Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:42

OzodMaktub: "Sobiq davlat mulozimining tahlilga dosh bermas dalillari"


Fizika-matematika fanlari doktori, professor Sobir To‘laganov Ozodlikka taqdim etgan maqolasida Ozodlikning "Qurultoy" eshittirishi ishtirokchisi bilan bahsga kirishgan. "Ushbu maqolada men, davlatimizning sobiq mulozimi bo‘lgan taniqli tadbirkor Anvarmirzo Husainovning, 17-avgustda «Ozodlik»ning quriltoy eshittirishida ilgari surgan fikrini asoslash uchun keltirgan dalillarini tahlil qilib yurtdoshlarimiz e’tiboriga havola qilmoqchiman", deb yozadi muallif.

Quyida professor To‘laganovning maqolasini tahrirsiz, muallifning imlo va punktatsiyasini saqlgan holda havola qilayapmiz.

***

SOBIQ DAVLAT MULOZIMINING TAHLILGA DOSh BERMAS DALILLARI

Hozirda aksariyat yurtdoshlarimiz, matbuotda ko‘tarilgan, «lotincha afzalmi-kirilchami?» mavzusidagi baxs-munozarani bezovtalik bilan kuzatib borishmoqda. Jamiyatda turli mavzularda fikr almashinishlar, baxslashuvlar tabiiy, albatta. Biroq, bu mavzu yurtdoshlarimizni bezovtalantirayotganiga, Rossiyaning yuqori martabali mulozimi, «biz, sobiq ittifoqdosh respublikalarni kiril alifbosiga qaytarishimiz kerak», degan chiqishiga hamohang ravishda, taniqli yozuvchimiz Shuhrat Rizaevning, «kirilcha alifboga qaytaylik» deb, Prezidentimizga yozgan arizasi sabab bo‘ldi. Bu, xalqimizning milliy manfaatiga dahldor muhim masala bo‘lgani bois, internetda munozara ancha qat’iy tus olmoqda. Munozarada, yozuvchi-shoirlarimiz, olimlar, jurnalistlar, kompyuterchilar va boshqa ko‘p faol yurtdoshlarimiz ishonchli dalillar keltirib xolisona fikr bildirishayapti. Biroq, bu munozarada, millatchilik nuqtai nazaridan kelib chiqib yoki «yuvindi» manfaat ilinjida, bilib-bilmay yurtimizni mustamlakaga aylantirish maqsadiga qaratilgan tashviqotlar olib borayotganlar ham bor. Bunday tashviqotchilar ichida, yetarli iqtidor va salohiyatga ega bo‘lganlariga, tahlil imkoniyatiga ega bo‘lgan yurdoshlar hushyor bo‘lishimiz, ular tashviqotlarining haqiqiy mohiyatini xalqqa ochib berishimiz zarur. Zero u tashviqotchilar, noxolis fikrlarini xalqchillik niqobiga o‘rab aytishadi.

Ushbu maqolada men, Davlatimizning sobiq mulozimi bo‘lgan taniqli tadbirkor Anvarmirzo Husainovning, 17-avgustda «Ozodlik»ning quriltoy eshittirishida ilgari surgan fikrini asoslash uchun keltirgan dalillarini tahlil qilib yurtdoshlarimiz e’tiboriga havola qilmoqchiman.

Mazkur qurultoyda, quyidagi savollar bo‘yicha fikr almashindi, desak bo‘ladi:

A). Lotin alifbosi asosida yaratilgan yangi alifboga o‘tish haqidagi qonun (o‘tish davrida) nega yetarlicha amalga oshirilmadi?

V). Amaldagi alifboga (balki uni takomillashtirib) to‘liq o‘tish maqsadga muvofiqmi yoki kirilchaga qaytish, ya’ni lotinchaga o‘tish haqidagi qonunni bekor qilish, maqsadga muvofiqmi?

C). Kirilchaga qaytgudek bo‘linsa, keyingi qadamda, rus tiliga «Davlatimizning ikkinchi tili» yoki «millatlararo muloqat tili» maqomi berish masalasi ko‘riladimi?

