Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:41

Toshkent Bosh imomi Anvar qori Tursunov komadan chiqdi


Toshkent Bosh imomi, "Minor" masjidi imomi Anvar qori Tursunov komadan chiqdi. Uning yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu kunda shifoxonada qolayotgan imomning sog‘ligi tiklanmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda, imomning ismini oshkor etishni istamagan yaqinlaridan biri: "Uch kun muqaddam qori akamiz o‘zlariga keldilar, hozir sog‘ligi yaxshilanayapti, inshaalloh, tez orada sog‘ayib ketadilar", deb ma’lumot berdi.

Anvar qori Tursunovning komadan chiqqani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan o‘zbekistonlik shoir Muhammad Ismoil ham, Ozodlik bilan suhbatda: "Ko‘zlarini ochib, odamlarni taniy boshladilar, tez orada sog‘ayib ketadilar, albatta", dedi.

Uning aytishicha, hozircha imomning yoniga faqat oila-a’zolari kiritilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi bosh imomi, 60 yashar Anvar qori Tursunov Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazida sun’iy komada ushlab turilgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Imom shu yilning 5 aprelida og‘ir insultdan so‘ng jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi.

Ozodlik suhbatlashgan shifokor miya to‘qimalari shishishi va nobud bo‘lishi oldini olish uchun bemor sun’iy komaga solinganini bildirgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur "Tursunovning vazifasi vaqtincha uning yordamchisi Davlatiyorov Mirzoiskandar zimmasiga yuklatilgan”ini aytgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasida ishlaydigan mulozim “Anvar qori Tursunov Toshkent shahar Bosh imom-xatibi sifatida salomatligi bois ishlay olmasligi inobatga olingan holda nomzodlar tanlanayotganini” bildirgan.

O‘zbekistonda eng ko‘zga ko‘ringan rasmiy din ulamolaridan hisoblangan Anvar qori Tursunov 2009 yilda Anvar qori suiqasdga nishon bo‘lgandi.

O‘sha yilning 31 iyul tunida uch shaxs Anvar qorini o‘zining uyi yonida 9 joyidan pichoqlagani jinoyat ishi hujjatlarida yozilgan.

Hujumchilar voqea joyidan qochgani ortidan 2009 yilda Toshkentda yirik qidiruv amaliyoti o‘tkazilgan, 70 ga yaqin odam hibsga olingan. Suiqasd buyurtmachilari va jinoyat motivlari haqida hanuzgacha ma’lumot berilmagan.

Anvar qori Tursunov 2015 yil noyabridan boshlab Minor jome masjidida imom-xatib sifatida ishlab keladi.

Tursunov 1958 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1981 yili Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini, 2001 yili Toshkent Islom institutini tamomlagan.

Anvar qori Tursunov mehnat faoliyatini 1981-1984-yillarda “Yoshlik” jurnalida muharrir vazifasidan boshlagan.

1994-1999 yillarda Toshkent shahar, Yashnobod tumani, “Yangiobod” jome masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlagan.

Anvar qori Tursunov 1999 yildan buyon 128ta masjid faoliyatiga mas’ul bo‘lgan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

U 1989-1992 yillarda Qur’oni Karimning birinchi o‘zbekcha izohli tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan.

O‘zbekiston va xalqaro hayotga oid eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli foto-video tasvirlarni Ozodlikning Instagram sahifasida kuzating!

XS
SM
MD
LG