Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:42

Peterburg metrosini portlatishga Suriyada jang qilayotgan o‘shlik Abu Saloh buyruq bergani iddao qilinmoqda


“Tahvid val Jihod katibasi”ning Abu Saloh laqabi bilan tanilgan lideri Sirojiddin Muxtorov. Fotosurat O‘sh viloyat militsiyasi tomonidan taqdim etildi.
“Tahvid val Jihod katibasi”ning Abu Saloh laqabi bilan tanilgan lideri Sirojiddin Muxtorov. Fotosurat O‘sh viloyat militsiyasi tomonidan taqdim etildi.

Sankt-Peterburg metrosida 2017 yilning 3 aprelida amalga oshirilgan portlashlarni sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan 11 nafar o‘zbek yangi ayblovga asosan “Tahvid val Jihod katibasi”ga a’zo bo‘lganlikda gumonlanmoqda.

Петербург метросини портлатишга Сурияда жанг қилаëтган ўшлик Абу Салоҳ буйруқ бергани иддао қилинмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:04 0:00

Moskva sudida metrodagi portlashni uyushtirganlikda gumonlangan o‘zbeklarga yangi ayblov bildirildi

Moskva shahar sudi 2017 yilning 3 aprelida Sankt-Peterburg metrosida portlashlarni sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan o‘zbeklarga yangi ayblov bildirdi.

Yangi ayblovga asosan portlashga aloqdor ekanlikda gumonlanib qo‘lga olingan 11 nafar o‘zbek “Tahvid val Jihod katibasi”ga a’zo bo‘lgani iddao qilinmoqda. Bunga qadar ular faqat terrorchilik va noqonuniy qurol savdosida ayblanayotgan edi.

2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosidagi portlashni kelib chiqishi Qirg‘izistonning O‘sh shahridan bo‘lgan Rossiya fuqarosi, 22 yoshli “xudkush Akbarjon Jalilov sodir etgani” iddao qilingan edi. Bu ishga aloqadorlikda ayblanib, millati o‘zbek bo‘lgan jami 11 odam qamoqqa olingan.

Portlash oqibatida 16 odam halok bo‘lgan, yuzdan ortiq odam jarohatlangan.

Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa ham birorta guruh rasman mazkur hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan emas.

Biroq negadir Rossiya va Qirg‘iziston matbuoti birorta guruh rasman mazkur hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaganini o‘z xabarlarida eslatishdan tiyiladilar.

“Tahvid val Jihod katibasi” va Abu Saloh

Ayni paytda Rossiya Tergov qo‘mitasi Peterburg metrosidagi portlash buyurtmachisi “Tahvid val Jihod katibasi” lideri, kelib chiqishi qirg‘izistonlik bo‘lgan va Abu Saloh laqabi bilan tanilgan Sirojiddin Muxtorov ekanini aytmoqda.

Qirg‘iziston kuchishlatar tuzilmalari 28 yoshdagi Sirojiddin Muxtorov O‘sh viloyati Qorasuv tumanidagi Qashqarqishloqda yashaganini tasdiqlaydilar.

Sirojiddin Muxtorov qo‘mondonlik qilayotgan “Tahvid val Jihod katibasi” 2017 yilning 17 martida O‘sh shahar sudi qarori bilan Qirg‘izistonda faoliyati taqiqlangan ekstremistik guruh sifatida ro‘yxatga olingan.

O‘sh viloyat militsiyasi rasmiysi Jenish Ashirbaev Abu Saloh Qirg‘izistonni 2013 yilda tark etganini bildirdi:

​- U Markaziy Osiyodan Suriyaga borgan turkiylarning lideri sifatida tanilgan. U juma namozlarida diniy nuqtai nazardan to‘g‘ri bo‘lmagan g‘oyalarni, Qirg‘izistonda taqiqlangan terror tashkilotlarining mafkurasini targ‘ib qilgani ortidan dindorlarning qattiq qarshiligiga uchrashi ortidan Qirg‘izistonni tark etgan,- dedi Jenish Ashirbaev.

Abu Salohga qo‘yilayotgan boshqa ayblovlar

O‘sh viloyat militsiyasi rasmiysi Jenish Ashirbaev Qashqarqishloqda 2015 yilda “Ahmadiy” oqimiga mansub bir fuqaroning o‘ldirilishi holatini ham eslab o‘tdi. Uning aytishicha, O‘sh militsiyasida mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu fuqaroni o‘ldirish to‘g‘risida shaxsan Sirojiddin Muxtorov ko‘rsatma bergan.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi 2016 yilning 30 avgustida Bishkekdagi Xitoy elchixonasiga qilingan hujum Sirojiddin Muxtorov buyrug‘i asosida amalga oshirilgan, deb bildirgan.

2016 yilning 30 avgustida hudkush “Mitsubisi Delika” avtomashinasida ertalab 9dan 40 minut o‘tganda o‘zini Bishkekning Xitoydagi elchixonasi oldida portlatib yuborgan edi. Portlash oqibatida uch nafar qirg‘izistonlik yarador bo‘lgan, elchixona binosi va atrofdagi uylargaga zarar yetkazilgan.

2017 yilning sentyabrida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Sirojiddin Muxtorov buyrug‘i bilan Qirg‘izistonda terror uyushtirmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida ma’lumot tarqatgan.

Sirojiddin oddiy dehqon oilasidan

O‘sh viloyati Qorasuv tumani Qashqarqishloq qishloq hukumati raisi o‘rinbosari Matazim Abdildaev Sirojiddin Muxtorov oddiy dehqon oilasida tug‘ilib o‘sganini aytdi.

Unga ko‘ra, bugungi kunda uning ota-onasi, qarindoshlari va qo‘ni-qo‘shnilari ma’naviy jihatdan juda qiyin vaziyatda qolgan.

-Biz uning mahallasida tushuntirish ishlarini olib borganmiz.O‘shanda uning yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilar bizga “Tushuntirish ishlarini olib borishni ham to‘xtatinglar, shundoq ham el-yurt oldida sharmanda bo‘ldik, bosh ko‘tarib yurolmay qoldik”, deb aytishdi. Sirojiddin Muxtorov oddiy dehqon oilasining farzandi, - dedi Matazim Abdildaev.

Ozodlik radiosi Sirojiddin Muxtorovning oila a’zolaridan ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi. Biroq Abu Saloh tarixini o‘rgangan Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri Sanjar Eralievning aytishicha, Sirojiddin Muxtorovni yaqindan bilgan odamlarning ayrimlari “Sirojiddin radikal guruhlar tuzog‘iga tushib qolgan bo‘lishi ehtimol, biroq kuchishlatar tuzilmalar tafsilotlarni to‘liq o‘rganmay, uni yomonotliq qilayotgan bo‘lishlari ham mumkin”, degan fikrdalar.

“Tahvid val Jihod katibasi”

“Tahvid val Jihod katibasi” Suriyada jang qilayotgan o‘zbeklardan iborat guruh ekani aytiladi. Guruh a’zolarining aksar qismi qirg‘izistonlik o‘zbeklar ekani taxmin qilinadi.

2014 yilda guruh yetakchisi – asli o‘shlik Abu Saloh “Jabhat an-Nusra” va bu guruhning onasi bo‘lgan – “Al-Qoyda”ga bay’at berganini e’lon qilgandi.

Mazkur guruh Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatida faol. Halqaro tahlil markazlari, Suriya va Iroqdan olingan xabarlarga qaraganda, “Tahvid val Jihod katibasi” muntazam ravishda “Jabhat an-Nusra” safida turib jang qiladi.

XS
SM
MD
LG