Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:26

Samarqandda uyi buzilayotgan hissadorlar hokimiyatdan tovon talab qilmoqda


Samarqandda uyi buzilishini aytayotgan ayol
Samarqandda uyi buzilishini aytayotgan ayol

Samarqandning YUNESKO himoyasidagi Mironshoh ko‘chasida tiklanayotgan 7 qavatli uydan kvartira sotib olgan hissadorlar shahar hokimiyatdan tovon puli talab qilishdi.

Uyi buzilganidan norozi bo‘lgan 26 xonadon hissadorlari ana shunday talab bilan 28 iyun kuni Samarqand shahar hokimligi binosi oldiga to‘planishdi.

Norozilardan bir ularni shahar hokimi Furqat Rahimov qabul qilganini aytdi.

Unga ko‘ra¸ shahar hokimi “YuNESKO himoyasida bo‘lgan hududda qurilgan bu uyning buzilishi haqida uzil-kesil” qaror qabul qilingani aytgan va “Barcha e’tiroz uy qurilishini amalga oshirgan tadbirkor Umar Rajabovga” qaratilishi zarurligini bildirgan.

Bino qurishga kim izn bergan edi?

Rajabov muassisi bo‘lgan "Umar" shirkati vakili esa imoratni "shahar hokimligi bergan qaror asosida" qurganini Ozodlikka bildirdi.

"Qurilish shahar hokimi imzo chekkan qaror asosida boshlangan va hokimning 20 iyundagi qarori bilan to‘xtatilgan, - dedi "Umar" shirkatining vakili. - Bu xolatda shirkat ham oddiy hissadorlar ham qurilishga izn bergan hokim qurboniga aylanishdi. Shirkat hissadorlar mablag‘ini qurilishga butkul sarf qildi va o‘z sarmoyasiini ham qo‘shdi. Yuzaga kelgan holatda shirkat bankrot holatiga keldi".

Ammo, Samarqand shahar hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha,
"Umar" shirkatiga Mironshoh ko‘chasida turarjoy qurishga izn berilmagan:

-"Umar" shirkatiga Mironshoh ko‘chasida ikki qavatli savdo markazi qurishgagina izn berilgan qarorga oldingi hokim Vohid Sanaqulovich imzo chekkan. (2017 yilning 21 avgustida ishdan olingan Samarqand shahar hokimi Vohid Rahimov - tahr.) E’tibor bersangiz, faqat ikki qavatli savdo markazi qurishga izn berildi. Yetti qavatli turar joy qurish uchun emas. Shularni inobatga olib, Furqat Jalolovich (Samarqand shaxrining joriy hokimi Furqat Rahimov - tahr.) 20 iyun kuni qurilishni to‘xtatish borasida qaror chiqardi. 23 iyun kuni Bosh vazirning o‘zi borib bu masalani razbor qildi. Binoning YUNESKO himoya zonasida noqonuniy qurilgani va ikki qavatli magazin o‘rniga yetti qavatli turar joy ruxastsiz qo‘yilganini aniqlagan Abdulla Nig‘matovich "zudlik bilan buzib tashlang!" deb buyurdi¸" dedi shahar hokimi mulozimi.

Samarqandda buzilayotgan uy
Samarqandda buzilayotgan uy

Hokimlik qurilishdan bexabar bo‘lganmi?

Ozodlikning bu savoliga hokimlik vakili binoining pastqamlikda joylashgani va shahar kattaligi bois butun qurilish jarayonini nazorat qilish mushkulligini aytish bilan chegaralandi.

Samarqand viloyat Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish boshqarmasi vakili esa YUNESKO himoyasida bo‘lgan Mironshoh ko‘chasida olib borilayotgan noqonuniy qurilish haqida viloyat prokuraturasiga taqdimnoma bilan chiqqanligini bildirdi.