«Ozodlik»dagi ko‘p davra suhbatlarida Anvarmirzo janoblarini ishtirok etishi bejiz emas. Bu sobiq Mulozim, haqiqatda ishongan fikrini boshqalarga ishonarli tushintiraolish salohiyatiga ega bo‘lgan inson. Biroq, lotin imlosiga o‘tish to‘g‘risidagi qonunni bekor qilishni yoqlab chiqqan bu janob, fikrini asoslash uchun keltirayotgan dalillari, puf etilsa yo‘q bo‘lib ketadigan, sovun puffakchalari darajasida edi. Keling o‘sha dalillarni birma-bir tahlil qilib ko‘raylik.

Birinchi savol bo‘yicha, uning aytishicha:

A1). U davrda deputatlarning qonun qabul qilinishiga ta’siri bo‘lmagan, bu qonun, yaxshi o‘ylanmay, xalq xohish-irodasini e’tiborga olinmay qabul qilingan, xom qonun bo‘lgan.

Bu mutlaqo haqiqatga mos kelmaydigan gap. Lotinchaga o‘tish masalasi, qonun qabul qilinishi sanasidan ancha avval faollar tomonidan ko‘tarilgan va yetarli muhokamada bo‘lib pishigan bo‘lgan. U vaqtlarda deputatlar faolligi ham, xalq faolligi ham yuqori bo‘lgan. Xalqning faolligini bo‘g‘ish keyinroq boshlangan. Biroq, ayrim tovushlarni ifodasi uchun Davlat komissiyasi tanlagan belgilari eng qulay yechim bo‘lib chiqmagan.

A2). Mazkur qonun muddatida yetarlicha to‘liq amalga oshmagani sababi, 20 million aholi irodasi bu qonunni, ya`ni Davlat irodasini qabul qilmagan. Qardosh qo‘shni xalqlar asarlarini kirilda o‘qiganmiz, ular bilan kirilda xat yozishganmiz va muloqat qilganmiz, shu sababdan xalq qonunni qabul qilmagan.

Qarang-a, xalq irodasi lotincha o‘zbek alifbosini chorak asrdan beri rad etib kelibdi-ku, biroq farzandlari shu alifboda o‘qib bilim olishiga, ular hech qancha etiroz bildirmabdi. Chorak asr davomida O‘zbekistondagi ahvoldan ozgina habari bo‘lgan hech bir inson bu gapga ishonmaydi. U davrda, aholining konstitutsion haq-huquqini toptaydigan qonun-farmon-qarorlarning qaysi biriga xalqimiz biror e’tiroz bildiraoldi va qaysi birini rad etaoldi? O‘zining oddiy haq-huquqini himoya qilishiga mutlaqo imkon berilmagan xalq, o‘z farzandlarining manfaatiga qaratilgan qonunni sabotaj qilgan emish. Balki lotinchaga o‘tmagan o‘zbek tilidagi gazeta-jurnallarlar bosh muharrirlari, Prokuratura, Oliy majlis, Adliya vazirligi mutassadilari, Prezident Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov kabi janoblardan so‘rab ko‘rish kerakdir? Prezidentning moyilligini olib, qonun yetarlicha to‘liq ijro etilmaganini balki ular uyushtirishgandir. Qanday bo‘ganda ham, qonun yetarlicha to‘liq ijro etilmaganini xalq irodasiga to‘nkash, bu mutlaqo bo‘hton. Anvarmirzo janoblari, biz qardosh halqlar bilan kirilchada gaplashmaganimizni, balki rus tilini biladiganlar rus tilida muloqat qilganini, umuman olganda, alifbosi bir xil bo‘lgan turli millatlar bir-birini tushinavermasligini bilmasligi mumkin emas!

A3). Janob Anvarmirzo, hech bir dalil keltirmasdan, lotincha ona tilimizga mos kelmasligi, aksincha, kirilcha ona tilimizga va mentalitetimizga mosligini aytdi.

Vaholanki, tilshunoslarimiz, yozuvchi-shoirlarimiz buning teskarisini asoslab berishayapti.

