Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:28

Toshkentdagi ba’zi masjidlarda azon ovoz kuchaytirgichda aytila boshladi


Toshkentdagi Minor masjidi
Toshkentdagi Minor masjidi

Toshkentning Yunusobod, Chilonzor, Hamza, Yashnaobod tumanlaridagi yirik masjidlarida azon ovoz kuchaytirgichlar orqali aytilmoqda. Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, hozircha azon ovozi masjiddan 300-500 metr nariga eshitilmoqda, ammo namozxonlar tez orada ovozni baralla ko‘tarishga ruxsat berilishi kutilayotganini aytmoqda.

Masjidlarda ovoz kuchaytirgichdan foydalana boshlagani haqida ilk xabar bergan Azon.uz saytiga ko‘ra, O‘zbekistonning boshqa viloyatlari - Andijon va Farg‘onada ham ba’zi masjidlarda azon ovoz kuchaytirgichlar orqali chaqirilmoqda.

Sayt, o‘z manbalariga tayanib, Toshkentning Yunusobod, Chilonzor, Sergeli tumanlaridagi masjidlarga chaqirilayotgan azon ovozi atrof mahallalardan eshitilib turganini xabar qildi.

Toshkentdagi mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, ovoz kuchaytirgichlardan foydalanish noyabr oyining boshlarida boshlangan.

- Biz yashab turgan mahalla masjididan ham azon ovozi eshitila boshladi. Hozircha azon va juma ma’ruzalarining ovozi masjiddan 300 metrcha nariga qadar eshitilayapti. Bomdod vaqti yaxshi eshitiladi, kunduzi trasportning shovqini bosib ketayapti. Boshqa namozxonlar bilan ham gaplashdim - "Minor", "Tillashayx", "Bodomzor", "Islom ota", "Ilon ota", "Katta qa’ni" masjidlarida azon ovoz kuchaytirgichlarda aytilayapti, - dedi jurnalist.

Toshkentdagi boshqa namozxonlar bilan suhbatlashgan Ozodlik muxbiriga ko‘ra, hozircha ovoz kuchaytirgichlardan foydalanish mumkin, degan og‘zaki yoki yozma ruxsat berilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Jumladan, Ozodlik bog‘langan Toshkentdagi masjidlardan birining imom-xatibi yordamchisi ayrim masjidlarda imomlar o‘zlari tashabbus qilib, "yaxshi niyat bilan" ovoz kuchaytirgichlardan foydalana boshlaganini aytdi.

"Shu azonga ruxsat berilar ekan, degan gaplardan keyin imomimizning o‘zlari yaxshi niyat qilib, ovoz kuchaytirgichning ovozini biroz ko‘tarib qo‘ydilar. Juda unaqa baland qilib yuborganimiz yo‘q. Prezidentimiz aslida shu kunlarda ruxsat berarkanlar, deyishyapti. Umid qilib turibmiz", dedi poytaxtdagi masjidlardan birining imomi muovini. (Bu kishining so‘roviga binoan masjid nomi va imomning ismi oshkor qilinmayotir)

Hozircha Ozodlik bu xabarga biror rasmiy idora yoki shaxsdan izoh olishga muvaffaq bo‘lmadi.

26 oktabr kuni Toshkentdagi “Shayx Zayniddin” (eski “Ko‘kcha”) jome masjidida bo‘lgan imom-xatiblar yig‘ini va unda azonni ovoz kuchaytirgichlarda aytilishiga ruxsat berilishi mumkinligi aytilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Mazkur tadbirda qatnashgan manbasiga tayanib xabar qilgan Azon.uz saytining yozishicha, yig‘ilish ishtirokchilar masjidlarda azonni ovoz kuchaytirgichlar vositasida chaqirishga ruxsat beriladimi, degan savolni o‘rtaga tashlagan va buning ortidan ​"imomlarning yaqin kunlar ichida bu borada amaliy ishlarga o‘tilishi belgilab qo‘yilgan".

Bu borada 30 oktabr kuni Ozodlikka izoh bergan shayx Abdulaziz Mansurga ko‘ra, ​aslida Diniy idora bu va yana boshqa masalalar - xotin-qizlarning ro‘mol o‘rashi, maktablarda "Dinshunoslik" darslarini qayta tiklash kabi qator masalalarda ruxsat berilishini so‘rab, prezident Mirziyoev devoniga murojaat qilganini ham aytgan.

- Prezidentimizga yo‘llangan ro‘yxatni o‘zim ko‘rganman. Murojaatnoma u kishining qo‘llariga berilmagan bo‘lsa-da, prezident devoniga topshirilgan. Hozir shunga javob kutayapmiz. Ko‘rib turibsiz, keyingi bir yil ichida shuncha yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi, Xudo xohlasa, bu yog‘iga undan ham yaxshi o‘zgarishlar bo‘ladi, deb umid qilib turibmiz, - degan edi 30 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan shayx Abdulaziz Mansur.

Quyida diniy idora mulozimi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:​

Диний идора азонни овоз кучайтиргичда айтишга оид хабарларга аниқлик киритди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:05 0:00
Бевосита линк

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 2 ming 37 ta masjid bor. Ularda jami 5 mingdan ortiq imom va imom noiblari ishlamoqda.

Aslida, shu yilning Ramazon oyida Toshkentdagi qator markaziy masjidlarida azon chaqirilganda, Taroveh namozlari o‘qilganda va "Qur’on" tilovat qilinganda ovoz kuchaytirgichlardan foydalanilgani kuzatilgan edi.​

O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilga yaqin muddat davomida azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytish taqiqlangan va bunga boshqa din vakillarining e’tirozi sabab bo‘lgani aytib kelingan.

Shu kunga qadar bu masjidlarda azon faqat ichkarida, namozga kelgan qavmga eshitilar darajada aytib kelinmoqda.

XS
SM
MD
LG