NASA kosmik agentligining bildirishicha, Quyoshda 4 sentabrdan beri kuchli chaqnashlar kuzatilmoqda. 7 sentabr kuni Quyoshning faol hududida 4- va 5- chaqnashlar sodir bo‘ldi.
NASAga ko‘ra, Quyosh chaqnar ekan, kuchli radiatsiya chiqaradi. Ammo bu radiatsiya otdatda Yer atmosferasidan o‘ta olmaydi. Ya’ni, Quyosh radiatsiyasi inson sog‘lig‘iga tahdid solmaydi.
Ammo Quyosh chaqnashi atmosferaning GPS va kommunikatsiya signallari yuradigan qismlariga yetib kela oladi. Shunday ekan, Quyosh chaqnashi kommunikatsiya hamda GPS moslamalari faoliyatiga halaqit berishi mumkin.
Kuni kecha kuzatilgan chaqnashlarining birinchisi M7,3, ikkinchisi X1,3 o‘laroq klassifikatsiya qilindi.
Eng kuchli chaqnashlar X o‘laroq klassifikatsiyalanadi. Sonlar esa chaqnashlarning quvvatiga mos keladi. Masalan, X2 deb yuritiluvchi chaqnash X1 dan ikki marotaba kuchli bo‘ladi va hokazo.
6 sentabr kuni esa, juda kuchli chaqnashlar kuzatilgan edi. Ularning birinchisi X2,2, ikkinchisi X9,3 deb baholandi.
Quyosh faoliyati odatda 11 yillik siklga bo‘linadi. Tsikl davomida quyosh faoliyati avvaliga kuchayadi, keyin sustlashadi.
6 sentabr kuni kuzatilgan X9,3 chaqnashi quyoshning hozirgi siklidagi eng yirik chaqnash bo‘ldi.
Joriy sikl 2008 yilning dekabrida boshlangan bo‘lib, hozirda u sustlashish etapiga o‘tgan.