Ikkinchi savol bo‘yicha, janob Anvarmirzo, kirilchaga qaytish lozimligini aytdi. Uning aytishicha:

V1). Kirilchaga qaytish masalasi bu «geopolitika». Rossiya va qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lishlik siyosatimizning asosiy yo’nalishlaridan biri, kirilchaga o‘tishlik bizning aqliy salohiyatimizni belgilab beradi, O‘zbekiston chetga chiqaradigan maxsulotlarining asosiy bozori Rossiya, horijda o‘qiydigan talabalarimizning 60 foizi Rossiyada o‘qiydi, 3-4 million yoshlarimiz Rossiyada ishlayabdi.

Sobiq mulozim, bu keltirgan vajlari bilan, yoshlarimiz rus tilini o‘rganishini tashviqot qilsalar edi, bu tashviqot, o‘rinli yoki noo‘rin hisoblanishidan qat’iy nazar, qandaydir ma’noga ega bo‘lgan bo‘lur edi. Bizning alifboimiz lotincha bo‘lishi, rus tilini o‘rganish niyatida bo‘lgan yoshlarimiz uchun hech qancha murakkablik tug‘dirmaydi. Agarda lotin alifbosiga o‘tish to‘g‘risidagi qonunda, rus tili darsi ham lotinchada o‘qitilishi nazarda tutilgan bo‘lganida ham, rus tilini o‘rganuvchilar uchun(kirilni ham o‘rganish hisobiga) uvoqcha mehnat oshiqroq sarflashgan bo‘lar edi. Hozirda, kiril alifbosini bilmaslik xaqida muammo yo‘q. Hamma maktablarda rus tili darsi bor, u lotinchada emas kirilda o‘qitiladi. Qolaversa, butun dunyo ziyolilari aqliy salohiyatni hozirda rus tili emas balki ingliz tili belgilaydi deb hisoblaydi. Shu sababli Rossiya yoshlari ham ingliz tilini o‘rganishga kuch berishadi. Rossiya ziyolilarining qo‘shni xalqlar ziyolilari bilan muloqati ham ingliz tiliga ko‘chmoqda. Bu haqiqatni janob Anvarmirzo bilmasligi, fahmlamasligi mumkin emas. Aslida, Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlarimiz rus tilini (demak, kirilni ham) bilishadi, bu hususda tashvish yo‘q. Biroq, kelajaklarini Rossiya bilan bog‘lamoqchi bo‘lgan yoshlarimiz rus tilini o‘rganishlari lozim. Buning uchun lotinchamiz to‘siq bo‘lmasligi aniq. Ko‘ramizki, Anvarmirzo janoblari, ushbu «geopolitika»ni ijobiy ko‘rsatishga urinib, mutlaqo noo‘rin dalillar keltirishdi, ataylab “til” bilan “alifbo”ni farq qilmay mushohada yuritishdi.

B2). Kirilchaga qaytilsa, kirilchada o‘qigan katta yoshdagi yurtdoshlarimiz huquqlari himoyalanganidan qoniqish hosil qiladi.

Aslida, Davlat qarorlari umum manfaatdan kelib chiqib qabul qilinishi, hammaning hohishiga bir xilda mos kelishi shart emasligini, sobiq Mulozim yaxshi biladi. Qolaversa, qonun to‘liq ijroga kirgan bo‘lganida, kirilchada o‘qigan yurtdoshlarimiz ham allaqachon lotinchaga ko‘nikma hosil qilishgan bo‘lishar edi. Ular shu vaqtgacha lotinchaga intilmayotganlarining asosiy sababi, hokimiyat organlarida ish yuritish rus tilida va kirilchada davom etayotganida. Mening yodimda, 50-yillarda savodsizlikni tugatish maqsadida, yozish-o‘qishni bilmaydiganlar uchun maktablarda dars tashkil qilinar edi. Hozirda bunga zarurat yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, Anvarmirzo janoblarining bu argumentlari ham o‘rinsiz.

V3). Endi yana bir bor xatolikka yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. «Biz katta bir qadam tashlashimiz kerak, …shunda Rossiya ham ikkita katta qadam qabul qiladi. Shu bilan Rossiyada ishlayotgan yoshlarimizning huquqiy maqomi, ishlab chiqarishlari, pul topish imkoniyatlari baland bo‘ladi, buni nimasi yomon?»

