Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:33

Bank xodimlari har kuni 13 soatdan ishlashga majburlanmoqda


Toshkent shahridagi aksar banklarda valyuta ayirboshlash shoxobchalari xodimlari har kuni soat 9dan 22 gacha ishlashga majburlanayapti. Ozodlikka murojaat qilgan bank xodimlariga ko‘ra, keyingi bir oy davomida dam olish kunlari ham ishlashga majbur bo‘lmoqdalar.

O‘zbekistondagi banklardan birining Toshkentdagi bosh idorasida bank xodimi Ozodlikka murojaat qilib, bankning valyuta ayirboshlash shoxobchalarida ishlayotgan xodimlar har kuni 13 soatdan ishlashga majburlanayotganidan shikoyat qildi:

"Valyuta ayirboshlash shaxobchasi xodimlariga har kuni soat 9 dan 22gacha ishlash buyurilgan. Ularga soat 22 gacha ishlaganiga na oylik qo‘shildi, na qo‘shimcha smena tashkil qilindi. Lekin Mehnat kodeksida ish vaqti 8 soatdan oshmasligi kerakligi yozilgan. Har oy shunday farmoyish keladi va bank xodimlari shanba va yakshanba kunlari ishlaydi. Bunaqada oilaga qachon vaqt ajratiladi?", deya yozdi o‘zini tanishtirmagan bank xodimi.

Ozodlikka yo‘llangan hujjatda O‘zbekiston Markaziy banki rais o‘rinbosari B. Zaxidov imzosi bilan mamlakatdagi tijorat banklariga yo‘llangan Modemogrammada “2017 yil 6 sentabrdan boshlab bank qoshida tashkil qilingan barcha valyuta ayirboshlash shoxobchalarining ish vaqti vaqtincha soat 9:00 dan 22 gacha belgilanganligi” ma’lum qilingan.

Zaxidov imzolagan yana bir hujjatda valyuta ayirboshlash shoxobchalari sentabr oyida shanba-yakshanba kunlari ham ishlashi ta’kidlangan.

Ozodlik vaziyatni o‘rganish uchun Toshkentdagi o‘ndan ziyod bank bilan bog‘landi. Dastlab ulanganimiz Asia alliance bankning Valyuta ayirboshlash shoxobchasi xodimi har kuni 13 soatdan ishlayotganini aytdi:

“Biz har kuni ertalab soat 9 dan kechgi 10 gacha ishlayapmiz. Ertalab kelib kechasi ketamiz. So‘nggi bir oydan beri shanba-yakshanba kunlari ham ishlayapmiz. Bir haftada 7 kun ishlayapmiz. To‘g‘ri charchab qolayapmiz, lekin ishdan ayrilib qolishdan qo‘rqanimiz uchun har kuni ishlashga majburmiz”, deydi Asia alliance bank xodimi o‘zini ochiqlamaslik sharti bilan.

Toshkentdagi Mikrokreditbank bo‘limlaridan birining valyuta ayirboshlash shoxobchasida ishlayotgan yigit ham har kuni 13 soatdan ishlayotganidan shikoyat qildi:

“Haftasiga 7 kun 13 soatdan ishlayapmiz. Qo‘shimcha oylik berilishi va’da qilingan. Endi oylik oladigan paytimiz bilamiz bu va’da amalga oshish yoki oshmasligini. Hozircha chidab ishlashga majburmiz”, dedi o‘zini tanishtirmagan bank xodimi.

Poytaxtdagi Ipoteka bankining valyuta ayirboshlash shoxobchasi xodimasiga ko‘ra, ular ham 13 soatdan ishlayapti, lekin har kuni emas:

“Biz ertalab kelib, kechgi soat 10da ketayapmiz. Lekin bir kun ishlasak ertasiga dam olish berayapti. Ya’ni cherez den ishlayapmiz”, dedi bank xodimasi.

Poytaxtdagi Aloqabank xodimlari esa, shikoyat qilish orqali ikki smenali ish tartibi tashkil qilinishiga erishgan. Bu haqda Ozodlikka gapirgan bank xodimiga ko‘ra, ular boshidan faqat 3 kun 13 soatdan ishlagan:

“6 sentabrdan boshlab uch kun 13 soatdan ishladik. Lekin juda charchab qoldik. Keyin bank rahbarlariga shikoyat qilgandik, ikki smenada ishlashga ruxsat berishdi. Hozir faqat ikki smenada ishlayapmiz”, dedi bank xodimi.

O‘zbekiston Mehnat kodeksida ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan oshmasligi belgilangan. Kodeksning 15-moddasida “Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim”ligi ta’kidlangan.

Asia alliance bank va Mikrokreditbank rasmiylari Valyuta ayirboshlash shoxobchalarida har kuni 13 soatlik ish tartibi tashkil qilish payti bank xodimlarining xohishlari ham inobatga olingani va ularga qo‘shimcha oylik berilishi rejalanganini ta’kidlashdi.

O‘zbekiston Markaziy bankining ismini ochiqlamayotganimiz rasmiysiga ko‘ra, valyuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyatini qanday tashkil qilish har bir tijorat bankining ichki ishi hisoblanadi:

“Biz banklarning ish tartibiga aralasha olmaymz. Lekin banklarda 13 soatdan smenasiz tarzda ishlayotganlar bo‘lsa, bankning profsyuz bo‘limiga, bank rahbariga murojaat qilishi kerak. Agar ular hal qilmasa, sudga murojaat qilishlari mumkin yoki bizga- Markaziy bankka bu borada ma’lum qilishlari mumkin”, dedi Markaziy bank rasmiysi.

Rasmiyga ko‘ra, valyuta ayirboshlash shoxobchalarida 6 sentabrdan boshlangan vaqtinchalik 13 soatlik ish tartibi qachongacha davom etishi hozircha noma’lum.

O‘zbekiston tijorat banklari 5 sentabrdan boshlab xorij valyutalarini erkin savdo qilishni boshladi.

4 sentabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatda mavjud bo‘lib kelgan valyuta almashtirish uchta kursini unifikatsiya qilishi oqibatida o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan ushlab kelingan rasmiy kursi qariyb ikki baravarga tushirildi.

XS
SM
MD
LG