisida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

O‘zbekistonda prezidentlik saylov 4 dekabr kuniga belgilangan. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng 8 sentabrda mamlakat muvaqqat prezidenti etib tayinlangan Shavkat Mirziyoev prezidentlikka asosiy da’vogar sifatida ko‘rilmoqda.

Mirziyoev bilan birga yana uch nomzod bellashadi. Lekin uchala nomzod ham hukumat ko‘z-qarashini ifodalovchi amaldorlar ekani aytilmoqda.

Saylovda muxolifatdan nomzodlar yo‘q. Seshanba kuni prezidentlikka nomzodlar rasman saylovoldi targ‘ibot ishlarini boshladi.

O‘zbekiston Prezidentligiga bosh nomzod Shavkat Mirziyoevning Liberal demokratik partiya saytida e’lon qilingan rasmiy tarjimai holining ayrim o‘rinlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

"Shavkat Miromonovich Mirziyoev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati - o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M. Mirziyoev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta - 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

Sh.M. Mirziyoev mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yuksak ishonchini qozonib, uning yaqin safdoshi va maslakdoshi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda...

2016 yil 8 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoev zimmasiga yuklandi".

XS
SM
MD
LG