Sobiq Davlat mulozimining, «katta bir qadam-ikkita katta qadam» to‘g‘risidagi iboralari («Ikki katta qadam» nimani anglatishini ochiqlamagan bo‘lsalarda), u kishim to‘g‘risida, Rossiyaning shu masala bo‘yicha muxtor vakili yoki bu masala bo‘yicha muzokara ketayotgan bo‘lsa, undan habari bo‘lgan vakolatli shaxs ekanlaridek ta’surot uyg‘otdi. Ajablanarlisi shundaki, Anvarmirzo janoblari bu «geopolitika»ning bizga manfaatli tomonlari to‘g‘risida ko‘p gapirdilarku, ammo u Rossiya uchun qanday naf keltirishi qorong‘uligicha qoldi.

V4).O‘tgan davr ichida iqtisodiyotda, huquqshunoslikda, madaniyatda va boshqa soxalarda qo‘yilgan ko‘p xatoliklar yangi Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning tashabbuslari bilan va xalqimizning qo‘llab-quvatlashi bilan tuzatib qo‘yilayapti, shu ma’noda kirilchaga qaytish kerak.

Qarang-a, sobiq Mulozim janoblari, alifbo o‘zgartirish masalasini qanchalik oson masala sifatida tushintirayapti. Vaholanki, kirilchadan lotinchaga o‘tishda barcha adabiyotlar yo‘q qilinib, ularni lotinchada qayta tiklash uchun ko‘p yillar Respublikaning barcha ziyolilari safarbar qilindi.

V5).Taniqli shoir Jamol Kamol 2001 yili,»Hali ham kech emas» degan maqola e`lon qilib, kirilchani o‘zgartirmaslikni tavsiya qilib, katta qiyinchiliklarga olib kelishidan ogoh qilgan ekanlar. O‘sha maqolani hozir internetdagi sahifalariga qayta qo‘yibdilar.

Tushinilishicha, shoir Jamol Kamol, o‘sha (xalq qashshoqlikka mahkum etilgan, davlatchilik va jamiyat tanazzul yoqasida turgan) davrda alifboni o‘zgartirish mavrudi emasligi haqida, uning qiyinchiliklari to‘g‘risida bong urgan. Anvarmirzo janoblari, kirilchaga qaytish taklifini asoslash uchun, Jamol Kamolning mazkur maqolasidan “ko‘mak” olmoqchi bo‘ldi. U maqola, kirilchaga qaytish taklifiga bugun qarshi argument bo‘lishini sobiq Mulozim yaxshi tushinsa kerakku-ya, balki u kishim, boshqalar buni tushinmaydi, deb umid qilgan bo‘lishlari mumkin. Zero, ta’lim butunlay lotinchaga o‘tdi. Kirilchadagi barcha jihozlar yo’q qilindi, katta qiyinchiliklar bilan ta’limning hamma bosqichlari uchun lotinchada jihozlar yaratildi(avvalgi adabiyotlar lotinchaga o‘tkazilib qo‘yilgani yo‘q). Bu jarayon oson kechmagani, haqida to‘xtalishga zarurat yo‘q. Xo‘sh, Jamol Kamolning 2001 yil yozilgan o‘sha maqolasi bugun bizni nimadan ogoh qiladi? Alifboni yana qayta o‘zgartirmaslikni(yani, kirilchaga qaytmaslikni) tavsiya qilayotgan bo‘maydimi? Kirilchaga qaytmoqchi bo‘lib, xalqi ichimlik suv bilan to‘liq ta’minlanmagan yurt boshida o‘sha qiyinchiliklarni behuda takrorlamaslikni tavsiya qilayotgan bo‘lmaydimi? Zero, shoir Jamol Kamol «basseynlar qurishni orzu qilishdan avval yurtda hammomlar qurish zarur», degan mantiqdan kelib chiqadigan inson.

C1). Uchinchi savol bo‘yicha, Anvarmirzo Husainov shunday dedi: Rus tilida so‘zlashuv masalasini xalqning o‘z ihtiyoriga qo‘yib berish kerak, rus tiliga alohida qonun bilan maqom berish kerak emas, rus tili shunday ham ikkinchi so`zlashuv tili, Rossiya va Qozoqistondagi tadbirkorlarimiz, ishlayotgan yurtdoshlarimiz rus tilida gaplashadi, yani kamida 10 million aholimiz rus tilida gaplashdi.

