Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:40

HRW: O‘zbek hukumati institutsion o‘zgarishlarni amalga oshirishi lozim


Human Rights Watch (HRW) tashkilotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoev prezidengligining ilk yili davomida O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi inson huquqlari ahvolini yaxshilash uchun ayrim choralarni ko‘rdi, ammo endilikda hukumat institutsion o‘zgarishlarni amalga oshirishi kerak.

Tashkilot O‘zbekistonda so‘nggi yil ichida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar aks etgan videolavhani ham e’lon qildi. Videoda o‘zbek qamog‘ida deyarli 18 yil o‘tirgan “Erk” gazetasining sobiq muharriri Muhammad Bekjonov bilan suhbatdan parcha ham bor.

HRWning Markaziy Osië bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov:

HRW vakili Stiv Sverdlov.
HRW vakili Stiv Sverdlov.

- Mamlakat uchun umid paydo bo‘lgan bir paytda, o‘zbek hukumati allaqachon tashlangan kamtar qadamlarni O‘zbekistonning barcha vatandoshlari huquqlari muntazam muhofaza qilinishini ta’minlaydigan to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishi kerak. Toshkent oldida turgan sinov ijobiy harakatlarni barqaror institutsion yaxshilanishlarga aylantirishdir, - dedi.

Tashkilotga ko‘ra, Mirziyoev ma’muriyati mamlakatning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlariga amal qilishni yangi siyosiy davrning asosiy yutug‘iga aylantirishi kerak. O‘zbekiston hukumati o‘z faoliyati tinch yo‘l bilan tanqid qilinishiga nafaqat izn berishi, balki buni qadrlashini ochiq ko‘rsatishi kerak.

O‘tgan oyda HRW O‘zbekiston hukumatining bir necha rasmiysi bilan uchrashdi, faollar, sobiq siyosiy mahbuslar, hozirda qamoqda bo‘lgan siyosiy mahbuslar qarindoshlari hamda oddiy vatandoshlardan intervyu oldi va shular asosida hisobot e’lon qildi. Hisobotda hukumat amalga oshirgan ijobiy islohotlarga urg‘u berildi va ijobiy o‘zgarishlar uzoqqa cho‘zilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan choralar ko‘rsatildi.

Mirziyoev prezident bo‘lganiden beri O‘zbekiston hukumati 16 nafar siyosiy mahbusni ozod qildi, so‘z erkinligiga qo‘yilgan ayrim cheklovlarni bekor qildi, fuqarolarni Milliy xavfsizlik xizmatining qora ro‘yxatidan chiqardi hamda hukumat rasmiylarining fuqarolar oldidagi javobgarligini oshirdi. Hukumat, shuningdek, o‘qituvchi, shifokor va talabalarni paxta dalalariga majburiy safarbar qilishni man etdi.

Yuqorida tilga olingan ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, O‘zbekistonning avtoritar siyosiy tuzumi tubdan o‘zgara olishini, inson huquqlarining poymol qilininishiga chek qo‘yilishi yoki yo‘qligini vaqt ko‘rsatadi.

Toshkentga mamlakatdagi inson huquqlarini yaxshilash uchun berilgan maslahatlar orasida qamoq muddati arbitrar tarzda uzaytirilishiga chek qo‘yish, matbuot erkinligini ta’minlash, siyosiy masalalarni ko‘taruvchi nodavlat tashkilotlarni ro‘yxatga olish hamda chiqish vizalarini bekor qilish kabilar bor.

Oktabr oyida mamlakatda bir vaqtning o‘zida ijobiy o‘zgarishlar va ortga qadam tashlash kuzatildi. Bir necha hafta ichida O‘zbekiston rasmiylari besh siyosiy mahbus – jurnalist Solijon Abdurahmonov, muxolifatchi faol Muhammadali Qoraboev, inson huquqlari himoyachilari A’zam Farmonov, G‘anixon Mamatxonov hamda A’zam Turg‘unovlarni ozod qildilar, ammo yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon va jurnalist Bobomurod Abdullaev yangi ayblovlar bilan hibsga olindi.

O‘zbek qamoqxonalarida siyosiy mahbuslar hali ham talaygina

Hozirda mamlakat qamoqxonalarida siyosiy motivga ega ayblovlar bilan qamalgan minglab mahbus bo‘lib, ular qiynoqqa tutilib kelayotgani ehtimoldan xoli emas.

