Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Suvboshi qishloq hukumati va O‘zbekistonning So‘x tumani Sharhobod qishlog‘i chegaradosh bo‘lgan hududda qirg‘iz fuqarosini kaltaklagan o‘zbekistonliklar qo‘lga olindi.
Suvboshi qishloq hukumati raisi Kudayberdi Ko‘zuevning Ozodlik radiosiga bildirishicha, qishloq hukumati tarkibiga kiruvchi Bo‘zadir, Qorato‘qay va Shirech ovullariga nasos stantsiyasidan suv ochish uchun So‘x tumani hududiga o‘tgan xizmatchiga Sharhobod qishlog‘i aholisi og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.
- Voqea 10 aprelda bo‘lib o‘tgan. So‘x anklavining Sharhobod qishlog‘iga suv ochish uchun borgan xizmatchimizni sharhobodlikdar qattiq kaltaklagan. Hozir kaltaklangan xizmatchimiz Botken viloyat kasalxonasida yotibdi, -dedi Kudayberdi Ko‘zuev
Qishloq hukumati raisining aytishicha, “Shirech” nasos stansiyasi joylashgan yer Qirg‘izistonga qarashli bo‘lsa-da, So‘x anklavining ichkarisida joylashgan.
So‘nggi xabarlarga qaraganda, voqea joyida har ikki tomondan yig‘ilgan olomon to‘planib turibdi, lekin vaziyat O‘zbekiston va Qirg‘iziston militsiyasi xodimlari, chegarachilar tomonidan nazorat qilinmoqda.
Botken tumani va So‘x tumani hokimlari bo‘lib o‘tgan voqeani muhokama qilish uchun 11 aprelda uchrashishgan.
So‘x tumani prokurori Jahongir Fozilov voqeadan norozi bo‘lib chegarada to‘plangan qirg‘izistonliklarga qirg‘iz fuqarosini kaltaklaganlikda gumonlangan 4 nafar so‘xlik qo‘lga olingani va ularga nisbatan tergov boshlanganini aytdi.
O‘zbekistonning So‘x anklavi bilan chegaradosh bo‘lgan Qirg‘izistonning Bo‘zadir, Qorato‘qo‘y, Shiresh qishloqlariga suv O‘zbekistonnign Sharhobod qishlog‘i orqali keladi.
2017 yilning yanvarida bu qishloqlar aholisi Sharhobod qishlog‘i yashovchilari bilan murosaga kelgani va 20 yildan beri tashlandiq bo‘lib yotgan kanalni hashar yo‘li bilan tozalab, 20 yillik suv tanqisligiga barham berganlari haqida Ozodlik radiosi xabar qilgan edi.
So‘x va Botken tumani aholisi o‘rtasida bunga qadar ham bir necha yillar mobaynida “suv urush”lari bo‘lib kelgan.
Masalan, O‘zbekistonning Chashma va Qirg‘izistonning Birlik qishloqlari o‘rtasidagi suv janjali uch yil davom etgan.