Uning gaplarini sinchkovroq tahlil qilinsa, bizni kirilchaga qaytarishmoqchi bo‘layotganlari, bu katta rejaning debochasidek ko‘rinadi. Zero, holislik bo‘lsa, Anvarmirzodek insonning tushintirishlari mantig‘i aniq-tiniq bo‘lishini kutish tabiiy edi. Biroq, sinchkov tahlilsiz uning gaplaridan ma’no anglash mumkin bo‘lmadi. Xo‘sh, «rus tilida so‘zlashish masalasini xalqning o‘ziga qo‘yib berish kerak», degan, ko‘rinishdan «beozor» bo‘lgan, jumlaga qanday ma’no jo qilingan? Bu jumlani, «vatandoshlar o‘zaro istasa rus tilida gaplashaverishiga imkon berilishi kerak», degan mazmunda aytilgan desak, bu gap mantiqsiz bo‘lib qoladi. Chunki O‘zbekistonda yoki o‘zga yurtda bizning yurtdoshlarimiz o‘zlari bilgan istagan tilida gaplashib kelgan, kelgusida ham shunday gaplasha olishiga hech kimda shubha yo‘q. Biroq, Anvarmirzo janoblarini, hech qanday mazmun jo qilinmagan jumla aytgan insonga qiyoslab bo‘lmaydi. Demak, bu jumlaga boshqa mazmun jo qilingan. Ya’ni, Hokimiyat tizimlarida, tashkilotlarda rus tilida ish yuritaverilishi, rasmiy yig‘ilishlar rus tilida olib borilishiga imkon berilishi kerak, degan mazmun jo qilingan, deb tahmin qilish mumkin. Demak, Davlat tili maqomi talablaridan voz kechish nazarda tutilayapti. Bu, bir tamondan, rus tilida so‘zlashuvchilarga qulaylik tug‘dirsa, ikkinchi tomondan, rus qardoshlarimiz «mutahassislari» kelib, Davlat tizimlarida ham bizga boshqaruv yordami ko‘rsataverishlariga imkon yaratiladi. Biroq, rus tilida so‘zlashaolmaydigan vatandoshlarimiz biror tashkilotning o‘zbekcha so‘zlashmaydigon xodimiga ishi tushganida, uning oldiga o‘zi tarjimon olib borishi lozim bo‘ladi. Anvarmirzo janoblarining iborasi bilan aytganda, «buning nimasi yomon?»

So‘ng so‘z o‘rnida:

Kirilcha alifboga qaytish bizning milliy manfaatimizga zid, iqtisodiyotimizga katta qiyinchiliklar olib keladi va mantiqqa ham zid.

Mening nazarimda, bu muhim masalada xalqimiz faolligini uyg‘otishimiz zarur, u o‘z irodasini qat’iy bildirishi lozim. Bu, Prezidentimiz «geopolitika» tufayli «ikki o‘t orasida qolganida» unga yordam bo‘ladi. Katta og‘alarni ranjitmaslik uchun, xalq irodasini sindirib bo‘lmasligini aytib, ularga yotig‘i bilan javob qilishga imkon tug‘iladi.

2017 yil, avgust oyining 30-kuni.

Sobir To‘laganov.

Maqola muallifi to‘g‘risida:

Hozirda 73 yoshda bo‘lgan fizika-matematika fanlari doktori Sobir To‘laganov 1943 yili Toshkentda tug‘ilgan. U, 1967 yili Toshkent Davlat Universitetining Mexanika-matematika fakultetini "Sonlar nazariyasi" mutahassisligi bo‘yicha tugallab aspiranturaga kirgan. U, "Multiplikativ funksiyalar qiymatlari yig‘indilari" va "Sonlar nazariyasida ehtimollar nazariyasi uslublari" yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borgan. Sobir To‘laganov 1972 yili nomzodlik dissertatsiyasini, 1993 yili doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. U, 1983 yilgacha ToshDUning Matematika fakultetida, 1983 yildan 2003 yilgacha O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Matematika institutida faoliyat olib borgan. 2001 yildan 2005 yilgacha O‘zMUning Iqtisodiyot fakultetida kafedra boshqargan. Oralik yillarda boshqa universitetlarda ham professor lavozimida dars bergan.

XS
SM
MD
LG