26ta oila pulidan ayrildi

Mavzuni o‘rganish jarayonida samarqandlik tadbirkor¸ “Umar” shirkati asoschisi Umar Rajabov qonunga zid tarzda Samarqandning YuNESKO himoyasidagi qismida yetti qavatli turar joy qurgani aniqlandi.

Hali bitmagan bino kvartiralarni esa 26 oila sotib olgan.

Ular bu kvartiralarning har kvadrat metriga 3 milliondan 6 million so‘mgacha pul to‘lashgan.

Ozodlik suhbatlashgan Samarqand shahar hokimligi huquqshunosiga ko‘ra¸ bu hissadorlarning pulini "Umar" shirkati qaytarishga majburdir.

Hissador prezidentga murojaat qildi

28 iyunda Samarqanddagi buzilayotgan uyning oltinchi qavatidan kvartira sotib olgan Yelena Susanina O‘zbekiston prezidentiga video murojaat bilan chiqdi.

Facebookda e’lon qilingan bu videomurojatida Susanina “yaxshi uyda yashash orzusi va puldan" ajraganini ko‘zida yosh bilan so‘zlab beradi.

Susanina mamlakat prezidentidan bu uyni buzmaslikni so‘raydi.

Bosh vazir buyrug‘i

Matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozlar ortidan 23 iyun kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning shaxsan o‘zi Samarqandga borib¸ tarixiy joyda iznsiz qurilgan imoratlardan birini buzishga buyruq bergan edi.

Samarqand viloyat hokimiyatining kapital-qurilish bo‘limida ishlaydigan muhandisning 27 iyun kuni Ozodlikka aytishicha¸ shu kunlarda buzilayotgan bu uy bundan uch yil oldin tadbirkor Umar Rajabov tarafidan qurib boshlangan:

- Abdulla Nig‘matovich kelib ko‘rgan paytida bu uyning yetti qavati bitgan edi. Temir beton uy ko‘tarma kran yordamida YUNESKO himoyasidagi tarixiy hududda qonunga zid qurilayotganligini ko‘rgan Bosh vazir zudlik bilan uyni buzishga buyruq berdi. Hozir komxoz xodimlari buzishga kirishdi¸ - dedi muhandis.

Samarqand viloyat hokimi yordamchisi Botir Abdullaevning 27 iyun kuni Ozodlikka bildirishicha¸ YUNESKO himoyasida bo‘lgan hududda o‘zboshimchalik bilan uy qurgan tadbirkor Umar Rajabov Bosh vazirning buyurmagunga qadar hokimiyat va sud ijrochilari qarorini pisand qilmagan:

- Samarqand shahar hokimligi bu tadbirkorni sudga bergan edi. Sud uy buzilsin, deb qaror chiqardi. Ammo bu tadbirkor sud qarorini pisand qilmadi. 20 iyun kuni Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov shaharning Yevropa qismida joylashgan YUNESKO himoyasidagi hududda qurilayotgan 34 ta ob’ekt qurilishni to‘xtatish haqida qaror chiqardi. Umar Rajabov qurayotgan uy ham bu ro‘yxatda bor. Lekin Rajabov qurilishni to‘xtatgani yo‘q. Bu bepisandlikka Bosh vazir Abdulla Nig‘matovich chek qo‘ydi¸ - dedi Botir Abdullaev.

Ko‘p qavatli imorat Samarqandning yevropa qismi uyg‘unligiga putur yetkazgani aytilmoqda
Ko‘p qavatli imorat Samarqandning yevropa qismi uyg‘unligiga putur yetkazgani aytilmoqda

Bosh vazirdan tortib oddiy blogergacha aralashgan Samarqand tarixiy qismidagi iznsiz qurilishlar masalasi Bahrayn poytaxti Manamada YUNESKO Shahrisabz tarixiy markazini Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatidan o‘chirish masalasini ko‘rayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Anjumanda 10 foizi vayron qilingan Shahrisabzning kuni Samarqandga ham tushmasligi yuzasidan xavotirlar bildirildi.

XS
SM
MD
LG