Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:38

Stiv Sverdlov: O‘zbekistonga kiritilishim to‘g‘risidagi bayonot men uchun yangilik bo‘ldi


 Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov Ozodlik radiosi studiyasida.
Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov Ozodlik radiosi studiyasida.

Human Rights Watch (HRW) huquqni himoya qilish xalqaro tashkiloti delegatsiyasiga 7 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistonga kirishga ruxsat berildi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bryusselda o‘tgan “O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Bryusselda o‘tgan “O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent xalqaro huquq himoyasi tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytdi.

Unga ko‘ra, Human Rights Watch (HRW) huquqni himoya qilish xalqaro tashkiloti delegatsiyasi avgust oyida O‘zbekistonga keladi. HRW delegatsiyasiga tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov rahbarlik qiladi. Komilov tashqi ishlar vazirligi bu masalada tashkilotning ijrochi direktori Kennet Rot bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini aytdi.

Abdulaziz Komilov: “Shunga o‘xshash boshqa tashkilotlar ham bizga keladilar, ular bilan hamkorlik qilamiz, bizda kun tartibidan chiqarishga yoki yashirishga harakat qiladigan narsa yo‘q”, deb bildirdi.

Stiv Sverdlov Ozodlik radiosiga bergan suhbatida Abdulaziz Komilovning bu bayonoti o‘zi va tashkilot uchun yangilik bo‘lganini aytdi.

Sverdlovning bildirishicha, tashkilot O‘zbekistonga kirishga ruxsat berilishini so‘rab Toshkentga murojaat qilgan, lekin hozircha bu murojaatga rasmiy javob olinmagan edi.

-Biz O‘zbekistonda xalqaro va mahalliy huquq himoyasi va jamoat tashkilotlari uchun maydon kengaytirilayotgani to‘g‘risidagi har qanday bildiruvlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin biz hozircha Abdulaziz Komilov so‘zlarining rasmiy tasdig‘ini kutmoqdamiz. Shu bilan bir qatorda bu kabi bayonotlarning berilishi O‘zbekistonda “muzlarni eritish” kabi muhim jarayonni boshlashga urinish bo‘layotganidan darak beradi. O‘zbekistonga BMTning inson huquqlari Oliy Komissarining tashrif qilgani, hozircha qog‘ozda bo‘lsa ham sud islohotini o‘tkazishga harakat bo‘layotgani bizni quvontirmay qo‘ymaydi, -dedi Stiv Sverdlov.

Human Rights Watch vakili o‘z tashkiloti Toshkentni “zudlikda siyosiy mahbuslarni, jumladan, qamoqda og‘ir ahvolda qolayotgan jurnalistlar Dilmurod Sayyid va Solijon Abdurahmonov ozod etishga chaqirishda davom etishi”ni ta’kidladi.

Sverdlov “Mustaqillik kuni munosabati bilan prezident Mirziyovda O‘zbekistonning inson huquqlari borasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarishi uchun yana bir imkoniyat paydo bo‘ladi va u siyosiy mahbuslarni zudlikda ozod etishiga umid qilamiz”, deb aytdi.

Ayni paytda Komilov Bryusseldagi matbuot anjumanida “huquq himoyachilarining kelishi O‘zbekiston ularning barcha talablari va shartlarini qabul qilishini anglatmaydi. Munosabatlar har tomonlama bo‘lishi lozim va qandaydir masalalar bo‘yicha manfaatlarimiz to‘g‘ri kelmay qolsa, bu har qanday hamkorlik to‘xtatilishini anglatmasligi lozim”, deb bildirgan.

17 iyul kuni Abdulaziz Komilov “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Bryusselga borgan edi.

Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Islom Karimov vafotidan so‘ng o‘tkazilgan eng yuqori darajali siyosiy so‘zlashuvlarda O‘zbekistondagi demokratiya¸ inson haqlari vaziyati muhokama qilindi, shuningdek, o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga oid kelishuvga ham erishildi.

Human Rights Watchning Toshkentdagi vakolatxonasi 1996 yilda ochilgan va shundan so‘ng O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatini kuzatib, tahlil qilib borgan edi.

2005 yil Andijon voqealaridan keyin rasmiy Toshkent bu tashkilot faoliyatiga o‘ta toqatsiz bo‘ldi va tashkilotning ikki vakili Oleg Vorontsov va Stiv Sverdlovga akreditatsiya bermadi.

2010 yilning dekabr oyida esa Adliya vazirligi vakolatxonani yopish to‘g‘risidagi ariza bilan Oliy sudga murojaat qildi.

2011 yilning 9 iyulida Oliy sud NRW tashkilotining Toshkentdagi idorasini tugatish haqida qaror qabul qildi.

XS
SM
MD
LG