Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:32

Turkiyada muxolifat mamlakatni yakkahokimlikdan qutqarish uchun birlashmoqda


Rajab Toyyib Erdo‘g‘on
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on

Turkiyadagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar qudratli prezident tizimini joriy etishni ko‘zda tutar ekan, 24 iyun kuni bo‘lib o‘tajak saylov mamlakat yangi tarixidagi eng muhim saylovga aylanadi.

Saylovda joriy prezident Rejab Toyyip Erdo‘g‘on g‘olib chiqishi oldini olish umidida Turkiyadagi muxolif partiyalar birlasha boshlagan.

Yangi tuzilgan Millat ittifoqi Jumhuriyat xalq partiyasi (CHP) nomzodi Muharram Injeni qo‘llamoqda.

Ittifoq sotsial demokratlar, o‘rta-o‘ng-qanot konservativlar, millatchi liberal konservativlar hamda konservativ islomchilarni o‘z ichiga oladi.

Millat ittifoqidan parlamentga nomzodlar esa parlamentda yetakchilikni qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, 2017 yilgi referendumda qabul olingan konstitutsion o‘zgarishlarni bekor qilish va’dasini bermoqda.

2017 yilning 16 aprelida o‘tgan referendumda konstitutsiyaga o‘zgartishlar qabul qilinib, Turkiya parlament respublikasidan prezident respublikasiga aylandi va Erdo‘g‘onning vakolatlari kengaytirildi.

Ko‘pchilik tanqidiga uchragan referendum shartlari 24 iyungi saylovdan keyin kuchga kuradi.

2017 yilgi referendumda, shuningdek, bosh vazir lavozimi yo‘q qilindi va parlament tomonidan prezident vakolatlarini nazorat qilish mexanizmlari yo‘q qilindi.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar ro‘yxatini Erdo‘g‘onning Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) va u bilan koalitsiya tuzgan Millatchi harakat partiyasi (MHP) tuzgan.

Tanqidchilar referendum ortidan Turkiya avtoritar davlatga aylana boshlaganini aytib keladi.

Keyingi oylarda Erdo‘g‘onni qo‘llovchilar soni ozaydi.

Bunga oqsayotgan iqtisod, prezidentning kurdlarga qarshi keskin siyosati hamda 2016 yildagi muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi urinishi ortidan o‘z siyosiy raqiblariga qarshi ayovsiz kurasha boshlagani sabab bo‘ldi.

Shunday bo‘lsa-da, saylovoldi so‘rovlar Erdo‘g‘on 24 iyungi saylovda qayta saylanishi ehtimoli yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda.

Saylovning birinchi bosqichi natijalari o‘sha kuni ma’lum bo‘ladi.

Ammo u birinchi bosqichda yengish uchun ovozlarning 50 foizidan ko‘pini to‘play olish-olmasligi hozircha noma’lum.

Qarorgohi Vashingtonda bo‘lgan Yaqin Sharq institutining Turkiyani o‘rganish markazi direktori Gonul Tol Ozodlik bilan suhbatda bu yilgi saylov Turkiyani avtoritarizm ilinjidan saqlab qolish uchun so‘nggi imkon ekanligini ta’kidladi.

Tolning aytishicha, saylov ikkinchi bosqichga qoladigan bo‘lsa, Inje g‘alaba qozonishi mumkin. Ammo buning uchun saylov va byulletenlarni sanash qonunbuzarliklarsiz o‘tishi kerak bo‘ladi.

- CHPning muxolif nomzodi ikkinchi bosqichda Erdo‘g‘onni yengishi mumkin, agar u kurdlar ovozlarini to‘play olsa va, menimcha bundanda muhimi, Erdo‘g‘on hukmronligi davridagi diniy erkinliklar o‘z o‘rnida qolishini istaydigan mamlakatdagi diniy konservativlarni o‘ziga og‘dira olsa, - dedi Tol.

Siyosiy tahlilchilar saylovda Erdo‘g‘onning AKP partiyasi partlament boshqaruvini qo‘ldan boy berishi mumkinligini aytmoqda. Buning oldini olish uchun esa byulletenlarni sanash jarayonida qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin.

- Agar Erdo‘g‘on prezident etib saylansa, ammo uning yetakchi partiyasi parlament boshqaruvini qo‘ldan boy bersa, o‘ylaymanki, parlament Erdo‘g‘onni muayyan darajada jilovlab turishi mumkin bo‘ladi, - dedi Tol.

Ammo ishlaydigan demokratik tizimni yo‘lga qo‘yish hamda Turkiyani demokratiya yo‘liga qaytarish juda mushkul bo‘ladi, parlamentni muxlifat boshqargan taqdirdayam.

Ham prezidentlik saylovida, ham parlament saylovida muxolifat qo‘li baland kelsa, Turkiya demokratiyasi uchun ideal holat bo‘lardi.

(Maqola muallifi Ron Sinovitz)

XS
SM
MD
LG