Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:54

AQSh yangi elchisi: Moskva bilan aloqalarni yaxshilashda Ukrainaning o‘rni muhim


AQShning Rossiyadagi yangi elchisi Jon Xantsman (chapda) prezident Vladimir Putin bilan
AQShning Rossiyadagi yangi elchisi Jon Xantsman (chapda) prezident Vladimir Putin bilan

AQShning Rossiyadagi yangi elchisi Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqani yaxshilashda Ukrainaning yaxlit suverenitetini tiklash muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

Yuta shtatining sobiq gubernatori Jon Xantsman 7 oktabr kuni Rossiya bilan aloqani yaxshilashni istashi, ammo buning uchun Moskva Ukrainaning xalqaro hamjamiyat tan olingan chegarasini tiklashi kerakligini aytdi.

- Bu masala nafaqat Qo‘shma Shtatlar, balki Yevropa, Kanada va deyarli har bir rivojlangan mamlakatga taalluqlidir,- dedi Xantsman.

Moskva Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olib, mamlakat sharqida rossiyaparast ayirmachilarni dastaklab keladi. Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlarda 2014 yildan beri 10 mingdan oshiq odam o‘ldi.

AQSh, boshqa g‘arb mamlakatlari hamda Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari uchun sanktsiya joriy qilgan.

3 oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan Xantsman Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa dasturlari bo‘yicha yuzaga kelgan bo‘hronni hal etish uchun Moskva bilan yaqindan hamkorlik qilish niyatida ekanini aytdi.

Elchi Pxenyan nafaqat AQSh, balki Rossiya va boshqa davlatlarga ham tahdid solishini aytdi.

- O‘ylaymizki, Qo‘shma Shtatlar va Rossiya hamkorlikda Shimoliy Koreya tuzumini diplomatik yechim topish uchun muzokara olib borishga majburlay oladi,- dedi Xantsman.

Ammo 1 oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Twitter tarmog‘ida Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa dasturlari bo‘yicha muzokara olib borishni “behuda vaqt sarflashga” tenglashtirdi.

Xantsman “Islom davlati” ekstremist guruhini tor-mor qilish hamda Suriyada olti yildan beri tinmayotgan fuqarolar urushini to‘xtatish uchun ham Moskva bilan hamkorlik qilish niyatida ekanini aytdi.

Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqalar sovub ketishining yana bir sababi Moskvaning 2016 yilgi AQSh prezidenti sayloviga aralashgani haqidagi mabuot xabarlaridir.

19 sentabr kuni Senat kengashi oldida chiqish qilgan qilgan Xantsman:

- Rossiya hukumati o‘tgan yilda AQSh sayloviga aralashganiga hech qanday shubha yo‘q, qaytaraman, hech qanday shubha yo‘q. Qolaversa, Moskva do‘stlarimiz va hamkorlarimizning demokratik jarayonlariga burnini suqishda davom etmoqda, - dedi.

Xantsman keksa Jorj Bush prezident bo‘lgan paytda AQShning Singapurdagi elchisi o‘laroq, Baraka Obama prezidentligi davomida esa AQShning Xitoydagi elchisi o‘laroq ishlagan.

XS
SM
MD
LG