Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida shartnoma narxi qariyb ikki baravar ortgani ortidan o‘nlab talaba o‘qish pulini to‘lay olmay bilim yurtidan haydalish xavfi ostida qoldi. O‘tgan oy Universitet o‘qish pulini 15 million so‘mdan birdaniga qariyb 30 million so‘mga ko‘targandi. TXVUda buxgalteriya masalalariga mas’ul mulozimning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda xorijiy valyutalar rasmiy kursining ikki barobar ortgani uchun universitet o‘qish pulini oshirishga qaror qilgan.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan talabalaridan biri o‘qish pulining kutilmaganda ikki baravar ko‘tarilishi o‘zi va ko‘plab kursdoshlarini ancha mushkul ahvolda qoldirganini aytdi:
- O‘tgan yil o‘qishga qabul qilinganimda o‘qish puli 15 million so‘m edi. Hozir esa 30 millionga chiqib ketdi. Bundan hamma norozi. Rektorga ham portalga ham shikoyat qildik, hech kim buni hal qilib bera olmayapti, - deydi TXVU talabasi.
Universitetning boshqa bir talabasi esa o‘qish puli oshgani sabab kontrakt pulini to‘lay olmay, o‘qishdan haydalish xavfi ostida qolganini aytadi.
- Men bu o‘qishga o‘zimni bilimim bilan kirganman. Ota-onamni kontrak pulini to‘lashga qurbi yetmaydi. Oldin bir amallab, qarz qilib to‘lab kelayotgandik. Hozir ikki baravar ko‘tarilib, o‘qish yiliga sal kam 5 ming dolllarga to‘g‘ri kelyapti. Bu pulni men qaerdan olaman, - deydi TXVU talabasi.
Ozodlik talabalarning arzi yuzasidan Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga bog‘landi.
TXVUda buxgalteriya masalalariga mas’ul mulozim Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda so‘mning rasmiy kursi xorijiy valyutalarga nisbatan ikki barobar qadrsizlanishi sabab universitet o‘qish pulini oshirishga qaror qilganini aytdi.
- Universitetni harajatlari oshdi, chetdan pul kelmaydi bizga. O‘quv binosi, yotoqxonani isitish, akademik harajatlar, xodimlar maoshi, hammasi pul turadi. Bundan tashqari Londondagi Vestminster universitetiga shartnomaviy to‘lovlar bor. Shularni hisobga olib, universitet o‘z moliyaviy barqarorligi, istiqboldagi taraqqiyotini o‘ylab, o‘qish narxini oshirishga qaror qildi. O‘zi o‘qish narxi o‘tgan yili oshishi kerak edi. Bir yil ushlab turdik. Chunki davlat kursi 8 mingga ko‘tarilib ketdiku (Tahr: So‘mning dollarga nisbatan kursi), bizda o‘qish puli shartnomada dollarda ko‘rsatilgan edi. Dollardagi narx miqdori 5220 AQSh dollari edi, lekin o‘sha 5220 dollar 40 million so‘mdan ko‘p edi. Hozir shartnomalar so‘mda tuzilyapti, lekin talabalarni o‘ylab 40 million so‘m qilinmadi-da 30 million so‘m qilindi, universitet ziyoniga bo‘lsa ham,- dedi TXVU mas’ul xodimi.
Avval talabalar 5220 dollarni davlat kursida to‘lashgan. Bu so‘mda davlat kursida 15 million so‘m bo‘lgan.
- Biz bankga 15 million so‘m topshirar edik, shu pulni davlat kursida 5220 dollar qilib universitetga to‘lar edik. Hozir shartnoma so‘mda, 30 million so‘m, ikki baravar oshdi, - deydi TXVU talabasi.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti ma’muriyati ayni paytda to‘lovni bir yo‘la o‘tkazish imkoniga ega bo‘lmagan talabalarga ko‘mak berishga harakat qilayotgani va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun turli variantlar taklif etmoqda.
- O‘quv-shartnoma pulini har oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin. Bo‘lib-bo‘lib to‘lashning umumiy narxga ta’siri bo‘lmaydi. Iloji boricha, biz hozir har bir talaba bilan ishlayapmiz, ularni moliyaviy muammolari ni hisobga olib, ularga qulay variantlarni taklif qilyapmiz, - dedi TXVU mas’ul xodimi.
Shu bilan birga Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti mulozimi o‘qish pulini to‘lamagan talaba o‘qishdan haydalishi mumkinligini istisno etmadi.
Lekin, universitetda hozircha o‘qish pulini to‘lamay qolib talabaning o‘qishdan haydalgani holati bo‘lmagan.
O‘tgan yil sentabr oyida O‘zbekiston Markaziy banki 1 AQSh dollari qiymatini 8100 so‘m etib belgilagandi. Ungacha 1 dollar 4210 so‘m bo‘lib kelgan.
So‘mning devalvatsiyasi sabab Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ham mushkul ahvolda qolgani haqda Ozodlik xabar bergandi.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti 2002 yilda Londondagi shu nomli universitet bilan hamkorlikda ochilgan edi.
Bugungi kunda uch mingdan ortiq talaba ayni oliygohda ta’lim oladi.
O‘zbekistondagi boshqa oliygohlardan farqli Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti (Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 16 yanvardagi "Toshkent shahrida Xalqaro Vestminster universitetini tashkil etish to‘g‘risida" qaroriga ko‘ra) to‘liq o‘z-o‘zini moliyalash asosida faoliyat yuritadi.