Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:25

Uch opa-singil 2,5 yildan buyon Amirliklardan O‘zbekistonga qayta olmayapti


Zulayho, Oydina va Mahliyo Sattorovalar onasi Zulfiya Yunusova bilan.
Zulayho, Oydina va Mahliyo Sattorovalar onasi Zulfiya Yunusova bilan.

Namanganlik uch-opa singil Zulayho, Oydina va Mahliyo Sattorovalar hujjat muammosi sabab Birlashgan Arab Amirliklaridan O‘zbekistonga qayta olmayapti. Qizlarga ko‘ra, 2,5 yil davomida Dubaydagi konsullik va O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga qilgan murojaatlari natijasiz qolmoqda.

Chorasiz qizlar

22 yashar Zulayho, 20 yashar Oydina va 19 yashar Mahliyo Sattorovalarning Birlashgan Arab Amirliklaridan Namanganga qaytish uchun bosh urmagan eshigi qolmagan. Opa-singillar Ozodlik bilan suhbatda ularning vatanga qaytish urinishlari besamar qolayotganidan nolishdi:

- Bizga hech kim yordam bermayapti. Ichki ishlar, tashqi ishlar, konsullik, Abu Dabidagi elchixonagacha borganmiz. Hech qaysisi bizga yordam bermayapti, -deya yig‘laydi opa-singillarning kattasi Zulayho.

Qizlarning aytishicha, ular 8 yil avval Amirlikka tug‘ilganlik guvohnomasi bilan kelishgan va ayni paytda qo‘llarida pasporti bo‘lmagani bois, vatanga qaytib keta olishmayapti.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:54 0:00
Бевосита линк

Amirlikdagi 8 yil

Opa-singillarning aytishicha, ularning otasi Abduqodir Mirabdullaev 2008 yili Amirliklarning Sharja shahriga tijorat bilan shug‘ullanish uchun kelgan va bir yil o‘tib uch qizini ham Namangandan chaqirtirib olgan.

- Bir oyga turist sifatida kelganmiz. Aylanib ketish uchun. Keyin otam onam bilan kelishib, bizni Amirliklarda o‘qitish uchun olib qoldi. Onam esa O‘zbekistonga qaytib ketdi, - deydi opa-singillarning o‘rtanchasi Oydina.

Qizlarning aytishicha, ota-onasi ajrashgan, biroq otasi uch qizini o‘z qaramog‘iga olgan.

Opa-singillar bir yil davomida Sharjada rus tilidagi maktabda tahsil oladi va bir yil o‘tgach, ingliz tilidagi maktabga o‘tib, shu yerda maktabni bitirishadi.

Vatanga qaytish urinishlari

Zulayhoga ko‘ra, 2015 yili ular O‘zbekistonga qaytish harakatiga tushadi, biroq hujjat muammosi bois bu ish amalga oshmaydi. Bu orada qizlarning otasi Istanbulga ketib, chiqish vizasi tugagani bois Amirliklarga qaytib kela olmaydi. Shundan so‘ng Namangandan qizlarning onasi Sharjaga keladi.

Qizlarning onasi Zulfiya Yunusovaga ko‘ra, u qizlarini Namanganga olib ketish maqsadida ikki yil davomida O‘zbekistonning Dubaydagi konsulligi va Abu Dabidagi elchixonasiga bir necha marotaba murojaat qilgan:

- Men kelganimdan beri necha marta bordim. Dubaydagi konsullik, Abu Dabidagi echixonaga ham necha marta qatnadim. Ikki yil ichida qancha borganimning sanog‘i yo‘q,- deydi Zulfiya Yunusova.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:50 0:00
Бевосита линк

Opa-singillar vataniga qaytish harakatida O‘zbekistondagi bir qator huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib ham biror natijaga erisha olishmaganini aytishadi:

- Saksondan oshgan buvim Toshkentdagi hamma idoralarga kirib chiqdi. Ikki yil ichida Namangandan Toshkentga qancha qatnadilar. Lekin biror natija chiqmadi, -deydi Oydina.

Uydan chiqmay yashayotgan qizlar

Sattorovalarning aytishicha, ayni paytda ular Amirliklarda noqonuniy tarzda yashayapti:

- Ko‘chaga chiqmaymiz, ko‘chaga chiqishga qo‘rqamiz. Dokumentimiz yo‘q. Na doktorga bora olamiz, hech qanaqa dokument yo‘q, uyda o‘tiramiz, nima qilaylik? Agar bizni ushlasa, ikki yildan beri dokumentsiz turganimiz uchun qamatib yuboradi. Dokumentimiz yo‘qligi uchun har doim ko‘chib yashashga majburmiz. Ikki yil ichida hatto bitta uyda faqat bir oygina turgan vaqtlarimiz ham bo‘ldi, - deydi Zulayho.

Namangandan kelgan yordamga yashaymiz!

Zulfiya Yunusovaga ko‘ra, ular ijarada yashaydi, o‘zi ham, qizlari ham Amirliklarda noqonuniy yashayotganliklari bois, hech qaerda ishlamaydi va qarindoshlari jo‘natgan yordam evaziga kun ko‘rishmoqda:

- Tirikchiligimiz o‘lmagunday o‘tib turibdi. Dadasi yordam beradi. Namangandan oziq-ovqat jo‘natib turishadi. Shuni hisobiga zo‘rg‘a yashab yuribmiz,- deydi Zulfiya Yunusova.

Ozodlik opa-singil Sattorovalar vaziyatini oydinlashtirish maqsadida O‘zbekistonning Dubaydagi konsulligiga bog‘landi.

O‘zini konsullik xodimi Nodirbek deb tanishtirgan yigit telefon orqali ma’lumot bera olmasligini ro‘kach qilib, opa-singillar vaziyatiga oid savollarimizga javob berishni istamadi.

***

Ozodlik opa-singil Sattorovalar bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG