Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi Federika Mogerini 13 mart kuni Yevropa parlamentida qilgan chiqishida ittifoqning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi masalasiga to‘xtalar ekan, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash istagida ekanini bildirdi.
YeI biznesning Markaziy Osiyoga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi
Strasburgdagi Yevropa parlamentida Markaziy Osiyo masalasida hisobot bergan Federika Mogerini Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan hamkorlik shartnomasini imzolanishini intiqlik bilan kutayotganini aytdi:
-Yevropa shirkatlari mintaqaga Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo manfaatlaridan kelib chiqqan holda sarmoya kiritishga va biznes muhitini yaxshilashga intilmoqda. Bu tashabbusni biz qo‘llaymiz. Shu maqsadda hamkorlik shartnomalarining kengaytirilgan yangi nusxalarini imzolash jarayonini boshladik. Yangi shartnomani Qozog‘iston bilan imzoladik, Qirg‘iziston bilan muzokaralarni olib bormoqdamiz. Biz O‘zbekiston bilan ham muzokaralar boshlanishini intiqlik bilan kutmoqdamiz, -dedi Mogerini.
"O‘zbekiston muhim islohotlarni amalga oshirmoqda"
Yevropa Ittifoqi rasmiysi bugungi kunda Markaziy Osiyoda olib borilayotgan islohotlarning lokomotivi sifatda O‘zbekistonni tilga oldi:
- O‘zbekiston va Qirg‘iziston muhim islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Biz ularni bu ishda qo‘llab-quvvatlashni xohlaymiz. Bu haqda men, agar adashmasam, o‘tgan yilning dekabrida bu ikki mamlakatga qilgan safarim chog‘ida ham gapirganman. Biz bu ikki davlatdagi islohotlar mintaqdagi boshqa davlatlar uchun o‘rnak bo‘lishini istaymiz, - dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi.
"Yevropa Markaziy Osiyoning qarz girdobiga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim"
Federika Mogerini o‘z so‘zida Markaziy Osiyo hukumatlari qit’alararo savdo marshrutida tranzit davlat bo‘libgina qolmay, yirik infrastrukturaviy loyihalar amalga oshiriladigan markazga aylanishni istayotganlarini alohida ta’kidladi.
Mogerini Yevropa Ittifoqi bu istakning amalga oshirilishida mintaqa davlatlarini qo‘llab-quvvatlashi shart deb hisoblashini bildirdi. U shu maqsadda oktabr oyida Tashqi ishlar bo‘yicha kengashga Yevropani Osiyo bilan bog‘lovchi yangi strategiyani taqdim etishini aytdi.
Mogerini “Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoni qarz girdobiga tushib qolishiga va bu erda shubhali hamda sifatsiz loyihalarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘masligi kerak”, deb hisoblaydi.
Mogerini nutqi yakunida O‘zbekiston va Afg‘oniston prezidentlari tashabbusi bilan 26-27 mart kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan yuqori darajali xalqaro konferensiyada ishtirok etishini tasdiqladi.