Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:48

Soliqchilar Mirziyoev bergan imtiyozni suiiste’mol qilgan hunarmandlarni tekshirmoqda


O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi hunarmandlarning imtiyozlardan to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri foydalanilayotganini tekshirishga kirishgan.

Qo‘mitadagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, bu tekshiruvlar ayrim tujjorlarning hunarmand niqobi ostida davlat imtiyozlaridan soliqdan qochish maqsadida foydalanayotgani haqidagi ma’lumot ortidan o‘tkazilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim hunarmandlar, tekshiruvlar doirasida bu kabi tujjorlar qolib¸ soliq inspektorlari haqiqiy ishini qilayotgan hunarmandlarni nishonga olayotganidan shikoyat qildi.

Vodiydagi tekshiruvlar

Andijon va Farg‘onadagi hunarmand markazlari 20 iyundan boshlab soliq inspektorlari hunarmandlarning imtiyozlardan naqadar o‘rinli foydalanayotganini tekshirishga kirishgani haqida ogohlantiruv xatlari olgan.

Marg‘ilondagi zargarlik va zardo‘zlik buyumlariga ixtisoslashgan hunarmanlik markazi rahbari Elbek Muhammadyorov shunday ogohlantiruv xati olganlardan biri.

- Bular hozir soliqdan qochish uchun hunarmandlik guvohnomasini olib, tijoratchilik bilan shug‘ullanayotganlarni qidirmoqda. Marg‘ilondagi har ikki do‘konning biri hunarmand deb ro‘yxatdan o‘tgan - deydi Muhammadyorov.

Farg‘onalik hunarmandlar olgan ogohlantiruv xati.
Farg‘onalik hunarmandlar olgan ogohlantiruv xati.

Prezident bergan imtiyoz suiste’mol qilinmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning 17 noyabr kuni “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzolagan edi.

Ayni farmonga muvofiq hunarmandlar daromad va boshqa soliqlar, jumladan hunarmandchilik faoliyati mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishda soliq to‘lovidan to‘liq ozod etildi.

Respublika Soliq qo‘mitasining Ozodlik gaplashgan mulozimi, prezident farmoni ortidan davlat ro‘yxatidan hunarmand sifatida qayd qilinib, davlatga soliq to‘lamagan holda tijoriy ish bilan shug‘ullanayotganliklar ko‘paygani¸ shunday tekshiruvlarga asos bo‘lganini bildirdi.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan bu mulozimga ko‘ra¸ birgina Farg‘onaning Marg‘ilon shahrida 550 ga yaqin hunarmand tashkiloti ro‘yxatga olingan bo‘lsa, shundan 246 tasining hunarmandlikka to‘g‘ri kelmaydigan ish bilan shug‘ullangani aniqlangan.

"Duradgor-hunarmand sifatida ro‘yxatga olinayapti, hech narsa ishlab chiqarmasdan¸ Xitoydan mebel olib kelib sotayapti va hunarmandlarga berilgan imtiyozlarni pesh qilib¸ foydadan davlatga soliq to‘lamayapti. Bunaqalar juda ko‘payib ketdi. Hozir shu holatlarni tekshirayapmiz. Aniqlansa¸ imtiyozlarini bekor qilayapmiz", - dedi Soliq qo‘mitasining Ozodlik gaplashgan mulozimi.

Soliq tekshiruvlari butun respublika miqyosida o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi matbuot kotibi Nilufar Hotamova hunarmandlarga berilgan imtiyozlardan noo‘rin foydalanish holatlari butun respublika bo‘ylab ko‘payganini tasdiqladi:

- Tekshirishayapti. Boshida hunarmandman, milliy kiyim tikaman, deb guvohnamani olayapti. Bir-ikki oy o‘tgandan keyin¸ Xitoydan kiyim olib kelib, do‘konini to‘ldirib tashlayapti, soliq to‘lamayapti. Bularning dastidan haqiqiy hunarmandlar ziyon ko‘rayapti, - dedi Nilufar Hotamova.

"Tujjor qolib¸ hunarmandni ovora qilishayapti"

Marg‘ilondagi zargarlik va zardo‘zlik buyumlariga ixtisoslashgan hunarmanlik markazi rahbari Elbek Muhammadyorov soliq idoralari bunday tujjorlar qolib¸ haqiqiy hunarmandlar ishiga noqonuniy aralashayotganidan shikoyat qildi:

- Bizda 100 foiz hunarmandlik mahsulotlari. Lekin, soliqdan kelib, bizni ovora qilishayapti. Do‘kon ochib, hunarmandman, deb Xitoyning molini sotayotganlarga indamaydi, bizga tegadi. Tekshiraversin, lekin tekshiruvlar xolis o‘tkazilsin-da, - deydi Muhammadyorov.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida hunarmandlarga soliqdan ozod qilishdan tashqari ham ko‘pgina boshqa imtiyozlar berilgan.

Farmonga muvofiq hunarmandlar Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ham ozod etilgan.

Qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘laydilar xolos.

O‘tgan oy xorazmlik bir guruh hunarmandlar Ozodlikka murojaat qilib, Xivadagi tarixiy obidalar ichida tujjorlar aroq do‘koni, telefon ustaxonasi, Paynet ochganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG