Jalolobod viloyatining Olabuqa tumanida yashovchi shaxs O‘zbekiston chegarachilari otgan o‘qdan yaralandi.
Olabuqa tumani hokimi Sonunbek Akbaralievning bildirishicha, voqea 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan.
- Chegara hududida qo‘y boqib yurgan cho‘pon chegaraning narigi tomoniga o‘tib ketgan qo‘ylarni qaytarish uchun O‘zbekiston hududida o‘tgan. Bu yerda u chegarachilarning ogohlantiruvchi talablariga bo‘ysunmagani oqibatida unga qarata o‘q uzilgan, -dedi hokim.
Unga ko‘ra, yakshanba kuni o‘zbek chegarachilari tomonidan yaralangan qirg‘izistonlikni vataniga qaytarish bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Hokim yaralangan qirg‘izistonlik O‘zbekistonda kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.
-Hozir uning ahvoli yaxshi ekanini aytishdi. U Chust tuman kasalxonasida davolanmoqda. Uni Qirg‘izistonga qaytarish masalasi bugun yoki ertaga hal bo‘ladi, -dedi Olabuqa tumani hokimi Sonunbek Akbaraliev
Qirg‘iziston Chegara xizmati qirg‘izistonlik O‘zbekiston chegarasini buzib o‘tib ketgani oqibatida mana shunday voqea yuz berganini tasdiqladi.
“O‘zbekiston tomoni ularning chegarachilari o‘q otishga majbur bo‘lganini ta’kidladi, chunki chegarabuzar ogohlantiruvlarga va to‘xtash to‘g‘risidagi buyruqlarga bo‘ysunmagan. Oqibatda qirg‘izistonlik chap oyog‘ining sonidan yaralangan”, deyiladi Qirg‘iziston Chegara xizmatining rasmiy bildiruvida.
Ma’lumotda aytilishicha, chegarabuzar qirg‘izistonlikni vataniga qaytarish masalasida ikki davlat chegara rasmiylari muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston tomoni dastlabki tergov yakunlanib, kasalxonada davolanish muddati yakunlanganidan so‘ng qirg‘izistonlikni qaytarishga rozilik bildirgan.
O‘zbekiston tomoni, shuningdek, chegarabuzarning yaqinlariga uni kasalxonada xabar olishiga ham ruxsat bergan.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida so‘nggi marta odamga qarata o‘q otilishi voqeasi 2015 yilning 18 yanvarida qayd etilgan edi.
O‘shanda Qirg‘iziston chegarasini buzgan uch nafar o‘zbekistonlik ovchi qirg‘iz chegarachilarining qurolni topshirib, taslim bo‘lish talabiga bo‘ysunmagani, buning o‘rniga chegarachilarga qarata o‘t ochgani aytilgan edi. Javob o‘qi bilan ovchilardan biri yarador qilingan.
Qolgan ikki ovchi voqea joyidan qochishga uringan paytda O‘zbekiston hududidagi chegara chizig‘i oldida o‘zbek chegara naryadi tomonidan qo‘lga olingan. Yarador o‘zbekistonlik ovchi voqea joyiga kelgan o‘zbek chegarachilariga topshirilgan.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida havoga qarata o‘q otilish hodisasi so‘nggi marta 2017 yilning 11 aprelida Farg‘ona viloyatining So‘x tumani orqali o‘tgan "Qizilqiyoq-Bo‘zadir" tranzit avtoyo‘lidagi O‘zbekistonga qarashli nazorat postida yuz bergan.
Qirg‘iziston Chegara xizmatining 29 yanvarda bildirishicha, 2017 yilda qirg‘iz-o‘zbek chegarasida jami 4ta nizo sodir bo‘lgan.