Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:31

O‘shlik huquq faoli millatchilar jazolanishini talab qilmoqda


O‘shlik huquq himoyachisi Izatillo Rahmatullaev.
O‘shlik huquq himoyachisi Izatillo Rahmatullaev.

O‘shlik huquq himoyachisi Izatillo Rahmatullaev ijtimoiy tarmoqlarda milliy nizo qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan sharhlarni qoldirgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab Qirg‘iziston Bosh prokurori hamda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi nomiga ochiq xat yo‘lladi.

Izatillo Rahmatullaevga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda millatchilik ruhidagi jurnalistlar va siyosatchilar ko‘paymoqda.

“Ayrim ultramillatchi shaxslar 2010 yilda bo‘lgani kabi qayta millatlararo nizo chiqarishga harakat qilmoqda”, degan huquq faoli ijtimoiy tarmoqlarda millatchilik ruhidagi navbatdagi sharhlar O‘zbekiston hukumati tomonidan O‘shga yangi maktab qurilishi to‘g‘risida chop etilgan habar ostida qoldirilganini aytdi:

-Bu xabar “Zanoza” internet nashrida e’lon qilinganidan keyin salbiy fikrlar bildirila boshlandi. Yozilgan sharhlarni ko‘rsangiz, odam yoqasini ushlaydi. Bu yerda millatchilik ruhidagi chaqiriqlar, millatlararo to‘qnashuvga chaqiruvchi sharhlar bor, o‘zbeklarni nafsoniyatiga tegadigan sharhlar bor. Hatto bu yerda bir “Emil Millioner” degan odam yozayapti: “Uvajaemiy Prezident Uzbekistana zaberi pojaluysta vsex uzbekov iz Kirgizstana! Zaranee blagodaren!..”- deb. Biz Qirg‘iziston grajdanimiz. Biz mahalliy xalqmiz. Nima uchun bizni O‘zbekiston prezidenti olib ketishi kerak? - deydi huquq faoli.

Izatillo RahmatullaevQirg‘iziston Bosh prokurori Indira Joldubaeva hamda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Abdil Segizbaev nomiga yo‘llagan ochiq xatida, bu kabi sharh qoldirgan shaxslarni Qirg‘iziston Jinoiy kodeksi asosida javobgarlikka tortishni so‘ragan.

- Ijtimoiy tarmoqlarda diniy ekstremizm ruhidagi biron bir chaqiriq yoki shunday maqola bo‘ladigan bo‘lsa, albatta, ular jinoiy javobgarlikka tortilayapti. Nima uchun millatlararo janjal, qirg‘inga chaqirganlarni javobgarlikka tortsa bo‘lmaydi? Qirg‘iziston Jinoiy kodeksining 299-moddasida millatlararo, diniy, konfessiyalararo nizo chiqarishga chaqirgan odam jinoiy javobgarlikka tortilishi shartligi qayd etilgan, -dedi Izatillo Rahmatullaev.

Aytish joizki, qirg‘izistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida har bir saylov yoki qandaydir siyosiy voqealar arafasida millatchilik ruhidagi maqolalar va izohlar ko‘p paydo bo‘ladi.Bu jarayon o‘tganidan keyin bunday chaqiruvlar ham ozayadi. Biroq huquq faoli: ”bunday holatga bee’tibor bo‘lish jiddiy to‘qnashuvlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin”, degan fikrda.

Izatillo Rahmatullaevga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat jumladan, 2010 yili millatlararo nizo ro‘y bergan janubiy viloyatlarda millatlararo munosabatlar ijobiy tomonga o‘zgargan, qirg‘iz-o‘zbek ko‘chalarda birga yuribdi, to‘ylarga birga borayapti. “Lekin shu narsalarni ko‘rolmayotgan marginal ultramillatchilar bor”, deydi Izzatulla Rahmatullaev.

O‘zbekiston Qirg‘izistonning O‘sh shahrida 630 o‘rinlik maktab qurib berishi borasidagi shartnoma o‘zbek va qirg‘iz rasmiylari tomonidan 28 iyul kuni Bishkek shahrida imzolangan.

XS
SM
MD
LG