Qirg‘iziston prezidentligiga saylovda 11 nomzod orasida ikkinchi bo‘lib marraga kelgan "Respublika" partiyasi raisi O‘murbek Babanov O‘shning Amir Temur mavzesida o‘zbeklar huquqi to‘g‘risida gapirgani ortidan 4 noyabrda Bosh prokuratura unga nisbatan jinoyat ishi ochgan edi.
Bosh prokuratura: "Babanov o‘zbeklarga hukumat tomonidan bosim ko‘rsatilayotganini aytgan"
Bosh prokuraturaning bildirishicha, Babanov qirg‘izistonlik o‘zbeklarning huquqini tilga olish orqali millatlararo nizo uchun omil yaratgan.
-Tergovgacha bo‘lgan tekshiruvda aniqlandiki, prezidentlikka nomzod O‘murbek Babanov saylov arafasida olib borilgan targ‘ibot jarayonida 28 sentabr kuni O‘sh shahrining Amir Temur mavzesi aholisi bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda asosan o‘zbek millatiga mansub odamlar ishtirok etgan. O‘murbek Babanov ularning ovozini olish maqsadida mamlakatda milliy tengsizlikka yo‘l qo‘yilayotgani, o‘zbek millatidagilarning huquqlari poymol etilayotgani, o‘zbek millatiga nisbatan hukumat tuzilmalari tomonidan bosim ko‘rsatilayotgani to‘g‘rsidagi fikrlarini aytgan, - dedi Bosh prokuratura rasmiy vakili Almanbet Abdramanov O‘murbek Babanovga nisbatan jinoyat ishi ochilishi sabablarini sharhlar ekan.
Babanovning mazkur nutqidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz kontentida “Deputatlikka nomzod millatlararo nizo qo‘zg‘amoqda” qabilidagi videolar tarqatilgan edi. Buning ortidan Babanovga nisbatan jinoyat ishi ochish to‘g‘risidagi takliflar ham kiritilgan.
Biroq O‘murbek Babanovning o‘zi O‘shdagi uchrashuv paytida saylovchilarga prezident bo‘lib qolsa, mamlakatda yashovchi barcha millat vakillarining teng huquqliligini ta’minlashi to‘g‘risida so‘zlagan nutqi noxolis odamlar tomonidan buzib talqin qilingani, bu videolar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.
Babanov 23 oktabrdayoq Qirg‘izistonni tark etgan
Babanovga jinoyat ishi ochilganidan so‘ng uning saylovdan keyin, 23 oktabrda Bishkek-Moskva aviareysi bilan Qirg‘izistondan chiqib ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bildirgan parlament deputati Mirlan Jeenchoroev Babanovning Qirg‘izistonga qachon qaytishi hozircha noma’lum bo‘lib qolayotganini aytdi:
-Men uning qaysi mamlakatda ekanini aniq bilmayman. Qonun bo‘yicha bir odamning kasalligi haqida shifokorning ruxsatisiz boshqa odamlarga ma’lumot berish mumkin emas. Shuning uchun bu haqda biron narsa aytolmayman. Saylovdan so‘ng Babanov hammamiz bilan hayrlashib, minnatdorchiligini aytib, davolanish uchun boshqa davlatga ketayotganini aytgan. Uning qachon qaytishini bilmaymiz. Balki ertaga qaytar, balki bir haftadan keyin, -dedi Mirlan Jeenchoroev.
Qirg‘izistonlik qator siyosatshunoslar va tahlilchilar Babanovga nisbatan ochilgan jinoyat ishini muxolifatchidan siyosiy o‘ch olish yoki saylovdan keyin siyosiy maydonni muxolifatchilardan tozalash amali sifatida talqin qilmoqdalar. Tahlilchilar, agar Babanov Qirg‘izistonga qaytsa, so‘zsiz turda qamoqqa olinishi va shuning uchun ham uning qaytish-qaytmasligi noma’lumligicha qolayotganini tahmin qilmoqdalar.
Babanov uchun siyosiy imtihon davri boshlandi
Tahlilchi Adil Turdugulov bugungi vaziyat O‘murbek Babanovning siyosiy kelajagini belgilab berishini aytadi:
-Babanov o‘zining siyosiy kelajagini o‘ylasa, siyosatda qolaman desa, Qirg‘izistonga qaytib kelishi kerak. Agar cho‘chib qaytmay qo‘ysa, siyosiy kurashga tayyor bo‘lmagan odam sifatida o‘zini namoyon qiladi. Qirg‘iziston hukumati bugungi kunda Babanovga ochiq chaqiriq tashladi, -dedi Adil Turdugulov.
Babanov saylov arafasida Qozog‘iston prezidenti Nazarboev bilan uchrashuvi ortidan so‘nggi haftalarda Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida kuchaygan siyosiy ziddiyatning sababchisi o‘laroq muhokamalar markazida qolayotgan edi.
15 oktabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Babanov prezidentlikka 11 nomzod orasida saylovchilarning 33,49 foiz ovozini olgan edi. Saylovda hukumron sotsial demokratlar partiyasidan nomzod So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov 54.22 foiz ovoz olib, g‘olib bo‘lgan.