Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:48

Mirziyoev "o‘zi tarbiyalagan" Andijon hokimidan roziligini bildirdi (VIDEO)


Mirziyoev Andijon viloyatida
Mirziyoev Andijon viloyatida

19 may kuni Andijon viloyatiga safarini boshlagan prezident Mirziyoev Ulug‘nor tumani hokimligida viloyatdagi hokimlik organlari, davlat tashkilotlari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda prezident viloyat hokimiga mutlaq ishonch bildirdi.

Ulug‘nordagi yig‘ilish

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, Ulug‘nor tumanidagi yig‘ilishda prezident 2017 yilda Andijon viloyatida umumiy qiymati 1,5 trillion so‘m bo‘lgan 3 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilgani, ishlab chiqarish hajmi 26 foizga o‘sganini ta’kidlagan.

"Muhimi raqamlar emas, balki fuqarolarimizda ertangi kunga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanayotgani, ularda yaxshi yashash uchun intilish va izlanishning kuchayib borayotganidir", dedi prezident.

Qator raqamlar va misollar bilan Andijon viloyatidagi bir yillik ish sarhisobini keltirgan Mirziyoev viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga alohida to‘xtaldi.

Mirziyoev tarbiyalagan hokim

Ozodlikka ushbu yig‘ilish ishtirokchisidan kelib tushgan audioda Mirziyoev nutqining O‘zbekiston televideniesida namoyish qilinmagan qismi qayd etilgan:

"Men masala qo‘ygan odamni juda yaxshi ko‘raman, hurmat qilaman. Chunki, masala qo‘yishni bilgan odamning 50 foiz muvaffaqiyati bor... Viloyat hokimimizni o‘zim ko‘p tarbiya qilganman, desam to‘g‘ri. Lekin shu tarbiyamga munosib, vatanni sevgan Shuhrat Abdurahmonovga o‘xshagan odamlar Andijonda ko‘payganda edi... Yana bir marta bilinglar, men hokimdan roziman", deb ta’kidladi prezident Mirziyoev viloyat rahbarlari bilan uchrashuvda.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:27 0:00
Бевосита линк

Har ishdan xabardor prezident

Kun.uz nashrining xabar qilishicha, ayni yig‘ilishda prezident viloyatning turli hududlarida bo‘layotgan muammolar o‘sha kuniyoq unga yetib borishi, bu muammolarni yashirishga urinish oqibatlaridan ogohlantirgan.

"Men ish boshlagan birinchi kunimdan hokimlarni yig‘ib: "Bo‘ldi endi. Birovga qaram bo‘lib ishlash yo‘q. Agar oyligim kam deydigan bo‘lsalaring o‘zimni maoshimdan beraman. Lekin, xalqning bir so‘miga xiyonat qilmaysizlar", deganman. Nega prezident qabulxonalarini qoldirdim?! Sababi shuki, hududlardagi kamchiliklar o‘sha kuni kabinetimga yetib boradi. Shuning uchun muammolarga befarq bo‘lmanglar", deya iqtibos keltiradi nashr prezident Mirziyoevdan.

Sobiq bosh prokuror iqrori

Shuningdek, nashrning yozishicha, prezident prokuratura va boshqa kuch ishlatar organlari rahbarlari, shu jumladan sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirovga ishora qilib, ularning qonunbuzarlik faoliyatiga keskin chora ko‘rilayotganini aytgan.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, prezident 2-3 oy ichida sobiq bosh prokuror televideniega olib chiqilishini aytgan.

"Mana, Bosh prokuror (sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov nazarda tutilmoqda - Kun.uz tahririyati izohi.) butun boshli jamoasi bilan qamoqda yotibdi. Million-million dollar topshirib yotibdi. Ikki-uch oy ichida televidenie orqali o‘zini gapirtiraman. Bitta noinsof o‘g‘li milliarder!" deya prezidentdan iqtibos keltirdi nashr.

Askarlar kitobxonligi

20 may kuni prezident Mirziyoev Sulton Jo‘ra mahallasiga bordi.

"Davlatimiz rahbarining o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida belgilangan vazifalar asosida ushbu mahallada beshta, Mustaqillik mahallasida ikkita 7 qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirildi", deb yozdi matbuot xizmati.

Matbuot xizmatining xabar qilishicha, viloyatga safarining ikkinchi kuni - 20 mayda prezident Sharqiy harbiy okrugiga ham borib, "askarlarning qanday kitob o‘qigani bilan qiziqqan".

"Harbiy xizmatchilarning bir daqiqa vaqtiyam bekor o‘tmasligi kerak. Jismoniy mashg‘ulotlar bilan birga har kuni o‘qishi, chet tilini o‘rganishi, dunyoqarashini kengaytirishi zarur. Vatan himoyachisi degan nomga har kuni munosib bo‘lishi kerak", deya iqtibos keltirdi Shavkat Mirziyoevdan matbuot xizmati.

Yana majburiy safarbarlik

Mirziyoevning viloyatga safari arafasida esa Andijon shahri va tumanlarining prezident borishi rejalashtirilgan hududlarda "fuqarolik kiyimidagi militsiya va soliq xodimlari qo‘yilgani, aholiga uydan chiqmaslik tayinlangani" kuzatildi.

Viloyatdagi safarbarlikni, huquq-tartibot idorasi xodimlaridan biri, "xuddi Karimovni kutib olishga o‘xshagan vaziyat. Yo‘llar to‘silgan. Katta ko‘chalarga katta mashinalar qo‘yilib, to‘sildi", deb ta’rifladi.

Bundan tashqari, Andijondagi bir-biridan mustaqil manbalar 18 maydan boshlab Andijon prezident Shavkat Mirziyoev kelishiga to‘liq hozirlik holatiga o‘tgani, viloyatga bosh vazirdan tortib aksar vazirlik rahbarlari yetib borganini xabar qilgan edilar.

So‘kong‘ich hokim taqdiri

​Shuningdek, Ozodlik gaplashgan bir qator andijonlik mulozimlar, prezident safari davomida andijonliklar tomonidan kutilayotgan katta voqea – shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning ishdan olinishi ekanini aytmoqda.

Ammo, so‘kong‘ichligi bilan tanilgan shahar hokimining ishdan olingani yoki unga biror chora ko‘rilgani haqida hozircha Ozodlikda biror ma’lumot yo‘q.

Prezident Mirziyoevning Andijon viloyatiga safari 20 may kuni yakuniga yetdi va shu kuni Toshkentga qaytib bordi.

XS
SM
MD
LG