Andijon shahridagi 2-o‘rta maktabning 6-sinf o‘quvchisi 29 iyun kuni o‘z uyida osilgan holda topildi. U o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda. Oilasidagi yagona farzand, 13 yoshli bolaning nega o‘z joniga qasd qilgani sababi ma’lum emas.
Ozodlik muxbiri Andijon shahrida yuz bergan fojia tafsilotlarini aniqlash uchun 2-o‘rta maktabga qo‘ng‘iroq qildi.
Maktabning ma’naviyat va ma’rifat masalalariga mas’uli o‘quvchisi o‘zini osib qo‘yganini eshitib, shokka tushganini aytdi.
- A’lochi bola edi. Nimaga bunday qilganini hech tushunmayapmiz. Oilasida yagona farzand edi. Onasi uzoq farzand ko‘rolmay tuqqan bolasi edi. Hech tushunolmay qoldik, - dedi maktab mas’uli.
2-o‘rta maktabning Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchilaridan yana biri S.da hech qachon tushkun kayfiyat kuzatmaganini aytdi.
- Zo‘r bola edi. Oilasi boy. Otasi Ulug‘nor tumanining sudyasi. Kecha uyida hech kim bo‘lmagan paytda bo‘lgan, podvalida osib qo‘ygan, deyishyapti. Hayron qoldik, eshitib, - deydi o‘qituvchi.
Andijon shahar Ichki ishlar bo‘limi mulozimi Ozodlikka S.ning o‘limi yuzasidan tergov olib borilayotgani va tergov vajidan bu haqda ma’lumot berolmasligini aytdi.
Bu O‘zbekistonda maktab o‘quvchisining o‘zini osishi bilan bog‘liq uch oy ichida Ozodlik aniqlagan to‘rtinchi holatdir.
18 may kuni Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumani Qo‘qonovul mahallasida 54-sonli maktabning 9 sinf o‘quvchisi F.J o‘z uyining yerto‘lasida osgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.
3 may kuni Toshkentning Yashnobod tumanidagi 69-son maktab o‘quvchisi o‘z uyida osilgan xolda topilgandi.
17 aprel kuni esa Samarqand tumani 45-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi o‘z uyi molxonasi ustuniga o‘zini osgani haqda qo‘shnilari Ozodlikka ma’lum qilgandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham o‘tgan yil hukumat majlisida"o‘z joniga qasd qilish holatlari soat sayin ortib borayotgani"ni aytgandi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 soniyada 1 kishi o‘zini o‘ldirishi barobarida 20 kishi o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.