8 noyabr kuni Sankt Peterburg gubernatori Georgiy Poltavchenko boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga uch kunlik rasmiy tashrifi boshlandi. Delegatsiya kelishiga Samarqandda mehnat muhojirlarini Sankt Peterburgga jo‘natish markazi ochildi. Andijonda esa Poltavchenko yaqinlaridan biri dafn qilingan qabriston obod qilindi.
Andijondagi tayyorgarlik
Ikki kundirki, andijonliklar peterburglik delegatsiya tashrifiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Sankt Peterburg ma’muriyatining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Samarqand va Toshkentda bir qator uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalangan. Biroq rasmiy ma’lumotlarda delegatsiyaning Andijonga tashrifi borasida biror xabar yo‘q.
Andijon shahar hokimligida ishlovchi xodimning aytishicha, peterburglik delegatsiya rasmiy tadbirlarini tugatgach, delegatsiyaning kam sonli a’zolari Poltavchenko boshchiligida Andijonga ham kelishi kutilmoqda.
Hokimlik xodimiga ko‘ra, delegatsiya a’zolari Poltavchenkoning bobosi dafn qilingan Andijondagi nasroniylar qabristonida ham bo‘lishi rejalashtirilgan. Hokimlik xodimi Poltavchenkoning bobosi borasida biror ma’lumotga ega emasligini bildirdi.
Andijondagi “Sadovaya” nomidagi nasroniylar qabristonida Petr Sergeevich Poltavchenko (1898 - 1975) qabri bo‘lib, marhumning Peterburg gubernatori Poltavchenkoning bobosi ekani borasida Ozodlikda biror rasmiy hujjat yo‘q. Sankt-Peterburg shahri ma’muriyati mulozimlari bu savolga aniq javob bera olishmasligini aytishdi.
Delegatsiya tashrifi oldidan ushbu qabristonda bo‘layotgan obodonlashtirish ishlari odatga ko‘ra, yana o‘qituvchilar zimmasiga yuklatildi. Bu haqda voqea joyida bo‘lgan andijonlik manba Ozodlikka ma’lum qildi:
“Andijonda boshqa millat vakillari juda kam qolgan. Ruslarning deyarli hammasi Rossiyaga ko‘chib ketgan. Shuning uchun bu qabriston tashlandiq ahvolda yotgandi. Chunki u yerdagi mahrumlarning shaharda deyarli yaqinlari qolmagan. Peterburg gubernatori bobosining qabrini ziyorat qilishga kelishi ma’lum bo‘lgach, shahar hokimligi o‘qituvchilarni qabristonni obodonlashtirish ishlariga jalb qildi. Har maktabdan 5 tadan o‘qituvchi ikki kundirki, qabristonni tozalayapti. Tashlandiq qabrlarning panjaralarini bo‘yab, gullar o‘tqazayapti. Kraskalar ham o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan. Bugun ish hali tugamagan, ertaga ham o‘qituvchilarga tozalash ishlarini davom ettirish aytilgan”, deya andijonlik manba o‘zi olgan suratlarni ham Ozodlikka yo‘lladi.
Samarqanddagi tayyorgarlik
Rejaga ko‘ra, delegatsiya Samarqandda fuqarolarni uyushgan tartibda Sankt-Peterburgga ishga yuborish markazi faoliyati bilan tanishadi.
Delegatsiya keladigan kuni ish boshlagan ushbu markaz Sankt Peterburg ma’muriyati bilan hamkorlikda tashkil qilingan.
Peterburg ma’muriyati rasmiylariga ko‘ra, markaz orqali Rossiyadagi o‘zbekistonlik nolegal muhojirlar ko‘lamini qisqartirish rejalangan.
Samarqand shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, markazda Peterburgga ishlashga ketmoqchi bo‘lganlar dastlab maxsus suhbatdan o‘tadi. Keyin esa tibbiy ko‘rikdan o‘tib, rus tili bo‘yicha test topshirishlari lozim bo‘ladi.
Shahar hokimligi mulozimiga ko‘ra, peterburglik delegatsiya Samarqand shahar ma’muriyati bilan uchrashuv o‘tkazishi va shahardagi tarixiy yodgorliklarni tomosha qilishi ham rejalashtirilgan.
Samarqanddan Toshkentga qaytgan delegatsiya a’zolari uchun rasmiy tadbirlardan so‘ng Alisher Navoiy akademik teatrida "Kvintet Andreya Kondakova" ansamblining konserti namoyish qilinadi.
Rasmiy tashrif
Sankt-Peterburg gubernatori Georgiy Poltavchenko boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Peterburgning deyarli barcha rasmiylari bor. Jumladan, Qonunchilik yig‘ilishi raisi Vyacheslav Makarov, vitse-gubernatorlar Oleg Markov va Anna Mityanina, shuningdek, hukumatning boshqa bir qator mulozimlari, turli tashkilot va oliygohlar rahbarlari bor.
Sankt-Peterburg shahri ma’muriyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Poltavchenko Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashadi. Shuningdek, gubernator Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.
Tashrif doirasida 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy masalalar bo‘yicha bir qator shartnomalar imzolanishi kutilayapti. Toshkentda maxsus biznes forum o‘tkaziladi. Peterburglik vrach va o‘qituvchilar o‘zbek hamkasblari uchun master-klass o‘tishi rejalashtirilgan.