Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:26

Mirziyoev qarori bilan yana 150 militsionerga musorada qilingan uylar tarqatildi


Toshkentda IIVning 150 profilaktika inspektoriga xizmat uyi hamda shaxsiy mashina topshirildi. Shu yilning sentabrida ham 150 militsionerga kvartira berilgandi. ​Prezident Mirziyoev aprel oyida imzolagan qaror asosida, militsiya xodimlariga aholidan musodara qilingan kvartiralar berilmoqda.

Sputnik nashrining xabar qilishicha, 22 oktabr kuni Toshkentning Amir Temur xiyobonida inspektorlarning qasamyod marosimi bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev, Bosh prokurori Ixtiyor Abdullaev va Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovlar ishtirok etgan tadbirda yangi inspektorlarga xizmat kvartirasi va avtomobil kaliti topshirilgan.

IIVdan olingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, kvartira va avtomobillar O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 20 apreldagi qaroriga binoan berilmoqda.

Qarorda militsionerlar uchun mo‘ljallangan turar-joy fondi, mahalliy hukumat balansida turgan, ikkilamchi bozordan sotib olingan va davlat foydasiga musodara qilingan xizmat kvartiralaridan tashkil topishi belgilangan.

O‘zbekiston IIV matbuot xizmati esa bu yilning oxirigacha jami 537 militsionerni kvartira bilan ta’minlash rejalashtirilganini bildirgan.

Bu Toshkentda o‘tkazilayotgan ikkinchi tadbirdir. Birinchi tadbir, shu yilning 10 sentabrida bo‘lib o‘tgan va unda ham 150 militsionerga uy hamda avtomobil berilgan.

Toshkentlik mustaqil jurnalist, musodara qilingan uylar haqida qator maqolalar muallifi Aleksey Volosevichning aniqlashicha so‘nggi paytlarda IIV tomonidan, asosan, fohishaxonalarni aniqlab, ko‘pqavatli uylardagi kvartiralarni musodara qilish hollari ko‘paygan. Uning aytishicha, militsionerlarga ana shunday kvartiralar berilmoqda.

O‘zbekiston IIV shu yilning 20 yulida o‘tkazgan brifing chog‘ida Toshkent shahar IIB boshlig‘i muovini Doniyor Toshxo‘jaev yil boshidan beri shaharda 400 ta fohishaxona aniqlanib, "priton"ga aylantirilgan kvartiralar musodara qilinganini aytgan edi.

Mustaqil jurnalist Aleksey Volosevievning Ozodlikka aytishicha, Toshkent shahar IIB boshlig‘i muovini Doniyor Toshxo‘jaev aytgan musodara qilingan kvartiralar kaliti militsionerlarga topshirilgan.

- O‘zbek huquq tartibot organlari militsionerlarni kvartira bilan ta’minlash haqidagi prezident rejasini deyarli bajarib bo‘lishdi. Faqat yana 137 ta pritonni aniqlab, daliliy ashyo sifatida musodara qilishsa bo‘ldi, - deya ta’kidlagan edi Volosevich.

O‘zbekiston prezidenti shu yilning 10 aprelida "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan.

Ushbu qarorga binoan profilaktika inspektorlari ular ishlab turgan hududda joylashgan xizmat uylari bilan ta’minlanishi lozim.

Shu maqsadda 2018 yilning oxirigacha respublikaning barcha viloyatlarida militsionerlar uchun ko‘pqavatli uylarda joylashgan 1 ming 327ta xizmat kvartirasi va 3 ming 829ta xizmat uyini topshirish rejalashtirilgan.

Qarorda xizmat uylarini qurish, kvartiralarini esa hokimiyatlar balansidan ajratish belgilangan.

Mazkur qarorga binoan berilayotgan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan "Matiz" rusumidagi avtomobillarni esa militsiya xodimlarining o‘zi oldindan 15 foiz, so‘ngra oyiga 14 foizlik to‘lov bilan 10 yillik imtiyozli kredit asosida sotib olmoqdalar.

XS
SM
MD
LG