Dog‘iston politsiyasi IIV buyrug‘i bilan tuzilgan 2015-2016 yildagi ekstremistik kayfiyatdagi kishilar ro‘yxatlarga tirkalgan dindorlar ustidan nazoratni yanada kuchaytirdi. Mahalliy inson huquqlari faollariga ko‘ra, bu ro‘yxatlar Dog‘iston Ichki ishlar vazirining maxsus buyrug‘i asosida tuzilgan va keyinchalik bekor qilingan, ammo tazyiqlar to‘xtamagan.
Jumladan, maxachkalalik Arsen Gasenov 2016 yilning fevralidan beri tinchini yo‘qotgan. Ozodlik bilan suhbatda u:
- O‘zimni Don Kixotdek his qilyapman: Hujumga shaylangan tegirmonlardan o‘zimni himoya qilishga urinyapman, - dedi.
Gasenov o‘tgan yilning fevralida bolalarini maktabdan olish uchun erta borgan va bekor o‘tirmaslik uchun mahalliy masjidga kirgandi. Masjid tashqarisida esa politsiya zobiti uni to‘xtatib, politsiya bo‘limiga olib ketdi.
Politsiya bo‘limida uni va boshqa bir necha shaxsni so‘roq qilib, suratga olib, qo‘yib yuborishdi.
- Mendan necha yildan beri masjidga borayotganimni va qanday musulmon ekanligimni, qaysi masjidlarga borishimni so‘rashdi. Men biror oqimga mansub emasligimni, qaysi masjid qulay bo‘lsa, o‘shanisiga borib, namoz o‘qishimni aytdim. Chindan ham shunday, - deydi Gasanov.
Gasanov barmoq izlarini berishidan bosh tortgan. Chunki, uning aytishicha, keyinchalik bu "barmoq izlari qaysidir o‘rmondagi qurolda paydo bo‘lib qolishini istamagan". Politsiya qo‘yib yuborgan bo‘lsada, keyinroq u potentsial ekstremist o‘laroq maxfiy ro‘yxatga kiritilganidan xabar topdi.
Mahalliy inson huquqlari faollariga ko‘ra, bu ro‘yxat Dog‘iston Ichki ishlar vazirligining 2015 yil apreli va 2016 yil aprelida chiqargan maxsus buyruqlari asosida tuzilgan.
“Memorial” inson huquqlari markazining “Konflikt zonalari” loyihasi huquqshunosi Galina Tarasova Ozodlik bilan suhbatda: "Bu ikki buyruqning birortasi ham ommaga e’lon qilingani yo‘q", dedi.
- Mashinasida ketayotgan shaxslarni yo‘l postlarida soatlab ushlab turishlari mumkin. Ayrim hollarda ba’zilar dam olish yoki davolanish uchun Dog‘istondan chiqish mumkin yoki yo‘qligi haqida so‘raganda, uni har bir postda to‘xtatishlarini aytishgan. [Rasmiylar] ularning qarindoshlari iziga tushishadi, tinmay telefon qilishadi, noma’lum odamlar haqida so‘rashadi, uylariga borishadi. Biz buni shaxsiy hayotga bo‘lgan huquqning buzilishi deb hisoblaymiz, - deya qo‘shimcha qildi Tarasova.
“Memorial” sudga murojaat qilishi ortidan Dog‘iston Ichki ishlar vaziri Abdurashiv Magomedov 2017 yil boshida ro‘yxat bekor qilinganini va to‘plangan barcha ma’lumot yo‘q qilinganini bildirdi. Tarasova buning ortidan qo‘lga olishlar ozayganini, ammo butunlay to‘xtamaganini aytdi.
- Endi qarshi kurashish yanada murakkab bo‘lib qoldi. Kuzatuv ro‘yxati mavjud emas, ammo politsiya xulq-atvori o‘zgargani yo‘q. Bu Arsen Gasanovga ham tegishli, - dedi Tarasova.
2016 yilning oktabrida politsiya zobiti Murad Xalaev Gasanov uyiga kelib, bundan nari har hafta Gasanovdan xabar olishini aytgan.
Unga podpolkovnik Murad Qurbanov “Ekstremist turkumi ostidagi tekshiruv ro‘yxatiga kiritilding”, deb yozilgan maktub yo‘llagan.
Pirovardida Gasanov sudga murojaat qilgan. Uzoq cho‘zilgan sud Gasanov ro‘yxatga kiritilgani haqida etarlicha dalil yo‘q, deya xulosa qilgan. Sud qaroridan keyinam, Gasanovni politsiya tahqirlashda davom etgan.
Keyinroq Dog‘iston oliy sudi quyi sud qarorini bekor qilgan. Ammo quyi sud maxfiy ro‘yxat bekor qilinganini aytib, Gasanov arizasini ko‘rib chiqmagan.
Hozirgacha politsiya xodimlari Gasanov uyiga kelib turadi.
Xalaev Ozodlikning ekstremistlar ro‘yxati haqidagi savoliga javob berishdan bosh tortdi. Qurbanov bilan esa aloqaga chiqib bo‘lmadi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi ham Ozodlik maktublariga javob bermadi.
U o‘z huquqlarini himoya qilish uchun kurashayotgani uchun politsiya unga yanada o‘chakishidan xavotirda.
Ozodlik bilan suhbatda Gasanov: "Qo‘rqamanki, epoletli bu bo‘rilar menga nimadir tashlaydi yoki men shunchaki yo‘qolib qolaman. Oltita bolam bora, jumladan, ikki chaqalog‘im. Ularni kim boqadi?" dedi.