Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:26

Afrikada qadimiy baobablar noma’lum sababga ko‘ra qurimoqda


Afrika baobablari.
Afrika baobablari.

Oxirgi 13 yil Afrikadagi qadimiy baobablar uchun o‘ta og‘ir bo‘ldi. Kamida ming yoshga to‘lgan 13 qadimiy daraxtning 9 tasi tanasidan ajradi yoki butunlay quridi. Bu haqda Nature Plants jurnalining 11 iyun kungi sonida xabar qilindi.

O‘simlikshunos olim Sara Venter mavjud dalillar barcha baobablar halok bo‘layotganini ko‘rsatmasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, o‘ta qari daraxtlar qurg‘oqchilikka bardosh bera olmaydi. Venter daraxtlarga kelgan qirg‘inning iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik kabi bir necha sababi bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Baobabdoshlar oilasining Adansonia digitata deb nomlanuvchi turi gullaydigan eng qadimiy daraxtlardandir. Bu daraxtlarning shoxlari ingichka bo‘lib, tomirga o‘xshaydi. Shu sabab ularni ba’zan “teskari daraxt”, deb atashadi. Jigarrang meva soladigan bu baobablardan yegulik sifatida, tibbiyotda va ibodat marosimlarida foydalanib kelinadi.

Ilmiy maqola mualliflariga ko‘ra, 2005 yildan beri eng qadimiy 13 ta Adansonia digitata daraxtining to‘rttasi quridi. Beshtasi esa tanasining katta qismidan ayrilgan.

Panke nomi berilgan eng qari baobab 2010-2011 yillar davomida qurigan. O‘sha paytida u 2500 yoshda bo‘lgan. Qolgan uch daraxt esa 1250-1500 yoshda bo‘lgan.

Maqola mualliflaridan biri Adrian Patrut bu daraxtlar faqat qarigani uchun qurimoqda, degan fikrga qo‘shilmaydi. Unga ko‘ra, daraxtlar o‘limining boshqa sabablari bo‘lishi mumkin. Masalan, janubiy Afrikada havo isib borayotgani bunday sabablardan biri bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Baobablar dunyo bo‘ylab tanilgan bo‘lsa-da, ularning xususiyatlari yaxshi o‘rganilmagan. O‘simliklar ekologiyasi bo‘yicha mutaxassis Yujin Mollning aytishicha, biz hatto bu daraxtlarning tomiri qanday tuzilganini to‘liq bilmaymiz.

XS
SM
MD
LG