Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:20

Kursdoshlarini pichoqlagan o‘quvchi qo‘lga olinayotganda joniga qasd qilishga urindi


Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi Saidkamron Saidvohidov ikki kursdoshini pichoqlaganlikda ayblanib hibsga olindi. Pichoqlangan o‘quvchilardan biri olamdan o‘tgan, ikkinchisi shifoxonada davolanmoqda. Voqea joyidan qochib, yashiringan Saidvohidov voqea sodir bo‘lgan kuniyoq qo‘lga olingan va o‘z joniga qasd qilishga uringan.

“Lirika”dan mastlik oqibatida kelib chiqqan bu fojia ”

Voqeadan xabardor kollej o‘quvchilaridan birining aytishicha, militsiya xodimlari Saidkamron Saidvohidov yashiringan joyga kelgan payti, u o‘z joniga qasd qilishga uringan:

“Saidkamron ikki kursdoshini pichoqlab qo‘ygach, voqea joyidan qochib, bir do‘stining uyiga yashiringan. U “Lirika”dan mast bo‘lib, o‘rtoqlarini pichoqlab qo‘ygan. Militsiya uni topgan payti, uning mastligi tarqab, o‘ziga kelgan payt bo‘lgan. Keyin u “Do‘stlarimni pichoqlab qo‘ydimmi, Asadbekni o‘ldirib qo‘ydimmi”, deb venasini kesishga uringan. Uni qutqarib qolishgan, keyin qo‘lining kesgan joyini bog‘lab qo‘yib, hibsga olishgan”, dedi tafsilotlardan xabardor yuridik kollej o‘quvchilaridan biri.

Fojia oqibatida o‘lgan Asadbek Parpiboevning yaqinlaridan birining aytishicha, “Lirika” iste’mol qilganlik gumoni bilan Asadbekning jasadi ham tekshirilgan, biroq uning qonidan “Lirika”ning izi chiqmagan.

Fergananews agentligi ham o‘z manbalariga tayanib, ushbu voqea “Lirika”dan mastlik oqibatida sodir bo‘lgani haqida yozdi.

Lekin Ozodlikda Saidkamron Saidvohidovning “Lirika” iste’mol qilganiga oid iddaoni tasdiqlovchi hujjat mavjud emas. ("Lirika"- "apteka narkotiklari"dan hisoblanadi. Aynan narkotik sifatida yoshlar orasida tarqalgan bu dorini Toshkentdagi ba’zi aptekalaridan retseptsiz xarid qilish mumkin).

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 17 yashar Saidkamron Saidvohidovga nisbatan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi ("Jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov-surishtiruv ishlarini olib borayotgan Uchtepa tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari Saidvohidovning hibsga olinganini tasdiqladi, biroq voqeaga oid boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.

Fojia bilan tugagan kelishmovchilik

Voqea 6 oktabr kuni Uchtepa tumanida joylashgan Toshkent yuridik kolleji hududida soat 10:05 da sodir bo‘lgan.

Voqea guvohlariga ko‘ra, 3-kurs o‘quvchilari Saidkamron Saidvohidov, Asadbek Parpiboev va Rahmatilla Yorqoriev o‘rtasida kelishmovchilik chiqib, ular o‘zaro janjallashib ketadi.

Ichki ishlar ma’lumotiga ko‘ra, janjal payti Saidvohidov, ikki kursdoshining oyog‘iga pichoq urgan.

17 yashar Asadbek Parpiboev “chap son yuqori uchligi sanchilib kesilgan jarohati, faol qon ketishi” tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan va olgan tan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etgan.

18 yashar Rahmatilla Yorqorievga “chap son tashqi yuzasi sanchilib kesilgan jarohati” bilan shifoxonada davolanmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Rahmatilla sog‘ligi kun sayin o‘nglanayotgani va hozirda o‘zini yaxshi his qilayotganini aytdi. Biroq u tergov ketayotgani bois voqea tafsilotlari haqida gapirishni istamadi.

Yuridik kollejda keyingi 4 oyda 2 qotillik

Ushbu kollej o‘quvchisi Akmal Abdurahmonov joriy yil 28 iyunida kursdoshlari tomonidan kaltaklangani oqibatida olamdan o‘tgandi.

Ushbu kollejdagi voqealar o‘tgan hafta O‘zbekiston telekanalida ham tanqid qilindi.

7 oktabr kuni prezident devoni, Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan va unda kollej direktori Natalya Temirovani “2-darajali adliya maslahatchisi” martabasidan mahrum qilish, lavozimidan bo‘shatishga qaror qilingan.

Adliya vazirligi saytidagi ma’lumotga ko‘ra, "Rahbar xodimlarning o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi oqibatida 2017 yil 6 oktabr kuni o‘quvchilar tomonidan kollej hududida og‘ir jinoyat sodir etilgan".

Kollejlardagi qotilliklar

Joriy yilda O‘zbekiston kollejlarida bir necha marta qotillik amalga oshirildi.

Andijondagi Qishloq xo‘jalik kollejining ikki bitiruvchisi pichoqlashgani oqibatida, ulardan biri 11 iyul kuni kasalxonada jon berdi.

Toshkentdagi Borovskiy nomli Tibbiyot kollejida shu yil may oyida 17 yoshli Jasur Ibragimov kursdoshi tarafidan kaltaklab o‘ldirilishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Mart oyida esa Toshkent Davlat texnika universitetining 1-kurs talabasi Toshkent tibbiyot kolleji o‘quvchisini rashk sababli, oshxona pichog‘i bilan jarohatlagan edi.

XS
SM
MD
LG