O‘zbekiston sug‘orish mavsumida suv tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Qirg‘izistondan elektr energiyasi sotib olayotganini bildirdi. O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, Toshkent elektr energiyasi sotib olish bilangina cheklanib qolmay, qo‘shni davlatlar bilan asr qurilishi sifatida talqin etilayotgan CASA-1000 loyihasiga munosabatini qayta ko‘rib chiqishga tayyor.
“O‘zbekenergo”ning strategik rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Eso Sadullaev 22 avgust kuni Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Qirg‘izistondan nega elektr energiyasi sotib olayotganiga tushuntirish berdi.
Amaldor: “Joriy yilda haqiqatan ham Qirg‘izistondan sug‘orish mavsumida elektr energiya sotib olayapmiz. Bu qishloq xo‘jalik yerlarini suv bilan ta’minlash va energotizim ishini optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda”, deb bildirgan.
O‘zbekiston 2017 yil 16 iyundan Qirg‘izistondan elektr energiyasini sotib ola boshladi. Shartnomaga ko‘ra, O‘zbekistonga 1 milliard 250 million kilovat - soat elektr energiyasi yetkazib beriladi. Buning uchun O‘zbekiston Qirg‘izistonga 25 million dollarga yaqin haq to‘laydi.
Gap shundaki, Qirg‘izistonda yoz mavsumida suv omborlariga qishda elektr energiyasini ko‘proq ishlab chiqarish maqsadida suv to‘planadi va suv chiqarish miqdori kamaytiriladi. Buning natijasida O‘zbekiston va Qozog‘istonda suv tanqisligi yuzaga kelar edi.
Qozog‘iston har yili bunday taqchillikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Qirg‘izistondan ortiqcha elektr energiyasini sotib oladi va shu yo‘l bilan o‘z ekinzorlariga suv kelishini ko‘paytiradi. Biroq bu suv O‘zbekiston orqali tranzit qilinadi. O‘zbekiston bundan foydalanib, Qozog‘istonga chiqarilayotgan suvning bir qismini o‘zlashtirib olishi noroziliklarga sabab bo‘lar edi.
2008 yilda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Umirzoq Shukeev O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Rustam Azimovga O‘zbekistonning Qozog‘istonga suv tranziti bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayotgani oqibatlaridan ogohlantirish bildirilgan hukumat telegrammasi yuborgan. Qozoq tomoni o‘z telegrammasida Qirg‘izistondan Qozog‘iston uchun kelayotgan suv O‘zbekiston va Tojikiston tomonidan o‘zlashtirilayotganini iddao qilgan.
U o‘zbekistonlik hamkasbini “Do‘stiq” kanalidan suv berish ko‘paytirilmasa, Qozog‘iston Qirg‘izistondan elektr energiyasi qabul qilishni to‘xtatishi, natijada Qirg‘iziston ortiqcha suv o‘tkazmay qo‘yishi oqibatida nafaqat Qozog‘iston, balki O‘zbekiston va Tojikiston ham zarar ko‘rishi to‘g‘risida ogohlantirgan.
“O‘zbekenergo” rasmiysi Eso Sadullaev 22 avgust kuni Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida ToshkentCASA-1000 loyihasida ishtirok etish masalasini qayta ko‘rib chiqishga tayyorligini, biroq bu borada qaror qabul qilish hukumatning vakolati ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston CASA-1000 loyihasi mintaqa iqtisodi va ekologiyasi uchun halokatli bo‘lishini bildirib,bir necha yildan beri qarshilik ko‘rsatib kelayotgan edi.
Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 170 million dollar bo‘lib, Qirg‘iziston va Tojikistondan Afg‘oniston orqali Pokistonga 1222 kilometr uzunlikda yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i barpo etiladi.
Loyiha Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi, AQSh Davlat departamenti, Britaniya xalqaro hamkorlik vazirligi, Avstraliya xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Bu loyiha amalga oshirilsa, Qirg‘iziston va Tojikiston yiliga 5 milliard kilovatt soat elektr energiyasini sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.