O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining O‘sh va Andijon viloyatidan o‘tuvchi qismida joylashgan “Do‘stlik” nazorat-o‘tkazish punktini kengaytirish ishlari yaqin kunlarda boshlanadi. Bu haqda Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibi Salqinay Abdikarieva 28 fevral kuni ma’lum qildi.
Rasmiyning aytishicha, “Do‘stlik” nazorat o‘tkazish punktida navbatda turganlar soni o‘ta ko‘payib ketgani munosabati bilan mana shunday qaror qabul qilingan.
-Yaqin orada, ya’ni bahordan boshlab chegara punktini kengaytirish ishlari boshlanadi,- dedi Salqin Abdikarieva.
Bir necha kun avval Ozodlik radiosining o‘zbek va qirg‘iz xizmatlari mazkur nazorat o‘tkazish punktida deyarli har kuni 500 nafardan ortiq odamdan iborat navbatlar paydo bo‘layotgani va chegaradan o‘tish uchun fuqarolar kamida 5-6 soat vaqt sarflayotgani to‘g‘risidagi videoni e’lon qilgan edi.
O‘sha videoda navbatda turgan va o‘zini Feruza deb tanishtirgan o‘shlik ayol mana bularni aytgan edi:
-Olti soatdan beri navbatda turibman. Qirg‘iziston tomoni doim dimlaydi, O‘zbekiston tomonida esa navbat yo‘q, bemalol o‘tib ketamiz. O‘zbekistondan o‘tib, Qirg‘izistonga kirayotganda ham mana shunday navbat bo‘ladi. O‘tgan safar 7 soatda o‘tganman. Men o‘zim O‘zbekistondan oshko‘klar olib chiqib, o‘shda sotaman, -degan edi Feruza.
Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot kotibi Salqinay Abdikarieva chegarada yuzaga kelgan bunday vaziyatni o‘tkazish punktining Qirg‘iziston tomonida joy torligi va shuning uchun qo‘shimcha nazorat kabinalarini qo‘yishga imkoniyat yo‘qligi bilan izohladi.
-Bu yerdagi imoratning torligi uchun oltitadan ortiq kabina qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham kengaytirish ishlari o‘tkazilayapti, -dedi rasmiy.
Navbat kutayotganlar esa navbatlarning paydo bo‘lishida qirg‘iz chegarachilarini ayblamoqda. Ayni paytda qirg‘iz tomoni kuniga 7-10 ming odam o‘tayotgani uchun nazorat o‘tkazish punkti xodimlari o‘tayotganlarni tekshirishga ulgurmayotganini aytmoqda.
Qirg‘iziston Chegara xizmati yanvar oyida qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘tayotganlar soni ikki barobarga ko‘paygani va shundan kelib chiqib "Do‘stlik" o‘tkazish punktida qo‘shimcha chegara nazorati kabinalari o‘rnatilgani to‘g‘risida xabar bergan edi. 15 yanvardan boshlab, nazorat 10 ta kabinada amalga oshirilayapti: 5 tasi – Qirg‘izistondan chiqishda, 5 tasi – respublikaga kirishda.
Qirg‘iz chegarachilariga ko‘ra, chegaralardan o‘tayotgan odamlar sonining ko‘paygani ikki davlat o‘rtasida savdo aloqalarining jonlangani bilan bog‘liq.
2017 yil sentabrda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaradan o‘tishlar bo‘yicha cheklovni bekor qilgan.