Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:27

Andijon hokimining so‘kong‘ichligidan beshinchi marta shikoyat keldi. Qonun nima deydi?


Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev
Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev

Andijondan bir rahbarning qo‘l ostidagi tashkilot rahbarlarini juda ham qattiq uyatli so‘zlar bilan so‘kayotgani yozilgan audiofayl Ozodlikka kelib tushdi.

Audioni jo‘natganlarning iddao qilishicha, so‘kinayotgan rahbar o‘tgan yili jarimaga tortilgan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevdir.

Audioni Ozodlikka taqdim etganlarning aytishicha, u 12 iyun kuni kechqurun o‘tkazilgan yig‘ilishdan yozib olingan.

Bu audioyozuvdan anglanishicha, Safarbarlik chaqiruv rezerviga odam topib pulini o‘tkazmagan Andijon shahar pensiya jamg‘armasi boshlig‘i va savdo-sanoat palatasi bo‘limi boshlig‘i audiodagi ovoz egasining qattiq haqorati nishoni bo‘lgan.

Mahalliy tashkilot rahbarlari ularni har bir majlisda haqorat qilayotgan shahar hokimi nega vazifasida qolayotgani taajjubga solayotganini aytmoqda.

Andijon shahar hokimining so‘kong‘ichligi uchun ma’muriy jazo olganidan xabari bor huquqshunosning aytishicha, qonunchilik bo‘yicha prokuratura shu xatti-harakatini takror sodir qilgan shahar hokimi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘ashi lozim.

Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan audiofayldagi Dilmurod Rahmatullaevning ovozi deb ishonilayotgan ovoz, tahririyat ixtiyoridagi hokimning avvalgi ovozlariga o‘xshash.

Bu audioda shahar hokimi Safarbarlik chaqiruv rezerviga odam topib, pul o‘tkazmayotgan ikki tashkilot rahbarini qattiq haqorat qilgani yozilgan.

Audiodan anglanishicha, shahar hokiminiki ekanligi iddao qilinayotgan ovoz egasi avval shahar pensiya jamg‘armasi raisini haqorat qiladi:

“Ana, pensiya(pensiya jamg‘armasi boshlig‘i Saidjon Egamberdiev nazarda tutilyapti – tahririyat) bizgayam, ungayam, bungayam tupurgan. Men uni ustidan siyvoraman, keyin ch...voraman”, deydi hokim.

Ovoz egasining keyingi nishoni O‘zbekiston savdo-sanoat palatasining Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i Saidabbos Abbosov bo‘ladi:

“Ey savdo-sanoat palatasi, iflos. Q...q, g...n! Ishlasang ishla, ishlamasang, poshel na x.y! Yosh bolaga o‘xshaysan, xohlasang kelasan, xohlasang kelmaysan. Ey, iflos, kelsang kel, kelmasang poshel na x.y, s..nmi seni, iflos ey”, deydi shahar hokimi.

Shunda Saidabbos Abbosov majlisga nega kelmagani sababini tushuntirmoqchi bo‘ladi:

- Viloyat savdo-sanoatiga borgandim, aytadigan gapim bor edi-da, viloyatdan oshiqcha nagruzka bo‘lyapti-da.

Ovoz egasi: - Bor o‘sha viloyating bilan ishla, yana aytyapman, boshqa kelma!

Saidabbos Abbosov: - Yo‘q, gap unda emas men...

Ovoz egasi: - Hey, tilingni sug‘urib olib k...tingga tiqib qo‘yaman hozir. Ey iflos, tilingni sug‘urib k...tingga tiqib qo‘yaman! Sen iflos, kelganingdan buyon bitta ham yordam berayotganing yo‘q, kelma, rahbar sifatida ham, inson sifatida ham kerak emassan sen!”

Bu so‘kinishlar aynan shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning og‘zidan chiqqanini ana shu yig‘ilishda ishtirok etgan, bir-biridan mustaqil uchta tashkilot rahbari tasdiqladi.

Bu rahbarlar bilan suhbatlarning audiolari Ozodlikda bor.

Ozodlik Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev bilan bog‘lanishga harakat qildi, lekin uning qo‘l telefoni o‘zgargani bois bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Nega tanqid, jazo va ogohlantirishga qaramay shahar hokimi haqorat qilishda davom etmoqda?

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev o‘tgan yili kuzda paxta terimiga kam odam odam chiqargan tashkilot rahbarlarini qattiq haqorat qilgan va bu haqoratlari uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga 5 million so‘m jarima solingan edi.

Lekin, bu jarimadan so‘ng, joriy yilning fevral oyida Dilmurod Rahmatullaev metallolom topshirig‘ini bajarmagan va bolalar sporti jamg‘armasiga pul o‘tkazmagan rahbarlarni yana “iflos, shakal, tvar, hayvon” kabi so‘zlar bilan tahqirlagan edi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 17 aprel kuni o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish masalasida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida, bir necha hokimga hayfsan e’lon qilib, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevni oxirgi marta ogohlantirayotganini aytgan edi.

Ammo, bu ogohlantirishdan keyin ham Dilmurod Rahmatullaev 15 may kuni obodonlashtirish ishlariga yetarli e’tibor bermagan mahalliy tashkilot rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini "iflos, xudo urgan, maraz, pes, moxov, harom va latta" kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.

Ozodlik tasarrufida bu haqoratlarning hamma audioyozuvlari saqlangan.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev so‘kong‘ichligi uchun jazo olganiga va Bosh vazir tomonidan so‘nggi ogohlantirilganiga qaramay, tashkilot rahbarlarini haqorat qilishda davom etyapti.

Bunga qonun nima deydi?

Ozodlik, o‘zbekistonlik huquqshunoslardan biriga bu masalaga huquqiy baho olish uchun murojaat qildi.

Huquqshunosning aytishicha, ma’muriy jazoga tortilgan mansabdor shaxs, agar bu harakatini yana davom ettirsa, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 140- moddasi bilan javobgarlikka tortiladi.

Bu moddada shunday yozilgan:

“Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.

Huquqshunosning aytishicha, agar mansabdor shaxsning haqoratiga da’vogar shaxs bo‘lmasa ham, bu voqea ommaviy axborot vositalarida yoritilgan bo‘lsa prokuratura jinoiy ish qo‘zg‘atishi shart. Aks holda jinoyatni yashirayotgan hisoblanadi.

Huqushunos bu gapini O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 327-moddasi bilan asoslaydi:

“Muayyan jinoyat to‘g‘risida matbuot, radio va televidenie, hujjatli kinofilmlardagi, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga yo‘llangan, lekin e’lon qilinmagan xatlardagi xabarlar jinoyat ishini qo‘zg‘atishga sabab bo‘ladi”.

Huquqshunosning aytishicha, agar prokuratura bu holatni bilib turib jinoyat ishi ochmasa uning xatti-harakatini O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 2411-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) bilan malakalash mumkin.

XS
SM
MD
LG