Tereza Mey hukumatida davom etayotgan bo‘hron yanada chuqurlashdi va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson ham o‘z iste’fosini e’lon qildi.
Jonsonning iste’fosi¸ Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish jarayonidagi bosh muzokarachisi David Devis iste’fosidan bir necha soat o‘tib e’lon qilindi.
“Bugun kunning ikkinchi yarmida Bosh vazir Boris Jonsonning Tashqi ishlar vaziri lavozimidan iste’foga chiqish arizasini ma’qulladi”¸ deyiladi Tereza Mey idorasi e’lon qilgan bayonotda.
Norasmiy nomi Brexit vaziri deb atalgan Britaniyaning YeIdan chiqishdagi bosh muzokarachisi Devis¸ Tereza Meyning qizg‘in bahslardan so‘ng kabinet tomonidan ma’qullangan strategiyasini tanqid qildi va 9 iyul kuni iste’foga ketganini e’lon qildi.
Bundan ikki kun oldin Mey kabinetidagi raqib fraksiyalar Bryussel bilan muzokaralarni qayta jonlantirish uchun Bosh vazir rejasini qo‘llagan edi.
Devis Meyga yozgan maktubida o‘z iste’fo qaroriga asos bo‘lgan e’tirozini ifodalab:
- Siyosatning ushbu umumiy yo‘nalishi nari borsa bizni muzokaralardagi kuchsiz tarafga aylantiradi, balki bu ahvoldan chiqa olmay qolishimizga olib keladi¸ deb yozdi.
Vazir juma kuni erishilgan kelishuv Parlament boshqaruvini “xomxayolga” aylantirishini qo‘shimcha qilgan.
Britaniya matbuoti Brexit bo‘yicha vazir yordamchilari Stiv Beyker bilan Suella Braverman ham iste’foga chiqqanini xabar qildi.
Devis Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqqandan keyin ham ittifoq bilan erkin savdoni saqlab qolish rejasiga qarshi chiqib keladi. Uning aytishicha, bu reja Britaniya iqtisodining aksar sektori ustidan boshqaruvni YeI qo‘liga topshiradi.
Mey Devis xatiga javoban o‘z rejasi Britaniyani Yevropa umumiy bozori hamda Yevropa bojxona ittifoqidan chiqarish maqsadiga muvofiq ekanligini ta’kidladi.
- Kelishgan siyosatimizga bergan ta’rifingizga qo‘shilmayman. So‘nggi ikki yil ichida davlat kotibi lavozimida YeIdan chiqishimizga qo‘shgan hissangiz uchun chin dildan minnatdorchilik bildiraman¸ deyiladi Bosh vazir javobida.
Devis bundan ikki yil oldin yangi tuzilgan Yevropa Ittifoqidan chiqish departamenti yetakchisi etib tayinlangan edi. 2016 yil Britaniyada mamlakatning YeIda qolish-qolmasligi bo‘yicha referendum o‘tkazilgan, unda saylovchilarning 52 foizi Britaniyaning ittifoqdan chiqishini qo‘llab ovoz bergandi.
Devis Brexit vaziri o‘laroq Bryussel bilan olib borilgan muzokaralarga boshchilik qildi. Ammo keyingi oylarda Mey va uning yordamchilari muzokaralarda yetakchi rol o‘ynay boshladi.
Xabarlarga ko‘ra, Devis muzokaralarda Britaniya o‘z pozitsiyasida mahkam turmayotganini aytib, bir necha marta iste’fo berish bilan tahdid qilgan.
Bosh vazir Mey dushanba kuni parlament oldida chiqish qilib, Britaniya ittifoqdan chiqqandan keyin YeIning savdo bo‘yicha qoidalariga amal qilishi haqidagi rejasini himoya qiladi. Vazirning o‘z partiyadoshlari orasida bu rejaga qarshilar bor.
9 iyul kuni Meyning Devis o‘rnini kim egallashini e’lon qilishi kutilmoqda.
Bosh vazir rejasi YeI bilan mahsulotlar savdosini erkin qoldirib, xizmat ko‘rsatish sohasi boshqaruvini Britaniya qo‘lida saqlab qolishni ko‘zda tutadi.
Rasmiy Bryusselning bu taklifga rozi bo‘lishi yoki yo‘qligi hozircha noma’lum. YeI Britaniya Yevropa umumiy bozorining faqatgina ayrim shartlarini saqlab qolishiga yo‘l berilmasligini aytib keladi.
69 yoshdagi Devis 1994-97 yillarda Britaniyaning Yevropa vaziri lavozimida ishlagan. 2005 yilda Konservatorlar partiyasi yetakchiligiga asosiy nomzodlardan biri bo‘lgan, ammo Devid Kemeronga mag‘lub bo‘lgan.