Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:52

OzodMikrofon: “Viloyat hokimi tufayli 10 mlrd. so‘mlik mulkimdan ajralib qoldim”


Farg‘onalik tadbirkor Hamidillo Topvoldiev.
Farg‘onalik tadbirkor Hamidillo Topvoldiev.

Farg‘ona viloyat, Marg‘ilon shahri, Chevarchilar ko‘chasi, 38- uyda yashovchi 54 yashar tadbirkor Hamidillo Topvoldiev narxi mustaqil baholovchilar tomonidan 10 mlrd. so‘mga baholangan mulki – viloyat markazidagi Markaziy universal magazin binosidan ajralib qolganidan OzodMikrofonga arz qildi.

Hamidilloning iddao qilishicha, uning o‘z mulkidan ajralib qolishi ortida viloyat hokimi va uning ukasi turibdi.

Hamidillo Topvoldiev - o‘zi haqdagi ma’lumotlarni yashirmay, biznesi bilan bog‘liq ko‘rgiliklarini jamoatchilikka oshkor qilishga jur’at topolgan va shu tariqa adolat qaror topishiga ishonayotgan o‘zbekistonlik sanoqli tadbirkorlardan biri.

Hamidillo Topvoldiev va u kabi tadbirkorlarda jur’atning paydo bo‘lishiga, shubhasiz, mamlakatning yangi rahbari Shavkat Mirziyoevning tadbirkorlar himoyasiga aytgan gaplariyu imzolagan hujjatlari asos bo‘ldi.

Yaqin-yaqinlargacha Farg‘ona shahridagi TsUMning egasi bo‘lgan Hamidillo Topvoldievning OzodMikrofonga aytganlari, beixtiyor, Prezident Mirziyoev Vazirlar Mahkamasining 14 yanvar kungi majlisida aytgan mana bu gaplarni yodga soldi:

“...tadbirkorlarning ko‘pchiligi haqiqiy fuqarolik pozitsiyasida turib, yetim bolalar va nochor oilalarga, mahallalar va ijtimoiy soha muassasalariga beg‘araz yordam bermoqda. Buning evaziga ular nima olyapti? Birinchisi – faqat qo‘rquv, yana tekshirishni va siquvga olishni boshlashadi, erkin mehnat qilishga, oilamni, bola-chaqamni boqishga yana imkoniyat bermaydi, degan qo‘rquv. Shu sababli ular o‘z ishida kamchiligi va qonunbuzarlik holati bo‘lmasa ham turli darajadagi amaldorlar bilan «kelishib olishga» majbur bo‘lmoqda”.

Agar farg‘onalik tadbirkor Hamidillo Topvoldievning iddaolari rost bo‘lsa, (bu iddaolarga ishonmaslikka asosimiz yo‘q) uning boshiga tushgan ish Shavkat Mirziyoev aytgan gapga yorqin dalillardan biri bo‘lishi mumkin.

Hamidillo Topvoldiev OzodMikrofonga o‘z mulki bo‘lgan va so‘nggi holati mustaqil baholovchilar tomonidan 10 000 000 000 (o‘n milliard) so‘mga baholangan TsUMidan qanday qilib quruq qolishi tafilotlarini aytib berdi.

Topvoldievning iddao qilishicha, hokim avvaliga TsUMga qarashli ikki yer uchastkasini yo‘l qurish bahonasi bilan undan olib qo‘ygan, lekin yo‘l qurilmagan, yer uchastkalari boshqa shaxslarga xatlab berilgan.

2016 yilning aprelida boshlangan janjal to‘g‘risida aytar ekan, Hamidillo Topvoldiev bunday dedi:

“Yerni olgan tadbirkorlar qurilish qilamiz, deb kelganida ularni haydab yubordim. Shundan so‘ng o‘sha ikki tadbirkor bilan viloyat hokimining ukasi keldi. Yana hammasini haydab yubordim. Keyin viloyat hokimi keldi (suhbat davomida tadbirkor gap Shuhrat G‘aniev ustida ketayotganini tasdiqlagan -tahr.) “Bularning qurilish qilishiga to‘sqinlik qilsang, seni qamataman”, dedi. Men yana qattiq turib oldim. Keyin hokim militsiya boshlig‘ini chaqirdi. “Qamaysan!”, dedi. Lekin militsiya boshlig‘i hijolat bo‘lib qamamadi...”

Masalaga formal yondoshiladigan bo‘lsa, Topvoldievning TsUMni boy berib qo‘yishiga binoni kapital ta’mirlash uchun bankdan yirik miqdorda kredit olgani va uni o‘z vaqtida qaytara olmagani sabab bo‘lgan.

Lekin tadbirkor bunday demayapti. Iddao qilishicha, u puxta o‘ylangan o‘yin qurboni bo‘lgan.

TsUM bilan bog‘liq janjalning butun tafsilotini quyida ilova qilinayotgan suhbatdan tinglashingiz mumkin.

Suhbat OzodMikrofon formatida yozib olindi va uni shu formatda berishga qaror qildik.

Lekin ikkinchi tomon – Farg‘ona viloyat hokimi yoki uning vakilining mazkur voqea yuzasidan har qanday ko‘rinishdagi izohini eshitishga va tinglovchiga yetkazishga tayyormiz.

OzodMikrofon: “Вилоят ҳокими туфайли 10 млрд. сўмлик мулкимдан ажралиб қолдим”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:23:26 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG