Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:45

Mirziyoev vrachlarni malakasizlik va mas’uliyatsizlikda yana aybladi


Prezident Mirziyoev 18 oktabr kuni tibbiyot sohasidagi islohotlar tahliliga bag‘ishlab o‘tkazgan selektor yig‘ilishida tibbiyot xodimlarini yana bir bor malakasizlik va mas’uliyatsizlikda ayblar ekan, 2022 yilgacha soha mutaxassislari faoliyatini litsenziyalash tizimi joriy etilishini bildirdi.

President.uz saytining yig‘ilish to‘g‘risidagi hisobotida Prezident tibbiyot xodimlarining sotsial-iqtisodiy muammolariga to‘xtalgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Shavkat Mirziyoev o‘tkazgan selektor yig‘ilishida Prezident Davlat maslahatchilari, Bosh vazir va Bosh vazir o‘rinbosari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

10 oyda 3 marta “tibbiy majlis”

President.uz sayti O‘zbekiston rahbari joriy yilning o‘zida sog‘liqni saqlash masalasiga bag‘ishlab uch marta videoselektor yig‘ilishi o‘tkazganini esladi.

Bu yig‘ilishlarda “tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish, odamlarda haqli e’tiroz uyg‘otayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi, shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan dasturlar ijrosi atroflicha ko‘rib chiqildi”, deb yozdi O‘zbekiston rahbari rasmiy sayti.

Prezident asosiy e’tiborni nimalarga qaratdi?

Shavkat Mirziyoevga ko‘ra, “aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, xususiy sektor va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada rivojlantirish” borasida hali ko‘p ish qilinishi kerak.

Viloyatlarda ahvol yaxshi emas

Prezident yig‘ilishda “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining hududlarda yetarli darajada emasligi oldimizda turgan dolzarb muammolardan biri, tan olish kerak, hududlardan yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun Toshkent shahriga kelish aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda”, degan.

"Vrachlar desanti"

Yig‘ilish to‘g‘risidagi Prezident sayti xabarida aytilishicha, viloyatlarga Toshkentdan 134 vrach ketgan.

Hududlardagi “muammolarni bartaraf etish maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olingani qayd etildi. Ular viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlariga, jumladan, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya, kardiologiya, silga qarshi, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ishlash uchun yuborildi”, deyilgan xabarda.

Vrachlar viloyatlarga ketishga majburlanganini aytgan edi

Ozodlik o‘z vaqtida bu mavzuni yoritgan edi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida 16 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Bosh vazir Abdulla Aripov respublikaning barcha viloyat markazlaridagi viloyat shifoxonalari bosh vrachlari o‘rniga poytaxt Toshkentdagi respublika markaziy shifoxonalarida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlayotganlar tayinlanishini aytgani to‘g‘risida xabar qilgandik. O‘shanda Ozodlik bilan suhbatlashgan vrachlar viloyatlarga majbur jo‘natilayotgani to‘g‘risida aytgan edi.

“Tez yordam” – og‘riqli xizmat

“Aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan dolzarb masalalardan biri – bu tez tibbiy yordam xizmati bilan bog‘liq. Bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Transport vositalari hali yetarli emas, dori-darmon ta’minotida uzilishlar mavjud”, degan Prezident.

Aytilishicha, mamlakat bo‘ylab 2016 yilda 806 tez tibbiy yordam stansiyasi va kichik stansiyasi bor edi. 2017 yilda bu ko‘rsatkich 2 ming 100 dan oshgan.

Chet eldan qaytayotgan vrachlar ham bor

“Chet el klinikalarida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq vatandoshimiz yurtimizga qaytarildi”, deyilgan xabarda.

O‘zbekistonda 3 ming 860 ta xususiy tibbiyot muassasasi bor

"O‘tgan 9 oy mobaynida xususiy tibbiyot muassasalari yana 400 dan ziyodga ko‘payib, ularning soni 3 ming 860 dan oshgani xususiy tibbiyot muassasalariga berilayotgan keng imtiyoz va preferentsiyalar samarasidir”, deyilgan xabarda.

Xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy ixtisoslik turlari 50 tadan 126 taga ko‘paytirildi.

"O‘zbekcha" dorilar

Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan 2 ming 300 dan ortiq turda dori ishlab chiqarilayotgani, farmatsevtika mahsuloti eksportini 40 foizga oshirishga erishilgani aytildi.

Malakasiz va mas’uliyatsiz vrachlar?

“Yig‘ilishda tibbiyot xodimlarining malakasi va shaxsiy mas’uliyati masalasi jiddiy tanqid qilindi. Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimining davlat va xususiy sektoridagi barcha mutaxassislar faoliyatini litsenziyalash tizimini tatbiq etish nazarda tutilgan”, deyilgan president.uz sayti xabarida.

Yil boshidagi majlis

Prezident Shavkat Mirziyoev sog‘liqni saqlash sohasi vakilari bilan joriy yil 5 yanvarida uchrashgan edi. O‘shanda u virtual qabulxonaga tibbiyot sohasiga oid 7 mingta shikoyat kelib tushganini aytgan.

Mirziyoev malakali mutaxassislarning yetishmasligi, joylarda tibbiy ko‘riklarning nomigagina o‘tkazilishi ortidan sog‘liqni saqlash xizmatining sifati ko‘ngildagiday bo‘lmayotgani to‘g‘risida gapirgan, “bugun xalq bu xizmat sifatidan rozi, deya olmaymiz”, degan edi Mirziyoev.

Vrachning do‘sti Prezidentga g‘oyibona e’tiroz bildirdi

President.uz saytining 18 oktabrda o‘tkazilgan yig‘ilish to‘g‘risidagi hisobotida Prezident tibbiyot xodimlarining sotsial-iqtisodiy muammolariga to‘xtalgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Ozodlikka tibbiyot xodimlaridan kelayotgan kelayotgan xatlardan, kamida, “ulargayam havas qilib bo‘lmas ekan”, degan his qoladi.

E’tiboringizga shu mavzudagi eng so‘nggi xatlardan birini havola qilmoqchimiz. Xat mazmunidan uning muallifi kuni kecha poezdda Toshkent viloyatiga paxta terimiga olib ketilgan vrachning do‘stidir.

E’lon qilishimizga ismi sir qolishi sharti bilan rozilik bergan muallif matnini, mazmuniga putur yetkazmagan holda, juz’iy qisqartirib berayapmiz.

"Assalomu alaykum.

Bular xaqda umuman yozishni, hatto o‘ylashni ham xohlamagandim.

Lekin oxirgi voqealar shunga majbur qilmoqda.

Nega hamma joyda vrachlarga qarshi fikr boru lekin vrachlar tomonidan ularga qarshi fikr yo‘q?

Bu, menimcha, vrachlar o‘zlari aybdorligi uchun "jim", degani emas.

Balki, vrachlar fikrlovchi insonlardir? Ular vaziyatni tahlil qila olishar, shuning uchun javob yo‘qdir?

Kecha bir guruh vrachlarni majburan "qayoqqadir" paxta terimiga olib ketishdi.

Vrachning aytishicha, va’da qilingan 500 000 ming pul yo‘q, obshiy vagon, yog‘och skameykalar orqasini shilvorgan, xavo yo‘q, joy yo‘q, shovqin, qorin och holatda 12 soat yo‘l yurib, soat 4:10 da Bekobodga yetib borishgan. 5:25 bo‘lganda xam xech kim kutib olmagan, hech kim “it keldimi, eshak keldimi” demagan.

“Yomg‘irdan qochib, daraxt tagida o‘tiribmiz”, dedi vrach tanishim.

“Havodan sement hidi anqib turibdi, padariga la’nat, agar arizangni yoz desa, yozvorardim, o‘zimga xo‘rligim kelyapti”, dedi.

Odamga alam qiladi. Axir o‘sha vrach ertaga onangizni, otangizni yoki bolangizni o‘limdan saqlab qolishi mumkin-ku?!

Tibbiyotda kasallikning asl sababini yo‘qotmasdan turib, uni davolab bo‘lmaydi, deyishadi.

Xo‘sh, asl sabab nima ekan, deb kimdir o‘ylab ko‘rdimi?!

10 yil kontraktda o‘qigan vrachning ota onasining, qolaversa, o‘zining orzu-havasi yo‘qmi?!

Mamlakatimizdagi eng bilimli bolalarimiz aynan tibbiyot institutlariga kirishadi, ho‘sh biz ularni o‘qitib nimaga erishamiz?!

Oyligi 600-700 ming bo‘lgan vrach ishxonasiga paxta, qog‘oz, forma, paqir sotib oladi, metallolom topshiradi, gazetaga obuna bo‘ladi, paxta terimida, mahalla guzari qurilishida ishlaydi, kunlik dorilar, ishxonasidagi tibbiy jihozlarni o‘zining naqd puliga sotib oladi va buni ko‘pchilik biladi.

Xo‘sh vrachlar shunga loyiqmi?!

Balki masalani boshqa tomondan ko‘rib chiqish vaqti kelgandir?

Agar shu ketishda davom etsak, ertaga kim vrach bo‘lishni xohlaydi va nimaga erishamiz?

Vrachlarni o‘z ish joyida qolayotganining yagona sababi ular o‘z kasbini yaxshi ko‘rishi, o‘z kasbiga sodiqligi va ota onasining orzu-havasi xolos".

XS
SM
MD
LG