Rossiya va Belarus keyingi oyda qo‘shma harbiy mashq o‘tkazishni rejalashtirgan. Ammo bu ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni do‘stona deb atash mushkul – Moskva bilan Minsk sut mahsulotlari esksporti, chegara nazorati, port va neft eksporti bo‘yicha tortishib keladi.
Ikki mamlakat 12-20 sentabr kunlari “Zapad” deb nomlangan harbiy mashqlarni o‘tkazishni rejalashtiryapti. Ammo Moskva va Minsk keyingi paytda tez-tez bahslashmoqda.
Rossiya va Moskva o‘rtasidagi yaqin aloqa sobiq sovet mamlakatlari orasidagi eng mahkam hamkorlik emas.
Har ikki mamlakat bir-biri bilan do‘st ekanligi haqida jar solsa-da, Vladimir Putin bilan Aleksandr Lukashenko bir-biriga ehtiyotkorlik bilan yondashadi.
Imperial maqsadlarni ko‘zlovchi Rossiya itoatsiz Belarusni pora berib bo‘lsa-da o‘z yo‘liga solishni istaydi. Ayyor Belarus esa fursatdan foydalanib, Rossiyani iloji boricha ko‘proq “sog‘ishni” xohlaydi.
Yaqinlashib kelayotgan “Zapad” harbiy mashqlari arafasida Kremlning sobiq sovet mamlakatlaridagi imperial siyosati cheklanib qolgani ayon bo‘lmoqda.
Ko‘pchilik Putinni Ukraina va Gruziya kabi itoatsiz qo‘shnilarini Belarus kabi itoatkor yo‘ldoshga aylantirishga urinishda ayblab keladi.
Ammo Belarusni Kreml yo‘liga solish Rossiya uchun katta boshog‘riq bo‘lib qolmoqda.
O‘tgan haftada Putin Belarusni Rossiya portlari o‘rniga Litva va Latviya portlari orqali neft eksport qilgani uchun tanqid qildi. Lukashenko esa Rossiya chegarachilari xulqini tanqid qildi. Bu orada Rossiya Belarusdan keladigan ayrim sut mahsulotlari importini man qildi.
Keyingi oyga rejalashtirilgan harbiy mashqlar esa Minsk va Moskva o‘rtasidagi hamkorlik o‘rniga ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni yuzaga chiqarmoqda.
“Zapad” mashqlariga Belarusda ehtiyotkorlik bilan qarashmoqda. Ayrimlar hatto Rossiya mamlakatga harbiylarini olib kirganidan keyin, ayyorlik bilan okkupatsiya qilishi mumkinligini aytmoqda.
Shu sabab ham bo‘lsa kerak, Minsk mashqlar shaffof o‘tishiga harakat qilmoqda.
Mamlakat mashqlarga yetti davlat – Ukraina, Polьsha, Litva, Latviya, Estoniya, Shvetsiya hamda Norvegiyadan kuzatuvchilarni taklif qildi.
Misnk yana BMT, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO, Qizil xoch va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillarini chaqirdi.
Mashqlar arafasida ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ayon bo‘lmoqda.
Kaliningrad viloyatida so‘zga chiqqan Putin Belarus qayta ishlangan neft mahsulotlarini Latviya va Litva portlaridan emas, Rossiya portlaridan eksport qilishi kerakligini ta’kidladi.
Avvalroq ikki mamlakat gaz narxi va neft eksporti ko‘lami haqidagi qarama-qarshiliklarga barham bergan edi.
O‘shanda Belarus bo‘sh kelmadi va o‘ziga ma’qul kelishuvga erishdi. Portlar bo‘yicha kelib chiqqan tortishuvda ham Minsk o‘z pozitsiyasini himoya qilib turibdi.
O‘tgan haftada Rossiya qo‘shnilariga bosim o‘tkazishning sinalgan yo‘lini ishga soldi – Belarusdan keladigan sut mahsulotlari importini man etdi.
Bu orada Lukashenko Rossiya hukumati boshqaruvidagi “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida Rossiya chegarachilarining xulqi “ishonch yo‘qolishiga” sabab bo‘layotganini aytdi.