Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:54

IIV petitsiyaga yuzlab odam yiqqan 2 ayolning hibsga olinishini izohladi (VIDEO)


Toshkentda o‘ldirib ketilgan Jasur Ibrohimov himoyasiga "Do‘stlik" bog‘ida 4 iyun kuni bo‘lgan va Facebook, Twitter ijtimoiy tarmoqlarda faol ulashilgan aksiya
Toshkentda o‘ldirib ketilgan Jasur Ibrohimov himoyasiga "Do‘stlik" bog‘ida 4 iyun kuni bo‘lgan va Facebook, Twitter ijtimoiy tarmoqlarda faol ulashilgan aksiya

Toshkent IIBB Tergov bo‘limi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev poytaxtdagi kollejda urib o‘ldirilgan Jasur Ibrohimov himoyasi uchun petitsiya tashkil qilgan ayol "beruxsat yig‘in o‘tkazgani uchun" hibsga olinganini bildirdi. Irina Shohnazarova (Zaydman) 15 sutkalik hibsda saqlanmoqda. Tadbir 4 iyunda "Do‘stlik" bog‘ida o‘tgan va unda IIV mulozimi Doniyor Toshxo‘jaev ham bo‘lgan edi.

Toshkentdagi sobiq Borovskiy nomidagi Tibbiyot kollejida o‘qigan 17 yashar o‘quvchi Jasur Ibrohimov shu yilning may oyida kollejda kaltaklangan va 1 iyun kuni shifoxonada olamdan o‘tgan.

Jasur Ibrohimov
Jasur Ibrohimov

Uning vafotidan so‘ng adolatli tergovni talab qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni petitsiyaga chaqirgan toshkentlik faol Irina Shohnazarova (Zaydman) 15 noyabr kuni hibsga olingani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Faolning hibsga olinishi haqida ​O‘zbekistondagi Internet nashri - Gazeta.uz sayti savollariga javoban Toshkent IIBB Tergov bo‘limi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev Irina Shohnazarova "ruxsat berilmagan yig‘in"ni o‘tkazgani uchun hibsga olinganini bildirdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ayolga Ma’muriy javobgarlik kodeksining 201 (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish), 202-moddalari (Ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish) qo‘llanib, unga 15 sutkalik qamoq va eng kam ish haqining 50 barobari (qariyb 7 yarim million so‘m) miqdorida jarima solingan.

IIBB mulozimiga ko‘ra, shu yilning iyun oyi boshida Irina Shohnazarova Facebook tarmog‘i orqali fuqarolarning "Do‘stlik" bog‘idagi yig‘inini tashkil qilgan. Toshxo‘jaev oradan o‘tgan 5 oy davomida ayolning harakatiga oid "dalillar yig‘ilgani"ni aytmoqda.

Shuningdek, IIBB mulozimi 26 sentabr kuni hokimiyatdan "ruxsat olmagan holda" yig‘in o‘tkazgan yana bir faol - Mariya Golovko (Legler) ham Ma’muriy javobgarlik kodeksining 201, 201-1, 202-moddalari asosida ayblanib, 10 sutkalik qamoq va eng kam ish haqining 60 barobari (qariyb 9 million so‘m) miqdorija jarima to‘lashga hukm qilinganini bildirdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Golovko 26 sentabr kuni Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Pushkin haykali yonida hayvonlar himoyasiga imzo yig‘ish uchun ruxsatsiz odam to‘plagan.

Darvoqe, Mariya Golovko 4 iyun kuni "Do‘stlik" bog‘ida o‘tgan tadbirda ham faol qatnashgan va IIBB Tergov bo‘limi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev yonida Jasur himoyasi uchun imzo yig‘ilayotgan maktub mantini o‘qib bergan edi.

IIBB Tergov bo‘limi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaevga ko‘ra, mahkamada toshkentlik har ikki faol aybini tan olgan va bundan so‘ngra qonunni buzmaslikka so‘z bergan.

​Shuningdek, IIV mulozimi ayollar qonunbuzarlik bilan hibsga olinganiga oid yaqinlarining da’vosini ham inkor qildi.

Gazeta.uz saytining IIV ikki faolni jazolarkan, buning bilan boshqa faollarni ham ayni jao‘o kutishidan ogohlantirib qo‘ymoqchimi, mazmunidagi savoliga javoban Doniyor Toshxo‘jaev: "Biz kimnidir qo‘rqitmoqchi emasmiz, biz hamma ish qonun doirasida bo‘lishini istaymiz", deb javob berdi.

IIV mulozimiga ko‘ra, ko‘psonli odam yig‘ilgan tadbirlarda "favqulodda yoki baxsiz hodisalar bo‘lmasligi, fuqarolar xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi va jamoat tartibi saqlangan holda o‘tishini ta’minlash" uchun hokimiyatdan ruxsat olinishi kerak.

Yaqinlari Irina Zaydman 15 noyabr ertalab militsiya bo‘linmasiga chaqirilib, 15 sutkaga hibsga olinganini Ozodlikka bildirgan edi.

4 iyun kuni Toshkentning "Do‘stlik" (sobiq Bobur nomidagi) bog‘ida bir necha yuz kishi yig‘ilib, Jasurbek Ibrohimovning o‘limi tergov qilinishini talab qilib, imzo to‘plagan.

O‘shanda Ozodlikka gapirgan aksiya tashkilotchisi Irina Zaydman, kuch ishlatar tuzilmalarining 30 nafarga yaqin xodimi aksiyani kuzatgani va aksiya tugagach, yig‘ilganlarni Toshkent shahar IIBBga olib ketganini bildirgandi.

Bu jinoyat adolatli tergov qilinishi so‘ralgan aksiyaning 4 iyun kuni bo‘lib o‘tishi haqidagi xabar bir kun avval ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan va bir sutka ichida 13 mingdan ortiq foydalanuvchi bu xabarni ulashgan.

Jasurbek Ibrohimov 3 may kuni Tashkentdagi P.F. Borovskiy nomidagi Tibbiyot kolleji yonida kaltaklangan, hodisadan so‘ng shifoxonada 5 marta jarrohlik amaliyotdan o‘tgan, ammo 1 iyun kuni vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi 30 oktabrda 18 yashar Islombek To‘laganovni kursdoshi Jasurbek Ibrohimovni qasddan badanga og‘ir shikast etkazishda aybdor, deb topib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Ammo, marhum Jasur Ibrohimovning onasi Nilufar Alieva o‘g‘lining o‘limiga aybdorlarga nisbatan hukmdan norozligini bildirgan. Unga ko‘ra, sud tibbiy ekspertizasining Jasur bir emas, bir necha kishi tomonidan kaltaklanganini tasdiqlagan xulosasi prokuror tomonidan inobatga olinmagan, "qo‘ng‘iroqlarga javob bermayapti" degan vaj bilan kollej pedagog jamoasiga nisbatan hech qanday chora qo‘llanilmagan.

Jasur Ibrohimovning onasi Prezident Mirziyoevga murojaat qilib, undan adolatni qaror toptirishda yordam so‘ragan.

Ayni paytda, hukmdan bir necha kun o‘tib - sudlanuvchi Islombek To‘laganovning advokatlari ham sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyatini kiritishdi.

Ularning iddao qilishicha, fojia sababchisi janjalni boshlagan Jasurbek Ibrohimovning o‘zi bo‘lgan, shifokorlar esa, uning hayotini saqlab qolish uchun yetarli harakat qilmagan.

Apellyatsiya sudi 1 dekabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG