Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:37

Rossiya mehnat bozori muhojirlar uchun o‘z jozibasini yo‘qotib bormoqda


Saxarovo markazida hozirda bunday navbatlar yo‘q
Saxarovo markazida hozirda bunday navbatlar yo‘q

Rossiyaga kelayotgan mehnat muhojirlari soni so‘nggi olti yil davomida kuzatilgan eng past nuqtaga yetdi. Mutaxassislar malakali migrantlar va talabalarga Rossiya grajdanligini berishni osonlashtirish hisobiga demografik inqirozni hal qilishni taklif etmoqda.

2017 yilning birinchi yarmida Rossiyaga kelayotgan muhojirlar oqimi 2011 yilga nisbatan eng kam ko‘rsatkichni namoyish etdi.

Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining (RANXiGS) “Vedomosti” nashrida e’lon qilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatdan chiqib ketayotgan migrantlar soni mamlakatga kelayotganlardan oshib ketgan.

"Moldaviya va Ukrainadan kelayotganlar soni kamayishi davom etmoqda, Tojikiston va O‘zbekistondan kelayotganlar soni oz miqdorda oshgan bo‘lsada, ko‘rsatkichlar inqiroz boshlangan davr darajasigacha yetganicha yo‘q", deyiladi rasmiy xabarda.

(RANXiGS ma’lumoti)
(RANXiGS ma’lumoti)

Tadqiqotchilar 2017 yilning ikkinchi yarmida mehnat muhojirlari soni ko‘payishini kutishga hech qanday asos yo‘qligiga ishora qilmoqda.

Mutaxassislar muhojirlar oqimining kamayib borayotganiga migratsiya tartiblarining keskinlashtirilishi, ishga ruxsatnoma narxlarining o‘ta balandligi, “qora ro‘yxat”dagilar sonining ko‘payishi, maoshlarning kamayishi, politsiya bedodligi va mahalliylar orasida millatchilik kayfiyatining kuchayishini sabab qilib ko‘rsatdi.

Sotsiologlar MDH vatandoshlari uchun Rossiya mehnat bozorining o‘z jozibasini yo‘qotgani mamlakat iqtisodiyoti uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Jumladan, ular migrantlarni jalb qilish uchun Rossiyaga o‘qishga kelayotgan talabalarni mamlakatda qoldirishga urinish, talabalar, yirik mutaxassis va malakali ishchilarga osonlashtirilgan tartibda grajdanlik berish kabi oddiy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yishni tavsiya etmoqda.

Rossiya Oliy Iqtisodiyot maktabi (VShE) qoshidagi Ijtimoiy siyosat instituti rahbari Liliya Ovcharova hatto bunday choralar qo‘llanganda ham¸ ularning Rossiyadagi yosh ishchilarga nisbatan ehtiyojni to‘liq qondirishiga jiddiy shubha bildirdi.

RANXiGS tadqiqotlaridan ayon bo‘lishicha, mehnat bozoridagi ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj ish haqining oshirilishi, oqibatda tovar va xizmatlar narxlarining ham oshishiga olib kelishi mumkin.

Ayni paytda¸ Rossiyadagi Demografiya, migratsiya va mintaqaviy taraqqiyot instituti boshqaruv kengashi raisi, “Razvitie” harakati rahbari Yuriy Krupnov Ozodlik bilan suhbatda mehnat muhojirlari oqimining 2019 yilga kelib yana izga tushishi mumkinligini aytadi:

- Migratsiya oqimining 10 foizga kamayishi kuzatilganiga neft narxi va rubl qadrining tushishi sabab bo‘ldi. Qolgan muammolar shu ikki ko‘rsatkichdan kelib chiqdi. Boshqa tomondan, migrantlar sonining keskin ko‘payishi bozorning tekin ishchi kuchiga bo‘lgan talabini so‘ndirgan edi. Yangi vaziyatda mehnat muhojirlari sonining kamayishini Rossiya hukumatini o‘z moddiy-texnika va ilmiy bazasini kuchaytirishga undashi mumkin. Har holda, bu imkoniyat, ammo undan hukumat unumli foydalana oladimi?! deya savol qo‘ydi Yuriy Krupnov.

Aytilishicha¸ oxirgi ikki yil davomida Rossiya aholisi soni Ukraina sharqidan kelayotgan qochqinlar¸ shuningdek migrantlar hisobiga o‘sgan.

Bu mutaxassis taxminicha¸ kuchayib borayotgan demografik inqiroz 2030 yilga borib avjiga chiqishi va Rossiya aholisi yana 7-8 million kishiga kamayib ketishi mumkin.

XS
SM
MD
LG