Joriy yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahridagi bolalar bog‘chalarida to‘lov narxi 24,3 foizga qimmatladi. Qishloq joylarida esa bog‘cha puli 50 foizga arzonladi.
Poytaxt bog‘chalarida narx keskin ko‘tarildi
Prezidentning 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorida byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun 2018 yilda ota-onalardan olinadigan to‘lov miqdori shahar va qishloq hududlari uchun alohida-alohida belgilangan.
Ushbu hujjatga muvofiq Toshkentda 5 kunlik ish haftasida ota-onalarning 1 bolaga bog‘cha to‘lovi uchun xarajatlari 22,6%ga, 6-kunlik ish haftasida 24,3%ga oshirildi.
Bitta qizi Sergelidagi 589-bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Gulixonning Ozodlikka aytishicha, narxning birdan oshirilishi ota-onalarni qiynab qo‘ygan:
- Birdaniga bog‘cha puli oshib ketdi. Har yili 10 ming -10 mingdan oshardi bog‘cha puli. Bu gal 35 ming so‘m oshirildi. 155 ming so‘m bo‘lib ketdi bitta bolaga. Turmush o‘rtog‘im ishlaydi. 600 ming so‘m oylik oladi. Qanday to‘laymiz endi? Hamma narsasiga yetkazib bera olamizmi? Bog‘cha opasining tug‘ilgan kuni bor. Tug‘ilgan kuniga 15 mingdan yig‘amiz. Ingliz tili mashg‘ulotiga 15 mingdan yig‘amiz. Hisoblang, qancha pul bo‘lib ketadi. Fond puli bor 15 ming. Unga yig‘amiz. Fond pulini yo‘qotishsin yoki bog‘cha pulini arzonroq qilishsin,- deydi Gulixon.
Yangi tashkil qilingan Maktabgacha ta’lim vazirligi xodimi poytaxt bog‘chalari uchun to‘lov narxlari ko‘tarilganini Toshkent shahrida oziq-ovqat narxi mamlakatning boshqa joylariga nisbatan qimmatligi bilan izohladi.
Qishloqlarda esa bog‘cha puli keskin arzonladi
Ayni paytda 1 yanvardan boshlab qishloqlaridagi bolalar bog‘chalarida ota-onalar tomonidan to‘lanadigan to‘lov miqdori 33 foizga kamaytirildi. Shuningdek, tuman markazlaridagi bog‘chalar uchun 5 foizga, viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlardagi bog‘chalarda 9 foizga, viloyat markazlarida esa bog‘cha uchun to‘lovlar 1 foizga kamaytirildi.
Jumladan, qishloqlarda haftasiga 5 kun, kuniga 4-5 soatdan ishlaydigan bog‘chalar uchun bir oylik to‘lov 13 ming so‘m, viloyat markazlarida bu narx 18 mingdan 176 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati, Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduk, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahri uchun imtiyozlar taqdim etildi. Ushbu hududlardagi bolalar bog‘chalari uchun to‘lov narxi 2 baravar arzonladi.
Xorazmning Yangibozor tumanida yashovchi Marjon uch farzandning onasi. Marjon shu paytgacha bog‘cha puli qimmatligi bois bolalarini bog‘chaga bermaganini va narx 50 foizga arzonlagach bir o‘g‘lini bog‘chaga berganini aytdi:
- Mahallamizda “Nafosat” bolalar bog‘chasi bor. To‘rt yoshli o‘g‘limni shu yerga berdim. Puli arzonladi, 20 ming so‘mga tushirdilar bir oylik pulini. Avval bir kuniga 2,5 ming so‘mdan edi. Shuning uchun bolalarimni bog‘chaga bermasdim. Hozir arzonlatgani uchun bolamni berdim, - deydi Marjon.
Maktabgacha ta’lim vazirligining Ozodlik suhbatlashgan xodimi qishloq hududlaridagi bog‘chalar uchun tadbirkorlar homiyligi yo‘lga qo‘yilishi sabab to‘lov narxlarining arzonlashtirganini aytdi. Shuningdek, vazirlik xodimi qishloq bog‘chalarida to‘lov narxlarini arzonlatish orqali chekka hududlardagi bolalarni ham bog‘chalarga jalb qilish rejalanganini ta’kidladi.
Mirziyoev dekabr oyida o‘tkazgan videoselektorlaridan birida bog‘chalarga homiylik qilish vazifasi fermer va tadbirkorlarga yuklatilishini ta’kidlagan edi.
O‘tgan yili Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil qilinib, unga Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, senator Agrippina Vasilyevna Shin rahbar etib tayinlandi.
Yangi vazirlik ushbu sohada bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda, Jumladan, joriy yildan yaslilar faoliyati butunlay tugatilib, davlat bog‘chalari bolalarni faqat 3 yoshdan qabul qiladi.
30 sentabrda prezident "Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Ushbu farmonga ko‘ra, mamlakatdagi bog‘chalar faoliyatini yaxshilash rejalanib, nafaqat davlat byudjetidan moliyalashtiradigan bog‘chalar balki xususiy bog‘chalar faoliyatini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda mamlakatda xususiy bog‘chalar soni barmoq bilan sanoqli. Jumladan, Surxondaryo viloyatida atigi 3 ta xususiy bolalar bog‘chasi bor.