Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:43

Prezident Trampga Ukrainani qurol-aslaha bilan ta’minlash rejasi taqdim etilishi mumkin


Javelin raketa otuvchi qurol
Javelin raketa otuvchi qurol

AQSh prezidenti Donald Trampga Ukrainaga mudofaa qurollarini sotish va moliyalashtirishga oid 47 million dollar qiymatga ega reja taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda AQSh Davlat departamentidagi manbaga tayangan holda ABC News xabar qildi.

18 noyabr kuni ABC News ushbu rejada Ukrainani tanklarga qarshi Javelin raketa tizimlari bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilganini xabar qildi.

Xabarlarga ko‘ra, ko‘tarib yurish mumkin bo‘lgan Javelin raketa otuvchi quroli, taxminan, 126 ming dollar, uning har bir raketasi esa 78 ming dollar turadi.

17 noyabr kuni Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot kotibi ABC News bilan suhbatda hali hech qanday rasmiy e’lon yo‘qligini aytdi. Ammo, ABC Newsga ko‘ra, qo‘mita hafta boshida yordam rejasini prezidentga taqdim etishga ruxsat bergan.

Ushbu masala bo‘yicha har qanday qarorni AQSh Kongressi hamda prezident Tramp ma’qullashi kerak.

Ukraina hukumati mamlakat sharqida Rossiya dastaklab kelayotgan ayirmachilarga qarshi kurashib keladi. 2014 yilning aprelidan beri Ukraina sharqidaga to‘qnashuvlarda 10 mingdan oshiq odam halok bo‘lgan.

Rossiya 2014 yilning martida Ukrainaning Qrim mintaqasini bosib olib, uni anneksiya qilgan.

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mettis avgust oyida Ukrainaga qilgan tashrifi davomida Kievni qurol-aslaha bilan ta’minlashni shaxsan qo‘llashini bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi Oq uy ma’muriyati Kievga qurol berish vaziyatni yanada keskinlashtirishi hamda Rossiya bilan tanglikni oshirishini aytib, bundan bosh tortgan edi.

2016 yil Respublikachilar partiyasi va uning nomzodi Tramp Ukrainani odamni o‘ldiruvchi qurol-aslaha bilan ta’minlash haqidagi avvaliga va’dalardan voz kechib, mamlakatga “tegishli yordam” berish haqida va’da bera boshladi.

Tramp Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash tarafdoridir. Shu sabab ayrimlar tahlilchilar prezident Moskvaga qarshi sanksiyalarni yengillatishi mumkin, degan xavotirlarni ham izhor qilib keladi.

Davlat departamenti rasmiysi ABC News bilan suhbatda keyingi haftalarda Ukrainaga qurol sotish rejasi tafsilotlarini ommaga bildirish yuzasidan maxsus yig‘in bo‘lib o‘tishini aytdi.

XS
SM
MD
LG