Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida yashovchi, ipak qurti boqayotgan to‘rt nafar fermer iddaosiga ko‘ra, ular tut bargi yetishmovchiligi bois barg izlab Mirzaobod tumaniga borganida¸ militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangan.
Voqea 13 may kuni Mirzaobod tumani Tinchlik mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Bu haqda Ozodlikka gapirgan Guliston tumanida yashovchi 27 yashar Muhiddin Abduvohidovga ko‘ra, u besh nafar sherigi bilan qo‘shni tumanga tut bargi izlab borgan payti ushbu voqea sodir bo‘lgan:
- Fermerning pilla qurtini boqaman. Nafaqat bizning qishloqda, balki tumanimizda tut qolmagan. Biz Chinozdan borib tut olib kelayapmiz, Toshkent viloyatidan. 13 may kuni Mirzaobod tumaniga Bahrom aka degan insondan iltimos qilib, gaplashib, bargini olib, o‘tinini tashlab ketamiz, degan kelishuv bilan barg gaplashdik, to‘rtta fermer yana ikkita yordamchi bilan bordik. Keyin borib, 70 bog‘ bargni kesdik. O‘zimning traktorim telejkasiga barglarni ortib, yo‘lga chiqdik. Oldimizga bir Damas kelib to‘xtadi. “Tut bargini boshqa tumandan kelib, olib ketishga nima haqqingiz bor” deb uchastkavoyni chaqirishdi. Keyin gruppani chaqirdi. Melisalar bir Damas bo‘lib kelishdi, deb hikoya qildi Muhiddin Abduvohidov.
Suhbatdosh iddaosiga ko‘ra, o‘sha kuni u militsiya xodimi tomonidan kaltaklangan:
- Nachalnik melisa keldi-da, “Traktor egasi kim” dedi. “Men” dedim. Keyin “traktorni haydaysan otdelga” dedi. Men “Bargni uyga olib ketishim kerak. Barg yo‘qligidan pilla o‘layapti uyda” degandim, tepib, urib ketdi katta ko‘chada. Keyin qo‘rqqanimdan otdelga haydadim. Melisaxonaning hovlisida ichlarimga tepib tashladi, ko‘kraklarimga, bet-og‘zim, hamma tomonga tepib tashladi. Keyin “Dubinkani olib chiqinglar,” dedi. Dubinkani olib chiqib, basharamga urdi. Labim yorilib, shishib ketgan hozir. Ko‘kraklarim ko‘karib ketgan, deya iddao qilgan Muhiddin Abduvohidov jarohat izlari aks etgan suratlarni so‘zlariga ilova sifatida jo‘natdi.
Abduvohidovning sherigi Zokir O‘ralovga ko‘ra, u ham o‘sha kuni kaltak yegan:
- Nachalnik melisa so‘kib, “Ichkariga olib kirib, bichib tashlayman, xotiningni nima qola olmaysan”, deb bir- ikkita uyat gaplarni ham gapirdi. Bizning traktorchi bola Abduvohidov Muhiddinni Mirzaobod tuman nachalnik melisasi urdi. So‘kib, haqorat qildi. Keyin kelib meni urdi. Biqinimga tepdi. Old tomonim va orqa tomonimga tepdi uch marta. Bir marta ko‘kragimga urdi. Meni dubinka bilan urmadi. Lekin sherigimni basharasiga urdi dubinka bilan, deya iddao qildi Zokir O‘ralov.
Abduvohidov va O‘ralov so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni ular IIBidan chiqqach, tuman kasalxonasiga murojaat qilishgan, u yerda ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga ruxsat berilgan.
Tinchlik mahallasi uchastka noziridan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘sha kuni gulistonlik fermerlarni Mirzaobod tumani hokimligi vakillari ushlagan va uni chaqirishgan:
- Tuman hokimining maxsus qarori bor. Tuman hududidagi tut barglarini boshqa joyga chiqarmaslik haqida. Men shu qarordan kelib, chiqib harakat qildim, deydi uchastka noziri.
Nozir¸ fermerlarning militsiya bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganiga oid iddaolariga¸ boshliqning o‘zidan munosabat so‘rashni taklif qildi.
Mirzaobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Elyor Abdullaev Ozdolik muxbirining fermerlar kaltaklanishi bilan bog‘liq voqea haqidagi savolini eshitishi bilan “Akkreditatsiyasi yo‘q jurnalist bilan gaplashmayman” deb telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.
Muhiddin Abduvohidovga ko‘ra, u 15 may kuni tushdan keyin Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga ariza berib, Mirzaobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i ustidan shikoyat qilgan. Zokir O‘ralov esa hozircha bo‘lib o‘tgan voqea bo‘yicha biror joyga murojaat qilmaganini aytdi.