Tbilisi merligi uchun saylovning dastlabki natijalari Milan futbol klubining sobiq futbolchisi, yetakchi “Gruziya orzusi” partiyasi vakili Kaxaber Kaladze g‘olib bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Shahardagi 737 uchastkaning 99 foizidan oshig‘idan olingan natijalarga ko‘ra, Kaladze 51,1 foiz ovoz to‘plagan. Bu haqda 22 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi bildirdi.
“Birlashgan milliy harakat” partiyasi nomzodi Zaal Udumashvili 17,5 foiz, mustaqil nomzod Aleko Elisashvili esa 16,5 foiz ovoz olgan.
Poytaxt meri lavozimi uchun 13 nomzod bellashdi.
Markaziy saylov komissiyasi mamlakat bo‘ylab munitsipal saylovlarda 1,6 million odam ovoz berganini bildirdi. Bu saylovchilarning 45,64 foizidir.
Tbilisi, Batumi, Kutaisi, Poti hamda Rustavi shaharlarida mer saylovlari o‘tkazildi. Qolgan hududlarda munitsipalitet va tuman yetakchilari saylovlari bo‘lib o‘tdi.
Saylovchilar, shuningdek, 64 mahalliy kengashga 2 058 a’zo tanlash uchun ovoz berdi.
Saylovchilar orasida o‘tkazilgan so‘rovlar Tbilisi shahri kengashi saylovida “Gruziya orzusi” koalitsiyasi oldinda ekanligini ko‘rsatdi.
Mamlakatning ikkinchi yirik shahri bo‘lmish Kutaisida ham mazkur partiya nomzodining qo‘li baland kelishi kutilmoqda.
Gruziyada mer bo‘lish uchun nomzodlar 50 foizdan oshiq ovoz to‘plashi kerak. Aks holda saylov ikkinchi turga qoldiriladi.
Bundan avvalgi saylov 2014 yilda o‘tkazilgan edi. O‘shanda ham aksar o‘rinlarga “Gruziya orzusi” koalitsiyasi nomzodlari saylangan edi.
Kaladzeni “Gruziya orzusi” partiyasi asoschisi, sobiq bosh vazir Bidzina Ivanishvili qo‘llaydi.
Kaladze turizm sohasini yaxshilash, hukumat byurokratiyasini ozaytirish hamda yangi transport tarmoqlarini qurish orqali shahar iqtisodini yaxshilashni va’da qilmoqda.
Tanqidchilar “Gruziya orzusi” partiyasini administrativ resurslarni suiste’mol qilishda ayblamoqda. Kaladzening o‘zi esa bu ayblovlarni rad etadi.
Ivanishvili 2013 yil siyosatni tark etgan. Ammo ko‘pchilik u parda ortidan “Gruziya orzusi” partiyasini boshqarishiga ishonadi. Partiya 2012 yil parlament saylovlarida sobiq prezident Mixail Saakashvilining partiyasini yenggan.