Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:27

AQSh e’lon qilgan yangi sanksiyalar ro‘yxatida o‘zbek oligarxlari ham bor


Ro‘yxatda Vladimir Putindan tashqari Rossiyaning barcha yuqori mansabdorlari keltirilgan
Ro‘yxatda Vladimir Putindan tashqari Rossiyaning barcha yuqori mansabdorlari keltirilgan

AQSh Moliya vazirligi yangi sanksiyalar joriy qilinishi mumkin bo‘lgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin bo‘lganlar ro‘yxatini e’lon qildi. “Kremlga oid hisobot” deb nomlangan bu hujjatda keltirilgan Rossiya hukumati, prezident Ma’muriyati, yirik biznesmenlar va siyosiy yetakchilar aks etgan 210 kishilik ro‘yxatda kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan oligarxlar Alisher Usmonov va Iskandar Mahmudov familiyalari ham bor.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Vladimir Putin hukumati va uning yaqinlariga joriy qilinishi kutilayotgan yangi sanksiyalar ro‘yxatini e’lon qildi.

AQSh Moliya vazirligi ro‘yxatning “maxfiy” qismi sir tutilayotganini bildirmoqda.

E’lon qilingan ro‘yxatda 114 yirik mansabdor va davlat kompaniyalari rahbarlari hamda 96 nafar oligarx ismlari keltirilgan.

Unga Vladimir Putin ma’muriyatidan bo‘lgan deyarli barcha yuqori lavozimli amaldorlar, maslahatchilar va yordamchilar tushdi.

Ro‘yxatda prezident Ma’muriyati rahbari Anton Vayno, prezident Ma’muriyati rahbari muovinlari Aleksey Gromov, Magomedsalam Magomedov, Vladimir Ostrovenko va Sergey Kirienkolar, matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov, protokol rahbari Vladislav Kitaev, prezident yordamchilari Vladislav Surkov, Andrey Belousov, Vladimir Kojin, Andrey Fursenko, Sergey Glazyev, Inson huquqlari bo‘yicha Kengash raisi Mixail Fedotov va boshqalar borligini ko‘rish mumkin.

“Kreml ro‘yxatiga”, shuningdek, prezidentning okruglardagi barcha vakillari, butun boshli hukumat va vazirliklar rahbarlari kiritilgan: Bosh vazir Dmitriy Medvedev, uning muovinlari Igor Shuvalov, Aleksandr Xloponin, Vitaliy Mutko, Arkadiy Dvorkovich, Olga Golodets, Dmitriy Kozak, Dmitriy Rogozin, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachyov, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Madaniyat vaziri Vladimir Medinskiylar.

“Boshqa yuqori lavozimli siyosiy yetakchilar” deb nomlangan bo‘limda Federatsiya Kengashi raisasi Valentina Matvienko, Gosduma raisi Vyacheslav Volodin, Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin, Bosh prokuror Yuriy Chayka, Moskva meri Sergey Sobyanin FSB direktori Aleksandr Bortnikov, Tergov qo‘mitasiboshlig‘i Aleksandr Bastrikin, Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotovlar ko‘rsatilganini ko‘rish mumkin.

AQSh Moliya vazirligi ro‘yxatida Oleg Deripaska, aka-uka Rotenberglar, Roman Abramovich, Sulaymon Kerimov, Gennadiy Timchenko, Kirill Shamalov, Mixail Proxorov, Yevgeniy Kasperskiylar bilan birga kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rus oligarxlari Alisher Usmonov va Iskandar Mahmudovlar ham ismi-shariflari borligini ko‘rish mumkin.

Ma’lumotnomada keltirilgan mansabdorlarning Vladimir Putin bilan yaqinligi darajasi, ularning mamlakatdagi korruptsiyaga aloqadorligi, boyliklari hajmi va daromad manbalari to‘g‘risida axborot mavjud.

Hujjatda, undan tashqari, bu jarimalarning ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan joriy qilinishi qanday samara berishi haqida ham aytib o‘tilgan.

Biroq, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati “Kremlga oid hisobot”da keltirilgan ro‘yxatda aks ettirilgan rossiyalik yuqori lavozimli shaxslar va tadbirkorlarga nisbatan sanksiyalar yaqin orada joriy etilmasligini ham bildirmoqda: mazkur ro‘yxatda keltirilgan amaldor va tadbirkorlarga nisbatan hozircha biror cheklov e’lon qilinmaydi.

Dushanba kuni kechqurun AQSh Davlat departamenti tarqatgan xabarga ko‘ra, Oq Uy yaqin orada Rossiya grajdanlari va rus shirkatlariga boshqa yangi sanksiyalar joriy qilishdan saqlanib turadi.

Davlat Departamenti Hizer Noyert oldin joriy qilingan jarimalardan Rossiya harbiy-sanoat kompleksi mahsulotlari eksportidan allaqachon milliardlab daromad yo‘qotgani, bir qancha davlatlar Rossiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganini bildirdi. Noyert sanksiyalar joriy etilishi “Rossiya provokatsion va buzg‘unchi” harakatlarni to‘xtatgunga qadar davom etishini ma’lum qildi.

Rasmiy Moskva AQShning yangi sanksiyalar ro‘yxatini 2018 yilgi Rossiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan “prezident saylovlariga ta’sir o‘tkazish” o‘laroq baholadi.

- Biz buni chindan ham bevosita saylovga ta’sir o‘tkazish maqsadida amalga oshirilayotgan oshkora urinish, deb hisoblaymiz, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

AQSh jarima ro‘yxatiga Rossiya prezidenti ham munosabat bildirdi.

- Menga aytishdiki, butun boshli prezident ma’muriyati, barcha hukumat a’zolari, hamma biznesdagilar ro‘yxatga kiritilgan: har bir bu odam va tuzilma ortida davlatimizning oddiy grajdanlari, mehnat kollektivlari, ishlab chiqarish sohalari turibdi. Ya’ni hammamizni, 146 million kishini allaqanday ro‘yxatga kiritishibdi. Men bu harakatlar ma’nosini tushunmayapman!... Bu usiz ham og‘ir ahvolda qolayotgan Rossiya-Amerika munosabatlarining yanada murakkablashishiga olib kelmoqda va umuman xalqaro miqyosdagi munosabatlarga zarar keltirmoqda, dedi Vladimir Putin.

O‘tgan haftada AQSh Moliya vazirligi Rossiya bilan bog‘liq sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirgan edi.

Ilgari Vashington Rossiyaning Qrim bilan Suriyadagi xatti-harakatlari uchun davlat kompaniyalari va hukumat agentliklari singari yirik tashkilotlarni nishonga olgandi.

XS
SM
MD
LG