Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:32

Toshkentda qariyb 3000 (uch ming) tonna piyoz bepul tarqatilmoqda


Toshkentdagi maktablardan biriga hokimlik bepul bergan piyoz. 2018, 5 aprel.
Toshkentdagi maktablardan biriga hokimlik bepul bergan piyoz. 2018, 5 aprel.

5 aprel kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 100-maktab 186 kg, Shayxontohurdagi 102-maktab 41 ta to‘rxaltada bepul piyoz oldi.

Bu va boshqa maktablarga, tibbiyot va kommunal xizmat muassasalariga, mahallalardagi kam ta’minlangan oilalarga bepul piyoz Toshkent shahar hokimligi 4 aprel kuni tegishli idoralar bilan qabul qilgan qo‘shma qarorga binoan tarqatilmoqda.

Hokimlik rasmiy saytida 4 aprel kuni e’lon qilingan piyozga oid qaror to‘g‘risidagi xabar bir qator savollarni paydo qildiki, Ozodlik ularni 5 aprel kuni hokimlik rasmiysiga berdi.

Piyozning bepul tarqatilayotganini Toshshahar hokimligi Axborot xizmati 4 aprel kungi qarorida bunday izohlagan:

“(Piyoz) bahor fasli erta kelganligi, havo xarorati keskin isib ketishi oqibatida tegishli mutasaddi idoralarning zaxiraga g‘amlangan piyozning sifati o‘zgarishi mumkinligi haqidagi xulosalarini inobatga olib, shuningdek ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish maqsadida (bepul tarqatiladi)”.

Ozodlik savollariga Toshkent shahar hokimligining ismi ochiqlanmasligini istagan mutaxassisi javob berdi.

Uning aytishicha, Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va muassasalarga (Obodonlashtirish, Toshshaharxizmat, Toshshahargaz, Elektr tarmoqlari, Suvsoz va shu kabilar) - 1810 tonna; sog‘liqni saqlash muassasalariga - 724 tonna; “Mehribonlik” uylari va maxsus maktab-internatlarga - 192 tonna; harbiy qismlar va muassasalarga - 166 tonna piyoz ajratilgan.

Mutaxassis keltirgan shu to‘rtta raqamning o‘zi, qo‘shib hisoblaganda 2792 tonna bo‘ladi. Qiyoslash uchun: bitta yuk vagoniga 60 tonna piyoz sig‘adi.

Hokimlik mutaxassisining aytishicha, shuningdek, maktablar, mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar uchun ham bir necha tonnadan piyoz ajratilgan.

Ozodlikni piyozning egasi kimligi ham qiziqtirdi. Mulozimning aytishicha, piyozning egasi davlatdir.

"Bozor xavfsizligini ta’minlash, narx-navo maromini ushlab turish uchun davlat oziq-ovqat zaxirasi g‘amlaydi va bu piyoz o‘sha zaxiradagi piyoz edi", dedi hokimlik vakili.

Piyoz nega bepul tarqatib-tugatmasa bo‘ladigan darajaga yetib qoldi? Bu holatga uni saqlashni bilmagan mas’uliyatsiz mutasaddilar aybdormi yoki bahorgacha saqlash uchun yetarli shart-sharoit, sovuq omborlar yo‘qmi? Bu savollarga javoban Toshkent shahar hokimligi mulozimi bunday dedi:

- Piyozning o‘z sifatini yo‘qota boshlaganiga bahor erta va issiq kelgani sabab bo‘ldi. Bu yerda mas’uliyatsizlik haqida gapirish ortiqcha. Piyozni saqlashga mas’ul bo‘lganlar o‘z ishini to‘g‘ri bajargan.

Toshkent shahar hokimligi mulozimiga ko‘ra, bepul piyozni tarqatish "4 apreldayoq, qaror qabul qilinishi bilanoq boshlangan".

Ozodlik shahardagi bir necha maktab, xususan, 100-, 102-, 206- maktablar bilan bog‘lanib, 5 aprel kuni bu maktablar hovlisiga bepul piyoz tushirilganini aniqladi.

Bu yil piyoz xor bo‘ldi

O‘tgan yili mamlakatda piyoz juda ko‘p (balki, mutlaqo rejasiz?) ekilgani hosilning zaxiraga g‘amlangan qismi chiriy boshlaganda bilinib qoldi.

Piyoz muammosi nafaqat Toshkent shahri, balki mamlakatning boshqa hududlarida ham kuzatilayotgani Ozodlikka kelayotgan xabarlardan ma’lum.

Masalan, Qashqadaryoda o‘qituvchi va vrachlar eski piyozni bozor narxidan qimmat sotib olishga majburlanayotgani to‘g‘risida Ozodlik 23 martda xabar qilgan edi.

Ko‘karib ketgan piyoz Toshkentda ham o‘qituvchilarga pullanayotgani to‘g‘risida Ozodlik 3 aprelda xabar qildi va ertasiga Toshkent shahar hokimligi piyozni bepul tarqatish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Bozorda nima gap?

Uy bekasi Gulnora opaning 5 aprel kuni Ozodlikka aytishicha, u o‘zi yashaydigan Sebzor mahallasi (Toshkent shahri) guzaridagi baqqoldan yaxshi, ko‘karmagan piyozni bir hafta oldin kilosini 1500 so‘mdan sotib olgan edi.

Bozor-o‘charini Toshkentning Qo‘yliq bozorida qiladigan 38 yashar qassob Shuhratning 5 aprel kuni Ozodlikka aytishicha, shu kunda toza, ko‘karmagan piyoz 800 so‘mdan 1200 so‘mgacha, ko‘karib ketgani esa, 200 dan 500 so‘mgacha sotilmoqda.

Mamlakat bo‘ylab qancha piyoz g‘amlangan edi?

“O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi ma’lumotlariga tayanib, O‘zA axborot agentligi 2017 yilning 29 noyabrida, tizimdagi hududiy ulgurji bazalarda qariyb 200 ming tonna kartoshka, 130 ming tonnadan ortiq piyoz, 84 ming tonna sabzi va 60 ming tonnaga yaqin guruch g‘amlangani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG