Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, Sotsial-demokratlar partiyasi raisi Almazbek Atambaev amaldagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning kadr siyosatiga norozilik bildirmoqda.
Deputat: "Biz ham sobiq prezidentga achchiq haqiqatni aytdik"
Atambaev bu haqda 16 aprelda parlamentdagi hukumron sotsial-demokratlar fraksiyasi deputatlari bilan o‘tgan uchrashuv chog‘ida gapirgan.
Uchrashuvda qatnashgan deputat Riskeldi Mombekovning aytishicha, Atambaev o‘zidan keyin hokimiyatga kelgan So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov so‘nggi o‘n kun ichida maxsus xizmat rahbari Abdil Segizbaev va vakolati 2023 yilgacha bo‘lgan bosh prokuror Indira Joldubaevani muddatidan oldin ishdan olganiga norozi bo‘lgan.
-Atambaev boshqa odamlar haqida ham gapirdi, hozir olib borilayotgan kadr siyosatiga norozlik bildirdi. Biroq biz ham Atambaevga u tayinlagan kadrlardan norozi ekanimizni ochiq aytdik. U kishi ko‘p gaplarni eshitishiga to‘g‘ri keldi. Achchiq haqiqatni ochiq aytdik. U kishi bu gaplarning hammasini eshitishga majbur bo‘ldi,-dedi deputat Riskeldi Mombekov.
Yangi prezident Atambaevning eng yaqin va ishonchli odamlarini ishdan oldi
Bundan avvalroq Jeenbekov Atambaevning eng yaqin odamlari bo‘lgan qator shaxslar, jumladan, Farid Niyozovni prezident ma’muriyati rahbari, Bolot Suyumbaevni maxsus xizmat boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlaridan bo‘shatgan edi.
Qizig‘i shundaki, prezident lavozimidan bo‘shatgan Bo‘lo‘t Suyumbaevni Atambaevning shogirdi hisoblanadigan bosh vazir Sapar Isaqov 16 aprelda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlagan.
Atambaev Niyozovni partiyaviy ishdan chetlatgani aytildi
Riskeldi Mombekovning aytiishcha, uchrashuvda sobiq prezidentning eng ishonchli va yaqin odami bo‘lgan Farid Niyozov sha’niga ham tanqidiy gaplar aytilgani ortidan, Atambaev Niyozovni partiyaviy ishdan chetlatib, “Aprel” jamg‘armasi raisligiga tayinlagan.
Maxsus xizmat rahbari Abdil Segizbaev va bosh prokuror Indira Joldubaevaning ishdan olinishi ortidan qirg‘iz jamiyatida bu ikki shaxsni inson huquqlarini buzgani va muxolifatga qarshi hukumatning “siyosiy buyrtmalarini” bajargani uchun javobgarlikka tortish tashabbusi ko‘tarila boshlandi.
Uchrashuvga hukumron partiya deputatlaridan yarmi keldi
Atambaev bilan uchrashuvga hukumron sotsial-demokratlar fratsiyasining 38 nafar deputatidan faqat yarmi kelgan. Amaldagi prezidentning ukasi Asilbek Jeenbekov va yana 18 nafar deputatning bu uchrashuvga kelmaganini siyosatchilar partiyada bo‘linish hamda kelishmovchilik jarayoni boshlangani bilan izohlamoqdalar.
Qirg‘iz parlamentining sobiq raisi Mukar Cho‘lpo‘nbaev bu borada:
-Bu holat partiya ichida ziddiyat kuchayganidan va Atambaevning siyosiy obro‘si tushib borayotganidan darak beradi,-deb fikr bildirdi.
Biroq partiya faollari sotsial-demokratlar orasida bo‘linish yo‘qligini aytmoqdalar.
Atambaev va Jeenbekov o‘rtasidagi "do‘stlikka" darz ketgani iddao qilinmoqda
Qirg‘izistonda olti yillik prezidentlik muddatini o‘taganidan so‘ng 2017 yil kuzida hokimiyatni o‘zidan keyingi saylangan prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovga topshirgan Almazbek Atambaev 3 aprel kuni Sotsial-demokratlar quriltoyida partiya raisligiga saylangan.
Yopiq eshiklar ortida o‘tgan quriltoyda va quriltoydan so‘ng jurnalistlarga bergan suhbatida Almazbek Atambaev yangi prezidentni keskin tanqid qilgan edi.
Mazkur xabar ortidan Atambaev o‘z siyosiy vorisi bo‘lgan Qirg‘izistonning 5-prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan munosabatini buzgani to‘g‘risida qirg‘iz jamiyati va siyosiy doiralarda gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.