Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:00

AQShning 15 senatori Myanma bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini taqdim etdi


Rohinjalik qochqinlar
Rohinjalik qochqinlar

AQSh Senatidagi bir guruh demokrat va respublikachi qonunchilar Myanmada rohinjalik musulmonlarga qarshi etnik tozalashlarni tanqid qilmoqda. Demokrat senatorlardan birining aytishicha, yuqori palatada ko‘pchilik sardori, respublikachi Mitch Makkonel Myanmaning norasmiy rahbari Au San Su Chi bilan yaqinligi sabab bu mamlakat hukumatiga qarshi chorani paysalga solmoqda.

“Au San Su Chining mard ayol ekanini tan olaman, ammo bu bilan mamlakatida bo‘layotgan jarayonlarni inkor etishimiz kerak degani emas. U liderligini ko‘rsatishi zarur”, - dedi senator Dik Durbin.

Senatda 15 qonunchi taqdim etgan rezolyutsiya loyihasida Birmada rohinja va ozchilikdagi boshqa elatlarga qarshi zo‘ravonliklar, ularni uy-joyidan ayirish kampaniyasi qoralanadi. AQSh senatorlari Birma hukumatini zug‘umni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiradi.

Qonunchilar hukumatdan rohinjalik qochqinlarni uylariga tinch va o‘z istaklariga ko‘ra qaytarishni, ularni boshqa fuqarolar kabi barcha huquq va imtiyozlar, jumladan, to‘liq fuqarolik, harakatlanish erkinligi, asosiy xizmatlar bilan ta’minlashni talab qilmoqda.

Rezolyutsiya Myanmaning “Rasmiy sirlar” haqidagi qonunini buzganlikda ayblanib qamoqqa tashlangan “Reyter” axborot agentligining ikki jurnalistini ozod etishga ham chaqiradi.

Makkonel sentabr oyida o‘xshash rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan edi.

Bu o‘rtada AQSh sobiq diplomati Bill Richardson Myanmaning Rakxayn shtatida tavsiyalarni hayotga tadbiq etish qo‘mitasining maslahatchilar kengashidan ketishga qaror qildi. Qo‘mitaga BMT sobiq Bosh kotibi Kofi Annan tashabbusi bilan tuzilgan komissiya ko‘rsatmalarini bajarish maqsadida o‘tgan yili asos solingan edi.

Richardsonning aytishicha, u Myanma Davlat maslahatchisi va norasmiy rahbari Au San Su Chi bilan hibsga olingan ikki jurnalist masalasi bo‘yicha tortishganidan so‘ng shu qarorga kelgan.

Nobel mukofoti laureati nazarida, jurnalistlar masalasi maslahatchilar kengashi nizomiga aloqador emas. Richardson rasmiy unga jahl qilganini, qattiq asabiylashganini aytadi.

Bu o‘rtada qo‘shni Bangladeshga qochgan salkam 700 ming rohinjalik musulmonni Myanmaga qaytarish rejasi pand berdi. Repatriatsiya 23-yanvarda boshlanishi kerak edi.

Birmadagi vaziyatni yaqindan kuzatayotgan avstraliyalik olima Monik Skidmor Richardson qaroridan ajablanmaganini aytadi.

Mutaxassis rohinjaliklarni Myanmaga qaytarish rejasining amalga oshishiga ishonmaydi. Ba’zi odamlar oldingi repatriatsiya dasturlariga muvofiq haligacha uyiga qaytarilmagan, vayron qilingan qishloqlarda uylar qayta qurilmagan, musulmon aholini fuqarolik, harakatlanish erkinligi, ish bilan ta’minlashga doir o‘zgarishlar qonunga kiritilmagan.

"Amerika ovozi"dan

XS
SM
MD
LG