Hozirda qamoqda bo‘lgan inson huquqlari faollari orasida Mehriniso Hamdamova, Zulxumor Hamdamova, Isroiljon Xoldorov, G‘aybullo Jalilov, Cho‘yan Mamatqulov, Zafarjon Rahimov, Yo‘ldosh Rasulov hamda Faxriddin Tillaevlar bor.

Jurnalistlardan Bobomurod Abdullaev, G‘ayrat Mixliboev, Yusuf Ro‘zimurodov va Dilmurod Saidovlar panjara ortida tutib turilibdi.

Hibsdagi diniy ulamolar va hukumat tanqidchilari safida Aramais Avakyan, Ruhiddin Faxriddinov, Sobir Hamidqoriev, Nodirbek Yusupov, Dilorom Abduqodirova, Ravshan Qosimovlar bor. Muxolifatchi faol Qudratbek Rasulov ham qamoqda.

O‘zbekiston qamoqlari rasmiylari Jinoyat kodeksining qamoq qonunlariga oid 221-moddasiga tayangan holda, siyosiy mahbuslar qamalgan muddatni arbitrar ravishda uzaytirishda davom etmoqda.

Mirziyoev ma’muriyati Karimov ma’muriyatidan farqli o‘laroq, kamtar tinch namoyish o‘tkazilishiga qisman izn bermoqda. Ammo mustaqil inson huquqlari faollari, jurnalistlar, huquqshunoslar hamon tazyiqlarga uchramoqda.

Inson huquqlari vaziyatini o‘nglash uchun Toshkent qanday odimlar otmog‘i lozim?

HRW mamlakatdagi inson huquqlari vaziyatini yaxshilash uchun O‘zbekiston hukumatini muayyan choralarni ko‘rishga chaqirdi. Bular quyidagilardir:

Nohaq ravishda qamalgan barcha inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar, siyosiy muxolifat a’zolari hamda siyosiy motivga ega ayblovlar bilan qamalgan boshqa faollarni zudlik bilan va cheklovsiz ozod etish;

Qamoq muddatini kichik qonunbuzarliklar yoki Jinoyat kodeksi 221-moddasida ko‘rsatilgan qamoq qoidalarini buzilishi sabab arbitrar tarzda uzaytirishni to‘xtatish;

Qiynoqlarni to‘xtatish uchun muayyan chora ko‘rish, BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi maslahatlariga to‘liq amal qilish, jumladan, Jasliq koloniyasini yopish, Xalqaro qizil xoch tomonidan turmalar nazorat qilinishini qayta yo‘lga qo‘yish hamda Qiynoqqa qarshi kelishuvning ixtiyoriy bayonnomasini imzolash;

Matbuot erkinligini ta’minlash, Internet tsenzurasini to‘xtatish, jurnalistlar tahqirlanishini bas qilish hamda mahalliy va xalqaro nashrlarga, jumladan, O‘zbekistonda o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan nashrlarga ro‘yxatdan o‘tishga izn berish hamda xorijlik jurnalistlarni akkreditatsiya qilish;

Mahalliy hamda xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hukumat aralashuvisiz ishlashiga yo‘l qo‘yish, xususan, likvidatsiya qilingan yoki O‘zbekistonda o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tashkilotlarni qayta ro‘yxatga olish;

2015 yil iyunida qabul qilingan, nodavlat tashkilotlarni har qanday ish-harakat uchun Adliya vazirligi ma’qulligini olishga majburlovchi qonunni bekor qilish;

O‘zbekiston vatandoshlari xorijga sayohat qilish uchun olishi kerak bo‘lgan vizalarni bekor qilish;

Diniy tazyiqlarga barham berish, jumladan, tinch diniy faoliyatga izn berish hamda minglab odamni diniy e’tiqodiga tinch yo‘sinda amal qilgani uchun qamashni bas qilish;

BMTning diniy erkinlik bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi 2017 yilning oktabrida mamlakatga kiritilgani kabi BMTning qolgan 13 kuzatuvchisini ham O‘zbekistonga chaqirish;

Voyaga yetganlar paxta terishga majburlanishini to‘xtatish, hukumat ishchilari va talabalarni majburiy safarbar qilishni man etuvchi qonunga amal qilinishini ta’minlash, mustaqil nodavlat tashkilotlar monitoring o‘tkazishiga yo‘l ochib berish;

2005 yilgi Andijon qirg‘ini uchun javogbarlikni olish hamda qirg‘indan keyin mamlakatni tark etganlar vatanlariga qaytganidan keyin, ularni siquvga olishni to‘xtatish.

XS
SM
MD
LG