Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:43

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi yetakchisi Interpol ro‘yxatidan chiqarildi


Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy
Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy

2 mart kuni Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy Interpol qidiruv ro‘yxatidan chiqarilganini bildirdi. Bu partiya uchun katta yutuq, chunki keyingi ikki yil davomida Tojikistonda man etilgan partiya katta ko‘ngilsizliklarni boshidan kechirdi. Ikki hafta oldin esa partiyaning surgundagi a’zolaridan biri Istanbuldan Tojikistonga majburan ekstraditsiya qilingani aytilmoqda.

Kabiriy Interpol ro‘yxatidan olib tashlangani esa xalqaro huquq-tartibot tashkilotlari hukumatlar o‘z fuqarolarini siyosiy sababalarga ko‘ra qidiruvga bergan holatlarni yaxshiroq ko‘rib chiqayotganidan darakdir.

Partiya matbuot kotibi Mahmudjon Faizrahmonov yangilkni olqishlar ekan, Interpol qarori o‘z raqiblarini jangari va terrorchi o‘laroq ko‘rsatishga urinayotgan Dushanbe hukumati uchun jiddiy ishorat ekanini ta’kidladi.

Tojikiston hukumati keyingi paytda Islom uyg‘onish partiyasi a’zolarini jangarilar va terrorchilar o‘laroq ta’riflab keladi. 2015 yilning kuzida Birlashgan tojik muxolifatining asosiy o‘zagi bo‘lgan Islom uyg‘onish partiyasi mamlakatda «qonundan tashqari», deb e’lon qilingan edi.

Islom uyg‘onish partiyasi 1990 yildan 2015 yilgacha Tojikiston hukumatining tarkibiy qismi bo‘lgan. O‘sha yili parlament saylovlaridan so‘ng partiya faoliyati taqiqlandi,Tojikiston Oliy sudi hukmi bilan partiya terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi yagona islomiy partiya edi. Partiyaning berkitilishi xalqaro tashkilotlar tomonidan keskin tanqidga uchradi.

Tojikiston hukumati partiya rahbari va faollarini sobiq Mudofaa vaziri Abduhalim Nazarzoda bilan til biriktirib, davlat to‘ntarishi qilishni rejalaganlikda ayblab keladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yilning 4 sentabrida Abduhalim Nazarzoda guruhi Dushanbe va Vahdat shaharlarida militsiya bo‘limlariga hujum uyushtirgandilar. Keyin sobiq mudofaa vaziri va uning odamlari poytaxtdan 50 kilometrlar naridagi Romit darasida yashiringan. Nazarzoda guruhiga qarshi qariyb 2 hafta davom etgan aksilterror amaliyoti chog‘ida isyonchi general va uning 25 nafar safdoshi o‘ldirilgan, isyonga aloqadorlikda gumonlangan 200 dan ziyod odam hibsga olingan.

Sentabrь voqealari uchun mas’uliyatni dastavval Abduhalim Nazarzodaga yuklagan rasmiylar keyinroq Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasini qurolli isyonni tayyorlaganlik va moliyalashtirganlikda ayblab chiqdi.

Hoji Halim laqabi bilan mashhur bo‘lgan general Nazarzoda o‘tmishda Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi a’zosi bo‘lgan, biroq tinchlik bitimi imzolanganidan keyin, muxolifatga berilgan 30 foizli kvota asosida Mudofaa vazirligiga ishga qabul qilingan.

Tojikiston hukumati partiyaga qarshi kurasha boshlaganidan keyin, tez orada partiya rahbarlari Saidumar Husayniy va Muhammad Hayit umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Partiyaning yana 11 a’zosiga 14 yildan 28 yilgacha qamoq jazosi berildi. O‘sha paytda Kabiriy mamlakat tashqarisida bo‘lgani uchun qo‘lga olinmadi. Ammo Tojikiston hukumati Interpoldan uni va partiyaning mamlakat tashqarisidagi boshqa a’zolarini qidiruvga berishni so‘radi.

Kabiriy ozodlikda, ammo partiyaning boshqa a’zolari, jumladan, Namunjon Sharipov Tojikistonda tahdid ostida yashamoqda. 2015 yildan beri Istanbulda yashab kelayotgan Sharipov fevral oyida Ozodlik radiosining tojik xizmatiga chalib, Tojikistonda o‘z xohishi bilan kelganini, tez orada yana Turkiyaga qaytishini aytdi. Ammo uning yaqinlari faol aslida bunday qilishga majburlanganini iddao qilmoqa. Xabarlarga ko‘ra, Turkiya politsiyasi uni 5 fevralda qo‘lga olgan. 16 fevral kuni esa Sharipov Dushanbega uchgan.

Rasmiy Dushanbe Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasini ekstremist guruh deb atasa-da, muammolar boshlanishidan oldin 40 ming rasmiy a’zosi bo‘lgan partiya mamlakatdagi ikkinchi eng yirik partiya bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG