Линклар

Шошилинч хабар
31 декабр 2025, Тошкент вақти: 21:14

Mirziyoev o‘ziga yangi tansoqchilar boshlig‘i tayinladi


O‘zbekistonning sobiq prezidenti xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Muidjon Tohiriy Davlat Bojxona qo‘mitasining raisi etib tayinlangani ortidan bo‘shab qolgan o‘ringa yangi rahbar tayinlagani ma’lum bo‘ldi.

Ayni paytda bu haqda rasman ma’lum qilinmadi. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ joriy yilning 20 dekabrida Prezident xavfsizlik xizmatiga (PXX) sobiq rahbar Tohiriyning o‘rinbosari tayinlangan.

Yangi rahbarning shaxsi va uning xizmat yo‘liga oid ma’lumotlarni Ozodlik o‘rganmoqda.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ Islom Karimov o‘limidan keyin bir muddat prezident xavfsizlik xizmatining kamida 1500 xodimi faoliyatsiz qolgan edi.

Biroq shu kunlarda kuchli qo‘riqlangan prezident korteji yana ko‘chada paydo bo‘ldi.

Prezident xavfsizlik xizmati mutlaqo yopiq tuzilma bo‘lgani uchun uning tarkibidagi ehtimoliy o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot olish deyarli imkonsiz.

Lekin O‘zbekiston prezidenti qo‘riqlash tizimida ishlagan va ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan manbaning aytishicha xizmat qisqarmoqda:

“Bu xodimlar 15 kilometr uzunlikdagi prezident trassasini qo‘riqlash bilan shug‘ullanar edi. Har safar trassaga 500 kishi tashlanar edi. Xizmatning uch smena ekanligini nazarda tutsak bu kamida 1500 kishi degani. "Gitarachilar" (cholg‘u asbobinikiga o‘xshash g‘ilofda qurol ko‘tarib yuradigan snayperlar - tahr.) bu hisobga kirmaydi. Hozir ikki 200 ga yaqin odam¸ shu jumladan men ham ishdan bo‘shadim. Xususiy qo‘riqlash shirkati yoki bojxonaga ishga kirishga urinyapman"¸ - dedi suhbatdosh.

Ayni paytda Mirziyoevni qo‘riqlayotganlar orasida marhum Karimovning qo‘riqchilari borligi telekanallardagi tasvirlarda aks etmoqda.

PXXga yaqin bo‘lgan yana bir manbaning aytishicha, Mirziyoev joriy yilning 2 sentabridan 4 dekabriga qadar Bosh vazir davridagi tansoqchilari tarafidan odatiy qo‘riqlangan:

- Mirziyoev prezidentlik lavozimiga o‘tirganidan keyin rasmiy maqomi taqozo qiladigan qo‘riqlash hizmati va boshqa tizimlar formatiga olindi. Prezidentning harakatlanishi ham shu formatga tushdi¸ dedi manba.

Mirziyoev Karimov trassasida yura boshladi

Karimov o‘lganidan keyin bir muddat ochiq turgan “prezident trassasi” deya ataladigan yo‘ldan Mirziyoev tushgan kortej harakat boshlagani kuzatildi.

Prezidentning shahar tashqarisidagi “Do‘rmon” rezidensiyasini shahar markazi bilan bog‘laydigan trassa bo‘yida istiqomat qiladigan toshkentlikning (xavfsizlik maqsadida ismini aytmaymiz - tahr.) Ozodlikka aytishicha, 19 dekabrdan boshlab Nukus va Afrosiyob ko‘chalari militsionerlar tarafidan o‘rab olingan.

- Ko‘cha uch oydirki tinchib qolgan edi¸ endi yana avvalgi holatiga keldi¸ dedi suhbatdosh.

Uning aytishicha¸ Sharof Rashidov shohko‘chasi va Beshyog‘och ko‘chasi orasidagi Afrosiyob ko‘chasining (Oqsaroy qarorgohi yaqinidagi ko‘cha - tahr.) har ikki qismi avtomobillar harakatlanishi uchun yopilgan.

Keyingi uch oy ichida ochiq turgan bu ko‘cha bir necha yil ilgari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xavfsizligini ta’minlash maqsadida yopib qo‘yilgan edi.

Toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich o‘z manbalariga tayanib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev “Karimov davridan qolgan zirxli qora Mersedeslarda Karimov trassasidan yura boshlagani haqida yozdi.

Ozodlik bilan suhbatda Volosevich prezident kortejidagi mashinalar harakati uchun trassaning moslashganini aytadi:

- Zirxli mashinalar kortejiga mos trassa deyishdi. Bu trassa bugun to‘la tarzda Karimov davridagi kabi ishlay boshladi.Karimov o‘limidan keyingi 3 oy mobaynida bu trassa oddiy mashinalar uchun ochiq qolayotgan edi. 10 kundan beri bu ko‘cha ertalab va kechqurun yopilmoqda. 15 ta qora Mersedeslar avtomatchilar kurshovida bu yo‘ldan yurmoqda¸ dedi jurnalist.

XS
SM
MD
LG